Eksport hajmini oshirish maqsadida
2016 yilning 5 aprel kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarini xalqaro tashkilotlar xaridlariga jalb etish, hamda O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan mahsulotlar (xizmatlar)ning eksport hajmini oshirish maqsadida «Tadbirkorlik sub’ektlarining xalqaro tashkilotlar xaridlarida ishtirok etishlari uchun imkoniyatlar» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ishtirok etgan o‘zbek kompaniyalar vakillari O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xalqaro tashkilotlar orqali xarid qilish tartibi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tadbir davomida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati (GIZ), Jahon banki mintaqaviy vakolatxonasi (XTTB), Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dastur (BMTTD)lari taqdimotlarini namoyish qildilar. Ushbu taqdimotlar orqali O‘zbekiston kompaniyalar vakillari xaridlar tartibi, shuningdek xalqaro tenderlarda ishtirok etish shartlari haqida ma’lumot oldilar.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) O‘zbekistonda 1995 yildan buyon o‘z faoliyatini yuritib, Koreya Respublikasi Hukumatining beg‘araz ko‘mak va texnik hamkorlik dasturlarini amalga oshirib kelmoqda.
Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati (GIZ) Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish Fedaral vazirligi (BMZ), Tashqi aloqalar vazirligi, Ichki ishlar vazirliga kabi boshqa fedaral idora va vazirliklar buyurtmasiga asosan hamkorlik dasturlarini amalga oshirib keladi. Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi 1992 yildan buyon o‘z faoliyatini yuritmoqda. Uning Andijon, Surxondaryo viloyati va Qorakalpog‘iston Respublikasida vakolatxonalari ochilgan bo‘lib, o‘zining maqsadli dasturiy faoliyatini olib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi 1992 yil sentyabrь oyidan Jahon bankining to‘laqonli a’zosi hisoblanadi. 1992 yilning 2 iyulidan “O‘zbekiston Respublikasining Xalqaro Valyuta Fondi, Rekonstruktsiyalash va Rivojlanish Xalqaro Banki, Rivojlanish Xalqaro Assotsiatsiyasi, Xalqaro Moliya Korporatsiyasi, Ko‘p Tomonlama Sarmoya Ajratishni Kafolatlovchi Agentlikka a’zoligi to‘g‘risida”gi Qonun kuchga kirgan. Toshkentda Jahon bankining vakolatxonasi ochilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi 1993 yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatmoqda. BMT va uning tuzilmalari turli jabhalardagi masalalarda amaliy ko‘mak berib kelmoqda. Buni xalqaro va milliy miqyosda tashkil etilayotgan, istiqbol ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan tadbirlarda, bilim va xalqaro tajriba almashinuvi misolida ko‘rish mumkin.
Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, aktsionerlik jamiyatlari, xalqaro tashkilotlar vakillari va kichik biznes sub’ektlari ishtirok etdilar.
Tadbir mavzuga oid qizg‘in munozarlar bilan o‘tdi.
05.04.2016
17:45