O'z SSP da O'zbekiston va Italiya biznes-forumi hamda uning doirasida ikki mamlakatning ishbilarmon doira vakillari bilan «В2В» formatidagi uchrashuv bo'lib o'tdi.
O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O'zbekiston Respublikasining Italiyadagi elchixonasi hamda Italiyadagi xorijiy kompaniyalarni ilgari surish va xalqarolashtirish agentligi (ITA) tomonidan O'zbekiston va Italiya o'rtasida o'zaro savdo iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish maqsadida 2019 yil 16 aprel kuni O'zbekiston va Italiya biznes-forumi hamda uning doirasida ikki mamlakatning ishbilarmon doira vakillari bilan «В2В» formatidagi uchrashuv bo'lib o'tdi.
Italiya delegatsiyasi tarkibidan qishloq xo'jaligi maxsulotlarini qayta ishlash uskunalarini ishlab chiqarish, farmatsevtika, kimyo, oziq ovqat va kandolatchilik maxsulotlarini qadoqlash, savdo, ko'rgazma va yarmarkalar tashkil etish hamda boshqa sohalarda faoliyat ko'rsatayotgan 10 ta yetakchi kompaniya vakillari o'rin olgan.
Forum davomida Italiya delegatsiya vakillari O'zbekistonda investitsion muhitni yanada yaxshilash, iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.
Ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirokidagi «В2В» uchrashuvida O'zbekiston va Italiya o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, jumladan, ikki mamlakat korxonalarining hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirish bo'yicha o'zaro fikr almashildi. Unda 50 ga yaqin mahalliy va yetakchi tadbirkorlik sub'ektlari ishtirok etdilar.
Ta'kidlash joizki, 2018 yilda ikki davlat o'rtasidagi o'zaro tovar aylanmasining hajmi 303,2 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. Shundan, 25,8 mln.doll. AQSH dollari eksport, 277,4 mln. AQSH dollari importga to'g'ri keladi.
Eksport mahsulotlari tarkibiga asosan xizmatlar, ip va matolar, paxta, quritilgan mevalar kiradi.
Import mahsulotlari esa mexanika va elektrotexnika, avtomobil ehtiyot qismlari, plastmassa buyumlari, farmatsevtika va to'qimachilik mahsulotlari, shuningdek, qurilish materiallaridan iborat.
Bugungi kunda O'zbekistonda Italiya sarmoyasi ishtirokida 33 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Jumladan, 4 korxona 100% Italiya kapitali asosida tashkil etilgan. Faoliyatining asosiy yo'nalishlari alkogolsiz ichimliklar, sharob, shisha idishlar, parfyumeriya, muzqaymoq, trikotaj, iste'mol tovarlari, paxta chiqindilarini qayta ishlash, savdo-sotiq, xizmatlar.
O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida 5 ta Italiya firma va kompaniyasining vakolatxonalari, shuningdek, Italiya-O'zbekiston savdo palatasi akkreditatsiyadan o'tgan.
O'zb SSP Axborot hizmati
16.04.2019
17:04