O'zbekiston Prezidentining Belarusga tashrifiga doir
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan 2019 yil 31 iyul – 1 avgust kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo'ladi.
Minsk shahrida oliy darajadagi O'zbekiston – Belarus muloqotining davomi sifatida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning holati va istiqbollarini, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
Prezidentlar O'zbekiston milliy sanoat ko'rgazmasi va Belarus yuqori texnologiyalar parki bilan tanishadilar.
Muzokaralar yakunida Prezidentlarning Qo'shma bayonoti imzolanishi hamda O'zbekiston – Belarus ko'p qirrali sherikligini, jumladan, investitsiyalar, ishlab chiqarish, ilmiy-texnik kooperatsiya sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga, hududlar o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aloqalar o'rnatishga mustahkam asos yaratadigan salmoqli hujjatlar to'plami qabul qilinishi kutilmoqda.
30.07.2019
10:59