"TASHABBUS – 2019" Tashabbuskorlar tashabbusi bilan g'olib bo'ladi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o'tkazib kelinayotgan an'anaviy “Tashabbus” ko'rik-tanlovining Jizzax viloyati bosqichi yakunlandi.
Ko'rik-tanlovning saralash bosqichlarida mamlakatimizda tadbirkorlik sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar samarasi namoyon bo'ldi.
Viloyatda joriy yilning o'tgan davrida kichik biznes sub'ektlari tomonidan 1 trillion 184 milliard 900 million so'mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Shu yilning o'tgan davrida 1 ming 288 ta kichik biznes sub'ektlariga banklar tomonidan 497,6 milliard so'mlik kreditlar berildi. Shuningdek, “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida 17 ming 747 oilaga 274,4 milliard so'mlik imtiyozli kreditlar ajratildi.
“Tashabbus” ko'rik-tanlovining viloyat bosqichi tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar mahsulotlarining ko'rgazmasi bilan boshlandi.
G'oliblarni aniqlashda nafaqat ishlab chiqarish ko'rsatkichlari, balki mahsulotning sifati, raqobatbardoshligi va eksportbopligiga ham alohida e'tibor qaratildi.
Shu talablarga mos faoliyat ko'rsatayotgan Forish tumanidagi “Mega Invest Industrial” korxonasi rahbari Farrux Shodmonov “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, Zomin tumanidagi “Sof marvarid ummoni” korxonasi rahbari Abduvoit Amonov “Xizmat ko'rsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, Do'stlik tumanidagi “NODIRA CHEVAR” xususiy korxonasi rahbari Nodira Meliboeva “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori”, Paxtakor tumanidagi “Metin bardoshi” fermer xo'jaligi rahbari Muhabbat O'rolova “Yilning eng yaxshi fermeri”, Jizzax shahridan Malika Egamqulova “Yilning eng yaxshi hunarmandi” deb topilib, ko'rik-tanlovning mamlakat bosqichiga yo'llanma oldi.
– Davlatimiz tomonidan tadbirkorlarning qo'llab-quvvatlanayotgani tufayli bank kreditlaridan foydalanib, korxonamizni xorijning eng zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlashga muvaffaq bo'ldik, – deydi Nodira Meliboeva. – Korxonamizda 25 kishi mehnat qilayotir. Ayni paytda 30 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotimiz nafaqat ichki bozor, balki xorijlik xaridorlar talabiga ham javob berayotir. Ushbu ko'rik-tanlovda g'olib chiqishimiz bizni yangi yutuqlar sari rag'batlantirmoqda.
G'oliblar faxriy yorliq va qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi.
15.06.2019
11:04