Toshkent shahrida “Tashabbus-2016” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali xalqning turmush darajasini yaxshilash, aholining real daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu bois respublikamizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda va bu ishlar o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda.
Bugungi kunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyotimizda o‘ta muhim va salmoqli hissasi, roli va ta’siri bor. 2015 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 8 foiz, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qariyb 7 foiz, qurilish-montaj ishlari hajmi salkam 18 foizga oshishi ham aynan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanish darajasiga uzviy bog‘liqdir.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatning ichki bozorini zaruriy mahsulot va xizmatlar bilan ta’minlash, mamlakat aholisining turmush farovonligini oshirish va aholi bandligini ta’minlash yo‘lida mamlakatning iqtisodiy hayotida asosiy o‘rinni egallagan.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning roli va o‘rni tobora mustahkamlanib borayotgani iqtisodiyotimizning tarkibida bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlardan dalolat beradi. Davlat organlari va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning bevosita elektron shakllari joriy etilgani tufayli 2015 yilda 42 ming 800 ta tadbirkorlik sub’ekti Internet tarmog‘i orqali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro‘yxatga olingan. Ular 260 turdagi interaktiv xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega. 2013-2014 yillarda tadbirkorlar va fuqarolarga 102 mingdan ortiq xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2015 yilda bu ko‘rsatkich 420 mingdan oshdi. Bundan tashqari soliq va statistika hisobotlari 100 foiz elektron shaklda Internet tarmog‘i orqali taqdim etilmoqda.
Shuningdek olib borilayotgan islohotlar natijasida mamlakat yalpi ichki mahsulotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 2000 yildagi 31 foizdan bugungi kunda 56,7 foizga etgani yoki 1,8 barobar oshganini alohida ta’kidlash lozim. Bugungi kunga kelib ushbu sohada jami sanoat mahsulotlarining uchdan bir qismi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 98 foizi ishlab chiqarilayotgani, ish bilan band jami aholining 77 foizdan ortig‘i mazkur tarmoqda mehnat qilayotgani mazkur sohada amalga oshirilayotgan ijobiy islohotlarning mahsulidir.
Qishloq xo‘jaligi xomashyosini qayta ishlash, etishtirilgan mahsulotlarni saqlash infratuzilmasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan 230 ta korxona, 77 ming 800 tonna sig‘imga ega bo‘lgan 114 ta yangi sovutish kamerasi tashkil etildi va modernizatsiya qilindi. Mamlakatimizda meva-sabzavotlarni saqlashning umumiy quvvati 832 ming tonnaga etkazildi. Bu esa, yil davomida narxlarning mavsumiy keskin oshib ketishiga yo‘l qo‘ymasdan, aholini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, ushbu mahsulotlarni eksport qilishni kengaytirish, narx-navo barqarorligini saqlash imkonini bermoqda.
Iqtisodiyotimizning barcha jabhalarida kuzatilayotgan o‘sish sur’atlari bevosita aholi daromadlarining ortishiga va natijada ichki iste’mol talabi kengayishiga olib keldi. Chakana savdo aylanmasi bir yilda 15 foizdan ziyod, pullik xizmatlar hajmi esa 10,8 foizga o‘sdi.
Bularning barchasi 2015 yilda amalga oshirilgan keng ko‘lamli, uzoqni ko‘zlab amalga oshirilgan islohotlarni hayotga tatbiq etish, erkin tadbirkorlikka keng imtiyoz va preferentsiyalar yo‘lini ochib berish, investitsiyalar, avvalo, chet el investitsiyalarining hajmini oshirish va iqtisodiyotning real sektoriga joriy etish iqtisodiyotimizning barqaror o‘sish sur’atlarini va uning makroiqtisodiy mutanosibligini ta’minlash yo‘lida olib borilgan oqilona siyosatning natijasi deb aytsak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bundan keyin ham rivojlanishda davom etishi shubhasizdir. Zero Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi vakillari, mulkdorlar sinfi nafaqat o‘zini, oilasini boqayotgan, ayni paytda xalqimiz farovonligini ta’minlashga, milliy armiyamizni qo‘llab-quvvatlashga, bir so‘z bilan aytganda, milliy taraqqiyotimizga hissa ko‘shayotgan ekan, ular, avvalambor, erkin va yana bir bor erkin bo‘lishi shart”, “O‘z kuchi va imkoniyatiga suyanib va tayanib yashaydigan, o‘zini, oilasini boqayotgan va davlatga ham katta naf keltirayotgan, o‘zining mustaqil tijorat ishiga ega bo‘lgan mulkdorlar tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlardir”.
Shu ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun har yili o‘tkazib kelinayotgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovi ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga, soha vakillari erishayotgan ilg‘or natijalarni targ‘ib qilishga, yoshlarda mulkdor bo‘lish hissini kuchaytirishga, tadbirkorlarning imkoniyatlarini yuzaga chiqarishga muhim xizmat qilmoqda deyish mumkin.
Prezidentimiz rahnamoligida tashkil etilgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovi O‘zbekistondagi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab quvvatlash va rivojlantirish dasturini amalga oshirishdagi asosiy tadbirlardan hisoblanadi.
2016 yil 24-25 mart kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar o‘rtasida o‘tkaziladigan “Tashabbus-2016” ko‘rik-tanlovining yakuniy, respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
20 marotaba o‘tkazilayotgan ushbu ko‘rik-tanlovning tuman (shahar) bosqichlarida jami 7 701 nafar tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etgan, shundan 3 132 nafarini tadbirkor, 2 149 nafarini fermer va 2 410 nafarini hunarmandlar tashkil qilgan.
“Tashabbus-2016” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlari joriy yilning 11 martdan 17 martga qadar o‘tkazilgan. Ushbu bosqichda jami 544 nafar tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etgan bo‘lib, shundan 193 nafari tadbirkor, 159 nafari fermer va 192 nafari hunarmandlardir.
Dastlabki bosqichlarning eng munosib deb topilgan va omadli ishtirokchilari “Tashabbus-2016” ko‘rik-tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma olishdi.
“Tashabbus-2016” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichiga yo‘llanma olgan jami ishtirokchilar soni 41 nafarni tashkil qilib, shundan 14 nafari tadbirkor, 14 nafari hunarmand hamda 13 nafari fermerlardir. Ishtirokchilarning 6 nafari (14%) ayollardan iborat bo‘lib, qolgan 35 nafari (86%) erkaklardir.
Tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilari, 3ta asosiy:
- Yilning eng yaxshi tadbirkori;
- Yilning eng yaxshi fermeri;
- Yilning eng yaxshi hunarmandi – yo‘nalishlarida bellashadilar.
Shuningdek faol ishtirokchilarga “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori”, “Eng yaxshi tadbirkor ayol”, “Eng yaxshi innovatsion loyiha”, “Yoshlarga eng ko‘p ish joyi yaratgan tadbirkor”, “Mening yurtim – mening iftixorim”, “Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi”, “Oziq-ovqat sanoatidagi eng yaxshi yil tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi mahsuloti”, “Eng yaxshi eksportchi”, “Eng mas’uliyatli ijtimoiy sherik” kabi nominatsiyalarda mahsus mukofotlar berish ko‘zda tutilgan.
Ko‘rik-tanlovning dastlabki yillarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarayotgan, qurilish sohasida xizmat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtirayotgan ilg‘or fermerlar va kulolchilik sohasidagi hunarmandlargina ishtirok etgan bo‘lsalar, bugungi kunda faoliyat yo‘nalishlari kengayib, yildan yilga ishtirokchilar soni oshib bormoqda.
Jumladan, eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarayotgan, ichki va tashqi bozorda o‘z tovarlarining mashhur brendiga ega bo‘lgan, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar ishtirok etmoqda.
Fermerlik yo‘nalishi bo‘yicha esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirayotgan, etishtirilayotgan mahsulotlarni to‘liq qayta ishlab, ichki bozordagi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarayotgan, ko‘p tarmoqli, dehqonchilik, chorvachilik, meva-sabzavotchilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlayotgan, issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fermerlar ishtirok etmoqda.
Hunarmandchilikda esa xalq amaliy san’atining eng yuksak namunalari asosida eksportga mo‘ljallangan mahsulot ishlab chiqarayotgan, jumladan, miniatyura, zardo‘zliq, kulolchilik, yog‘ochga ishlov berish orqali turli asarlar yaratish bilan shug‘ullanayotgan hunarmandlar ishtirok etmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, ko‘rik-tanlovda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun bellashadigan tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar soni ko‘payib, tanlovning ko‘lami kengaymoqda.
Shunday ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun har yili o‘tkazib kelinayotgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ular erishayotgan ilg‘or natijalarni targ‘ib qilish, yoshlarda mulkdor bo‘lish hissini kuchaytirish, tadbirkorlarning imkoniyatlarini yuzaga chiqarishga xizmat qilmoqda deyishga to‘la haqlimiz.
“Tashabbus-2016” ko‘rik-tanlovining ochilish marosimining rasmiy qismi davomida tanlovning hududiy bosqichlari g‘oliblari, ya’ni respublika bosqichi ishtirokchilariga laureatlik diplomi, ishtirokchi ko‘krak nishoni, “Tashabbus-2016” ko‘rik-tanlovi Tashkiliy qo‘mitasi tomonidan maxsus papka, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ona yurtimizning baxtu-iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish - oliy saodatdir” nomli kitobi va boshqa mukofotlar topshirildi.
An’anaga ko‘ra, bu yilgi ko‘rik-tanlov ham O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Fermerlari Kengashi, Xalq ustalari, hunarmandlari, musavvirlari “Hunarmand” uyushmasi, shu bilan birga turli vazirlik va idoralarning hamkorligi hamda moliyaviy ko‘magi asosida tashkil etildi.
2016 yil 24 mart kuni soat 09:30 da Toshkent shahrining “Turkiston” san’at saroyida tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilari mahsulotlari ko‘rgazmasining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazma 25 mart kuni soat 16.00 gacha davom etadi.
2016 yil 6 aprelь kuni soat 18:00 da muhtasham “Turkiston” san’at saroyida o‘zbek estradasi yulduzlari ishtirokida “Tashabbus-2016” g‘oliblari va sovrindorlarini aniqlash va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
24.03.2016
15:13