Navoiy viloyatining Karmana, Navbaxor va Qiziltepa tumanlarida tadbirkorlar bilan uchrashuvlar bo'lib o'tdi.
Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yil 27 iyun kuni PF-5755-sonli “Soliq va bojxona imtiyozlarini berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmonning asosiy mazmun mohiyati mamlakatimizda raqobatbardosh ishlab chiqarishni rag'batlantirish, tadbirkorlikni va sog'lom raqobat muhitini qo'llab-quvvatlash, mamlakatning eksport salohiyatini kengaytirish va rag'batlantirish hamda ichki bozorni sifatli iste'mol tovarlari bilan ta'minlashga yo'naltirilgan soliqqa tortish va bojxona-tarif tizimini tartibga solishning samarali tizimini shakllantirishga qaratilgan keng qamrovli ishlarning davomiyligini ta'minlashga qaratilmoqda.
Shuningdek, mazkur Farmon ijrosini ta'minlash maqsadida Respublika ishchi guruhi tomonidan seminarlar ham tashkil etilmoqda.
Joriy yilning 10-14 iyul kunlari Navoiy viloyatining Karmana, Navbaxor va Qiziltepa tumanlarida mazkur ishchi guruh tomonidan mahalliy aholi bilan uchrashuvlar bo'lib o'tdi.
Respublika ishchi guruxi tarkibiga bir qator mutasaddi tashkilot xodimlari jalb etildi. Jumladan, O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o'rinbosari O'.Butaev tomonidan tadbirkorlik sub'ektlari, importyorlar hamda fermerlar ishtirokida uchrashuvlar tashkil etildi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlar tomonidan bugungi kunga qadar amaliyotda joriy qilingan qo'shilgan qiymat solig'ini hisoblash va to'lash tartibidagi mavjud nomutanosibliklar, shuningdek ayrim xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga imtiyozlar berilganligi ular uchun teng sharoitlarni ta'minlashda qo'shilgan qiymat solig'ining to'laqonli zanjirini yaratish va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan masalalarda bir qator kamchiliklar yuzaga kelayotganligi xaqida ham to'xtalib o'tildi.
Endilikda, mazkur Faromon asosida O'zbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari qismi bo'yicha qo'shilgan qiymat solig'idan imtiyozga ega bo'lgan yuridik shaxslarga imtiyozdan voz kechish to'g'risida xabarnoma berish asosida, ushbu xabarnoma berilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo'shilgan qiymat solig'ini to'lash huquqini beradi.
Yangi soliq konsepsiyasi tasdiqlangandan so'ng soliq islohotlari bo'yicha Palata tomonidan o'tkazilgan Ekspertlar kengashlari yig'ilishlarida tadbirkorlar tomonidan ayrim xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga berilgan imtiyozlar natijasida ishlab chiqaruvchilar va tovar realizatsiya qiluvchilar o'rtasidagi qo'shilgan qiymat solig'i zanjirini uzulib qolganligi, buning oqibatida qo'shilgan qiymat solig'i bo'yicha barcha soliq yuki imtiyoz berilmagan korxonalarga tushayotganligini ma'lum bo'ldi.
Mazkur Farmonning qabul qilinishi qo'shilgan qiymat solig'i zanjirini bog'lanishi bilan maxsulot tannarxini pasaytirib, soliq yukini kamaytirish orqali sog'lom raqobat muxitini shakllantirish hamda soliqga tortishda adolat va shaffoflik tamoyillariga amal qilishni ta'minlaydi.
O'z SSP Axborot xizmati
15.07.2019
13:30