O'z SSP da Jamoatchilik ekspertizasi kengashining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
O'z SSP tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Savdo va xizmat ko'rsatish sohasini yanada erkinlashtirish hamda pul tushumlari ustidan jamoat nazoratini kuchaytirish yuzasidan qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmoning muhokamasiga bag'ishlangan Jamoatchilik ekspertizasi kengashining yig'ilishi bo'lib o'tdi. Mazkur yiilishda bir qator vazirlik va idoralar vakillari hamda 50 dan ortiq tadbirkorlik sub'ektalari ishtirok etishdi.
Xususiy sektorni qo'llab-quvvatlash bo'yicha qabul qilingan kompleks chora-tadbirlar natijasida tadbirkorik sub'ektlari sonini yanada ko'paytirish hamda ular tomonidan iste'molchilarga ko'rsatilayotgan xizmatlar turlarini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Mamlakat iqtisodiyotini uzoq muddatli rivojlantirish borasida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilayotgan sharoitda axborot texnologiyalari vositasida iste'molchilar, tadbirkorik sub'ektlari va davlat soliq xizmati organlarining uyg'unlashgan faoliyati alohida ahamiyat kasb etadi.
Savdo va xizmat ko'rsatish sohasini yanada erkinlashtirish, uning hajmini keskin oshirish, hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ushbu sohadagi pul aylanmasi ustidan jamoatchilik nazoratini o'rnatish orqali tadbirkorlik sub'ektlarining byudjet oldidagi majburiyatlarini to'liq bajarilishini ta'minlash maqsadida:
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 sentyabrdagi “Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini qo'llash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ 3300-son qaroriga muvofiq aholi bilan naqd pulda amalga oshirilgan hisob-kitoblar to'g'risidagi ma'lumotlarni davlat soliq xizmati organlariga onlayn rejimida uzatib borish funksiyasiga ega bo'lgan nazorat-kassa mashinalarini (keyingi o'rinlarda – onlayn NKM) bosqichma-bosqich joriy etish belgilanganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
2. O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, Savdo-sanoat palatasining savdo (xizmat ko'rsatish) shoxobchalarida aholi bilan naqd pulda va naqd pulsiz shaklda amalga oshirilgan hisob-kitoblar to'g'risidagi ma'lumotlarni davlat soliq xizmati organlariga onlayn rejimida uzatib borish funksiyasiga ega bo'lgan ma'lumotlar almashinuvi platformasi – virtual kassalarni (keyingi o'rinlarda – virtual kassa) onlayn NKM qatorida joriy etish to'g'risidagi taklifi ma'qullansin.
3. 2019 yil 1 iyuldan:
a) xo'jalik yurituvchi sub'ektlar tomonidan virtual kassa yoki onlayn NKMdan foydalanilgan taqdirda:
ular amaldagi fiskal xotiraga ega bo'lgan nazorat-kassa mashinalarni qo'llash majburiyatidan ozod qilinadi;
ular tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish doirasida tovar (ish, xizmat)lar sotib olish va xizmatlar ko'rsatish maqsadlari uchun kunlik naqd pul tushumini to'liq o'z ixtiyorida qoldirish huquqiga ega;
ularga nisbatan kirim qilinmagan tovarlarni saqlash uchun jarima qilish tartibi tadbiq etilmaydi;
xo'jalik yurituvchi sub'ekt ish kuni oxirida kassir-operatsiyachi tomonidan nazorat-kassa daftari majburiy tartibda to'ldirilgan holda har bir nazorat-kassa mashinasi bo'yicha kunlik hisobotni chiqarib olish tartibi bekor qilinadi;
alkogolli mahsulotlarini umumiy ovqatlanish joylarida sotish huquqi soliq to'lovchilining shaxsiy kabinetida ro'yxatga qo'yish orqali beriladi va ularga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan oylik yig'imlar stavkasining 50% miqdori qo'llaniladi;
umumiy ovqatlanish korxonalari yagona soliq hamda foyda solig'i stavkasining 75 foizi miqdorida soliqqa tortiladi;
ularga O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi tomonidan ishlab chiqiladigan virtual kassa dasturiy ta'minoti bepul beriladi;
2019 yil 31 dekabrga qadar har bir kassa uchun onlayn NKMlarini xarid qilish, o'rnatish va ishga tushirish bilan bog'liq harajatlar tadbirkorlik sub'ektlarining keyingi soliq to'lovlari hisobidan, biroq to'lov muddatida amalda bo'lgan eng kam ish haqining 10 baravaridan oshmagan miqdorda kamaytiriladi. Bunda, onlayn NKMlarini xarid qilish bilan bog'liq xarajatlar umumbelgilangan soliqlarni to'lovchi tadbirkorlik sub'ektlari uchun foyda solig'i summasidan, soddalashtirilgan tartibda soliqlarni to'lovchi tadbirkorlik sub'ektlari uchun yagona soliq to'lovi summasidan hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat'iy belgilangan soliq summasidan chegiriladi;
b) sotib olingan tovarlar (xizmatlar, ishlar) uchun xaridorlarga beriladigan cheklarda tovarlar (xizmatlar, ishlar) nomi, miqdori, qiymati, summasi, shuningdek, qo'shilgan qiymat solig'i stavkasi va summasi ko'rsatilishi shart;
v) jismoniy shaxs tomonidan ro'yxatdan o'tkazilgan cheklarning jami summasi uning daromadining 50 foizidan yuqori bo'lgan taqdirda, jismoniy shaxsning deklaratsiyasiga muvofiq daromad solig'ining 20 foizigacha, lekin bir kalendar yili davomida eng kam oylik ish haqining 10 baravaridan oshmagan miqdordagi summa soliq to'lovchiga qaytarib beriladi.
4. Belgilansinki:
jismoniy shaxslarning bank to'lov kartalari yoki chegirma (diskont) kartalariga o'tkazilgan bonuslar (pul, ball va boshqa birliklar) shaklidagi daromadlari (cashback) jismoniy shaxslarning daromad solig'i bazasi sifatida qaralmaydi. Mazkur imtiyoz ommaviy oferta shartlari asosida amalga oshirilmagan taqdirda tatbiq etilmaydi;
uy xo'jaligida, shu jumladan dehqon xo'jaligida yetishtirilgan hayvonlarni tirik holda hamda ularni so'yib, mahsulotlarini xom yoki qayta ishlangan holda tabiiy va qayta ishlangan chorvachilik, asalarichilik va dehqonchilik mahsulotlarini sotishdan olinadigan daromadlarni jismoniy shaxslarning daromad solig'idan ozod qilishda relizatsiya qilingan mahsulot unga yoki uning oila a'zolariga ajratilgan yer uchastkasida yetishtirilganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish tartibi bekor qilinadi;
elektron tijorat orqali sotishdan olgan daromadlari umumiy sotilgan tovarlar (xizmatlar) hajmining kamida 80 foizini tashkil etuvchi, shu jumladan elektron tijoratda elektron savdo maydonchalari, tovarlarni yetkazib berish, elektron hujjatlar va xabarlarni saqlash xizmatlarini ko'rsatuvchi yuridik shaxslar va xususiy tadbirkorlar foyda solig'i stavkasining 50 foizi miqdorida soliqqa tortiladi;
2019 yil 1 oktyabrdan boshlab O'zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan xorijiy banklarning xalqaro plastik kartalari vositasida bitta chek uchun eng kam ish haqining 2 baravaridan yuqori qiymatda tovarlar xarid qilingan taqdirda mazkur tovarlarga nol darajali stavka bo'yicha qo'shilgan qiymat solig'i solinadi hamda ularni sotishdan tushgan tushum yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig'i bazasidan kamaytiriladi.
5. Shunday tartib o'rnatilsinki, unga muvofiq:
tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan virtual kassa yoki onlayn NKM orqali taqdim qilingan chek (keyingi o'rinlarda – chek) QR va raqamli kod (keyingi o'rinlarda – maxsus kodlar)ga ega bo'ladi;
tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan virtual kassa va onlayn NKM orqali chek taqdim etmaslik yoki maxsus kodlarga ega bo'lmagan cheklarni taqdim qilish harakatlari fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalaridan va to'lovlarni plastik kartochkalar asosida qabul qilish bo'yicha hisob-kitob terminallaridan foydalanish tartibini buzish holatiga tenglashtiriladi
va qonunchilikda belgilangan javobgarlikka tortishga asos bo'ladi;
cheklardagi maxsus kodlar ishtirokida yutuqli o'yin tashkil qilinadi;
jismoniy shaxslar maxsus kodlarni davlat soliq xizmati organlarida ro'yxatdan o'tkazish orqali soliq tushumlari hisobidan o'tkaziladigan pul-buyum lotereyalari o'yinlarida ishtirok etish huquqiga ega bo'ladi;
yutuqli o'yin jamg'armasini tashkil etish uchun Davlat soliq qo'mitasida maxsus hisob raqam tashkil qilinadi hamda unga savdo va xizmat ko'rsatish, shu jumladan umumiy ovqatlanish korxonalaridan undiriladigan soliq to'lovlari summasining 0,1 foizi yo'naltiriladi.
6. 2022 yil 1 yanvarga qadar:
O'zbekiston Respublikasi hududiga xo'jalik yurituvchi suyu'ektlar tomonidan import qilinadigan onlayn NKM, ularning butlovchi qismlari
va fiskal modullar belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro'yxatlar bo'yicha bojxona to'lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig'imlaridan tashqari) va qo'shilgan qiymat solig'ini to'lashdan;
xo'jalik yurituvchi suyu'ektlarining onlayn NKM, ularning butlovchi qismlari va fiskal modullar ishlab chiqarish, realizatsiya qilish oborotlari qo'shilgan qiymat solig'idan ozod qilinsin.
7. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi Davlat soliq qo'mitasi bilan birgalikda 2019 yil 1 avgustga qadar muddatda cheklarni ro'yxatdan o'tkazgan jismoniy shaxslar orasida yutuqli o'yinlarni o'tkazish bo'yicha tartib ishlab chiqsin va o'rnatilgan tartibda tasdiqlasin;
Unda quyidagilar inobatga olinsin:
Davlat soliq qo'mitasining rasmiy veb-saytida pul-buyum lotereyalari yutuq jamg'armasi miqdorini onlayn tarzda e'lon qilib borish;
Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida cheklarni ro'yxatdan o'tkazgan jismoniy shaxslar orasida muntazam yutuqli o'yinlar o'tkazish;
O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasining maxsus ko'rsatuvida
pul-buyum lotereyalari o'yinlarini onlayn translyatsiya qilish orqali keng ommaga yoritilishini ta'minlash.
8. O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi bir oylik muddatda:
xo'jalik yurituvchi sub'ektlar tomonidan sotilgan mahsulotlar (ishlar
va xizmatlar) bo'yicha ma'lumotlarni davlat soliq xizmati organlariga onlayn rejimida uzatishni ta'minlovchi virtual kassaning dasturiy ta'minotini ishlab chiqsin va joriy qilsin;
xaridorlar tomonidan chekning maxsus kodlarini mobil dasturiy ilovalar va SMS xabar yuborish orqali davlat soliq xizmati organlarida ro'yxatga olish tizimini joriy qilsin;
O'zbekiston Respublikasi hududida qo'llanishi ruxsat etilgan virtual kassa va onlayn NKMlarining Davlat reestrini yuritish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogolli mahsulotlarni sotish huquqini soliq to'lovchining personal kabineti orqali berish tartibini ishlab chiqsin va tasdqilash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Yig'ilish davomida mazkur Farmon loyihasi Jamoatchilik ekspertizasi kengashi vakillari hamda tadbirkorlar o'rtasida keng tarzda muhokama qilindi hamda loyixa yuzasidan tegishili takliflar ishlab chiqildi.
O'z SSP Axborot xizmati
23.05.2019
17:23