O'zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari hamkorlikni kengaytiradi.
Toshkentda 10 aprel kuni O'zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari hukumatlari delegatsiyalari o'rtasida yig'ilish boshlandi.
O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Birlashgan Arab Amirliklari hukumat va kelajak ishlari vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Qarqaviy raislik qilgan yig'ilishda ikki mamlakatning mas'ul vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
So'nggi yillarda mamlakatlarimiz o'rtasidagi siyosiy muloqot faollashib, o'zaro manfaatli hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning joriy yil 24-26 mart kunlari Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlik ko'lamini kengaytirishda yangi bosqichni boshlab berdi.
Tashrif davomida qator hukumatlararo va idoralararo kelishuvlar, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda umumiy qiymati 10 milliard AQSH dollaridan ortiq bo'lgan hujjatlar imzolandi. Mazkur hujjatlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, innovatsion, harbiy-texnik va madaniy-gumanitar sohalar bo'yicha ikki tomonlama munosabatlarni yanada faollashtirishga asos bo'lib xizmat qiladi.
Bugungi kunda barcha kelishuvlarni hayotga tatbiq etish bo'yicha faol ish olib borilmoqda.
Yig'ilishda Birlashgan Arab Amirliklarining davlat boshqaruvi tizimidagi erishgan yutuqlarini O'zbekistonda tatbiq etish masalasi ko'rib chiqildi. Ikki davlat o'rtasida O'zbekiston davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va mamlakat taraqqiyotining milliy strategiyasini yaratish yuzasidan o'rta va uzoq muddatlarga mo'ljallangan hamkorlik dasturi loyihasini ishlab chiqish va uni amalga oshirish masalasi muhokama qilindi. Mazkur hamkorlik dasturida hukumat akseleratori, innovatsiya, davlat boshqaruvi va xizmatlari sifati, milliy strategiya, hukumat qarorlarining ijro tizimi samaradorligi, rahbarlar tarkibini shakllantirish va kadrlar zaxirasini yaratish kabi masalalar bo'yicha tegishli strategiyalar ishlab chiqish rejalashtirilgan.
– Biz O'zbekistonga jahon sivilizatsiyasiga katta hissa qo'shgan va bugungi kunda ham jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatida qaraymiz, – dedi Muhammad bin Abdulloh al-Qarqaviy. – Yurtingiz keyingi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash va davlatning xalqaro miqyosdagi obro'sini mustahkamlash borasida erishayotgan yutuqlari bundan dalolat beradi. Prezident Shavkat Mirziyoevning yaqinda BAAga amalga oshirgan tashrifi mamlakatlarimiz munosabatlarida tarixiy sahifa ochdi. Biz O'zbekiston bilan ko'plab sohalarda hamkorlik qilishga ahd qildik.
Tadbirda ikki mamlakat o'rtasidagi istiqbolli hamkorlikni yanada kengaytirish, ishchi guruhlar tuzish va ularning faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan fikr almashildi va ikki tomonlama hamkorlik uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta'kidlandi.
Birlashgan Arab Amirliklarining davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish borasidagi islohotlariga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi.
Kunning ikkinchi yarmida ikki tomonlama ishchi guruhlarni belgilangan yo'nalishlar bo'yicha G2G formatdagi uchrashuvlari tashkil etildi.
Birlashgan Arab Amirliklari hukumati delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi davom etmoqda.
11.04.2019
09:41