“Tadbirkorlik sub'ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hakamlik sudlari va mediatsiyaning roli”
O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning O'zbekistonda sud-huquq islohotlari bo'yicha dasturi doirasida 2019 yil 24 iyulda Samarqand shahrida “Tadbirkorlik sub'ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hakamlik sudlari va mediatsiyaning roli” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o'tkaziladi.
Seminarda O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi va uning Samarqand, Qashqadaryo, Farg'ona viloyatlari hududiy boshqarmalari huzuridagi Hakamlik sudlari sudyalari, Samarqand viloyat hokimligi, prokuraturasi, adliya boshqarmasi, fuqarolik ishlari bo'yicha va iqtisodiy sudlari, tumanlararo sudlar mas'ul xodimlari, tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Anjumanda “O'zbekistonda nizolarni muqobil hal qilish: huquqiy asoslari va rivojlanish bosqichlari”, “Xorijiy davlatlarda mediatsiya: huquqiy asoslari va amaliyot”, Hakamlik sudlarida iqtisodiy nizolarni hal qilishning o'ziga xos xususiyatlari”, Hakamlik muhokamasining afzalliklari va hakamlik sudlarida ish yuritish tartibi” mavzularida huquqshunos olimlar va mazkur sohaning tajribali mutaxassis huquqshunoslari ma'ruzalar qildilar.
Ilmiy-amaliy seminarda ta'kidlanganidek mamlakatimizda tadbirkorlik, tijorat va xususiy sektorga nisbatan munosabatlarni tubdan o'zgartirish, ularning huquqlarini poymol qilinishiga yo'l qo'ymaslik, qonuniy manfaatlari himoyasini ta'minlashga qaratilgan huquqiy himoya qilish tizimi shakllantirildi va uning tashkiliy mexanizmi takomillashib bormoqda.
Huquqni qo'llash amaliyotida, ijtimoiy hayotda turli sub'ektlarning manfaatlari to'qnashuvi, ular o'rtasida bahs-munozaralar va nizolar kelib chiqishi tabiiy. Nizolarni hal etish tizimi ularni sud orqali va muqobil usullar bilan hal qilishni o'z ichiga oladi.
So'nggi yillarda nizolarni muqobil usullar orqali hal etishga katta e'tibor berilmoqda. Nizolarni muqobil hal qilish usullariga xususan quyidagilar kiradi: muzokara; talabnoma, mediatsiya, hakamlik sudlari va xalqaro tijorat arbitraji.
O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Hakamlik sudining raisi, yuridik fanlar doktori Foziljon Otaxonov o'z ma'ruzasida nizolarning muqobil hal qilish usullarining huquqiy asoslari yaratilganligi, jumladan hakamlik sudlari va mediatsiya to'g'risida maxsus qonunlar qabul qilinganligini ta'kidladi.
Xususan, O'zbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari to'g'risida”gi Qonunida hakamlik sudlari faoliyatining asosiy prinsiplari, ularni tashkil etish va hisobini yuritish tartibi, mazkur sudlar tomonidan hal etiladigan nizolar, hakamlik bitimi shakli va mazmuni, hakamlik sudyasiga qo'yiladigan talablar, hakamlik sudining tarkibini shakllantirish, nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bog'liq xarajatlar, hakamlik muhokamasi, hakamlik sudining hujjatlari, hakamlik sudining hal qiluv qarori yuzasidan nizolashish va uni ijro etishga oid normalar belgilanganligini qayd qildi.
“Mediatsiya to'g'risida”gi Qonunda: mediatsiyaning maqsadi, asosiy prinsiplari, mediatorlarga qo'yiladigan talablar, mediatorlarning va medatsiya taraflarining huquq va majburiyatlari, mediatorlar reestrini yuritish tartibi, mediatsiya to'g'risida kelishuv, mediatsiya jarayoni, mediatsiya natijasiga nizoni hal qilinganligi to'g'risidagi kelishuvga oid normalar mustahkamlanganligi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Nizolarni nafaqat davlat sudlari (fuqarolik ishlari bo'yicha sudlar, iqtisodiy sudlar), balki hakamlik sudlari vositasida hal qilish ko'lami ham tobora kengayib bormoqda. Bunga sabab hakamlik sudlarida nizolarni ko'rishning quyidagi afzallik jihatlaridir: taraflarda sudyani mustaqil tanlash imkoniyati mavjudligi; nizolar bitta instansiyada hal etilishi; ish ko'rish qisqa muddatlarda amalga oshirilishi; hakamlik sudi xarajatlari nizolarni iqtisodiy va fuqarolik ishlari bo'yicha sudlarda ko'rish va hal etish uchun ketadigan sud xarajatlaridan kamligi; hakamlik sudi muhokamasi maxfiy va oshkor qilinishi mumkin emasligi; hakamlik muhokamasi taraflarning kelishuviga muvofiq belgilanishi mumkinligiga e'tibor qaratildi.
Xususan, Rustam Shaymardonov seminar ishtirokchilarini e'tiborini hakamlik muhokamasining yuqoridagi afzalliklariga qaratgan holda Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari huzurida tashkil qilingan 15 ta Hakamlik sudlari tomonidan 2007–2019 yillar mobaynida jami 22058 ta ishlar ko'rilgan bo'lib, da'vo summasi 764,5 mlrd. so'm, 55,6 mln. AQSH dollari, 195,1 ming Yevroni tashkil qilganligini ta'kidladi.
Seminar ishtirokchilari va ma'ruzachilar tomonidan O'zbekistonda nizolarni muqobil hal qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, muzokaralar o'tkazish va talabnomalar yuborish orqali nizolarni hal qilish amaliyotini kengaytirish, mediatsiya markazlarini tashkil qilish, mediatorlarni tayyorlash bo'yicha tashkiliy tadbirlarni jadallashtirish, vakolatli sudlar bilan hakamlik sudlar o'rtasida o'zaro hamkorlikni rivojlantirish, hakamlik sudyalari va hakamlik sudyaligiga nomzodlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, nizolarni ko'rib chiqish bo'yicha hakamlik sudyalari o'rtasida tajriba almashish, hakamlik sudlari hal qiluv qarorlari ijrosini ta'minlash kabi masalalar bo'yicha taklif va mulohazalar bildirildi.
O'z SSP Axborot xizmati
25.07.2019
11:33