Lyuksemburg Savdo-sanoat palatasida uchrashuv
O'zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchisi Dilyor Hakimov bilan Lyuksemburg Savdo-sanoat palatasining xalqaro hamkorlik masalalari bo'yicha direktori Jennot Erpelding o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi.
Suhbat chog'ida tomonlar investitsiyaviy g'oyalarni birgalikda ilgari surish bo'yicha sa'y-harakatlarni yo'lga qo'yish, savdo nomenklaturasini kengaytirish, shuningdek, o'zaro sayyohlar oqimini oshirish choralarini ko'rish masalalar ikki davlat ishbilarmon doiralari e'tibori markazida ekanini qayd etdi.
Ta'kidlanganidek, Lyuksemburg Savdo-sanoat palatasi O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan o'zaro manfaatli, xo'jalik yurituvchi sub'ektlar va palatalar a'zolari o'rtasidagi sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan sa'y-harakatlarni amalga oshirish maqsadida doimiy asosda hamkorlik qilishga tayyor.
Uchrashuv yakunida quyidagi kelishuvlarga erishildi:
– 2020 yilning birinchi yarmida O'zbekiston va Lyuksemburg savdo missiyasini tashkil etish;
– joriy yilning iyun-iyul oylarida O'zbekistondagi bugungi rivojlanish jarayoni, mavjud istiqbolli investitsion va savdo loyihalari haqida fikr almashish maqsadida Lyuksemburg Savdo-sanoat palatasida faol kompaniyalar va ishbilarmonlar ishtirokida ishchi uchrashuv o'tkazish;
– Lyuksemburg Savdo-sanoat palatasi bilan O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi o'rtasida o'zaro manfaatli hamkorlik o'rnatish va tegishli memorandumni imzolashga tayyorlash masalasini ishlab chiqish.
22.05.2019
10:25