O'zSSPda “O'zbekiston-Estoniya” biznes-forumi va «B2B» formatidagi uchrashuv bo'lib o'tdi.
192019 yil 31 may kuni O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va O'zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan xamkorlikda O'zbekiston-Estoniya biznes-forumi va ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari o'rtasida «B2B» formatidagi uchrashuv bo'lib o'tdi.
Asosiy maqsad - savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-kommunikatsiya va axborot texnologiyalari sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilishdan iborat.
Estoniya delegatsiyasi tarkibida o'ndan ortiq etakchi kompaniyalar, shu jumladan infratuzilma va logistika va AKT kompaniyalarining vakillari ishtirok etdi.
Estoniya iqtisodiyot va kommunikatsiyalar vaziri Taavi Aas, Estoniya O'zbekistonni mintaqadagi asosiy hamkor sifatida ko'rib chiqayotganini va samarali hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi. Xususan, O'zbekistondagi iqtisodiy o'sish sur'atlari, biznes aloqalarni rivojlantirish uchun yaxshi asos bo'lib xizmat qilishi e'tirof etildi.
Estoniya ishbilarmon doiralari delegatsiyasining tashrifining asosiy vazifalari savdo-iqtisodiy hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlarini aniqlash va potensial imkoniyatlarni birgalikda ko'rib chiqishdan iborat ekani qayd etildi.
Forum davomida ikki mamlakatning iqtisodiy salohiyati, investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, savdo, transport va logistika sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha takliflar taqdim etildi.
Ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirokidagi «В2В» uchrashuvida O'zbekiston va Estoniya o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, jumladan, ikki mamlakat korxonalarining hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirish bo'yicha o'zaro fikr almashildi.
Unda mamlakatimizda faoliyat yurituvchi 30 ga yaqin tadbirkorlik sub'ektlari hamda Estoniyaning 10 dan ortiq yetakchi kompaniya vakillari ishtirok etdi. Muzokaralarning asosiy mavzusi transport-logistika sohasidagi hamkorlik, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va boshqa qator sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish bo'ldi. O'zbekiston-Estoniya savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, jumladan, O'zbekiston va Estoniya korxonalari o'rtasida sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish bo'yicha fikr almashish masalalari xam muhokama qilindi.
O'zbekiston Respublikasida Estoniya sarmoyadorlari ishtirokida 8 ta korxona faoliyat yuritmoqda, ulardan 2 tasi 100% Estoniya kapitali bilan.
Bitta Estoniya kompaniyasi vakolatxonasi akkreditatsiya qilingan.
Faoliyatining asosiy yo'nalishlari qurilish materiallari, mashinasozlik (avtomobillar va traktorlar uchun treylerlar), elektr va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, dasturiy ta'minotni ishlab chiqish xizmatlarini taqdim etish hisoblanadi.
Oz SSP Axborot xizmati
31.05.2019
14:06