Prezidentlar O'zbekiston mahsulotlari ko'rgazmasi bilan tanishib chiqdi
Prezident Shavkat Mirziyoev Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko hamrohligida Minskda tashkil etilgan O'zbekiston milliy sanoat ko'rgazmasi bilan tanishib chiqdi.
Mamlakatimizning keng turdagi mahsulot va xizmatlari uchun «BelEkspo» milliy ko'rgazmalar markazida alohida majmua ajtildi.
Maydoni 3 ming kvadrat metr bo'lgan usti yopiq manejda 25 ta eksklyuziv stendlar qurilib, “O'zeltexsanoat”, “O'zto'qimachiliksanoat”, “O'zcharmsanoat”, “O'zbekoziqovqatxolding”, “O'zkimyosanoat”, “O'zbekneftgaz”, “O'zsanoatqurilishmateriallari”, “O'ztreyd”, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari kabi yetakchi kompaniya va uyushmalar, Farmatsevtika tarmog'ini rivojlantirish, Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentliklari mahsulotlari ko'rgazmaga qo'yilgan. 500 kvadrat metr ochiq maydonda esa avtomobillar, qishloq xo'jaligi texnikalari, yuk mashinalari, avtobuslar va boshqa tovarlar namoyish etildi.
Ko'rgazmada o'nta viloyatimizdan yuzdan ziyod korxona va tadbirkorlik sub'ektlari o'z mahsulot va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda. Yurtimizning turizm salohiyati targ'ibotiga ham alohida e'tibor qaratildi.
29 iyul kuni ochilgan ushbu ko'rgazmaga Belarusning barcha hududlaridan ishbilarmon doiralar, savdo va sanoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Aleksandr Lukashenkoga mamlakatimiz kompaniyalarining quvvati va salohiyati, mahsulotlarning sifati haqida so'zlab berdi.
Davlatimiz rahbari O'zbekiston kompaniya va agentliklarining mutasaddilariga Belarusdagi manfaatdor korxonalar bilan kooperatsion aloqalarni o'rnatish, qo'shma savdo va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo'yicha ko'rsatmalar berdi.
O'z SSP Axborot xizmati
02.08.2019
11:55