O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasini ekspertizadan o'tkazdi.
Tadbirkorlik sub'ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifoda etuvchi, shu jumladan, ular faoliyatiga normativ-huquqiy hujjatlar ta'sirini baholovchi vakolatli organ sifatida Savdo-sanoat palatasi tomonidan Jamoatchilik ekspertizalari o'tkazilib, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o'tgan davri mobaynida 571 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Ekspertlar kengashlari tomonidan ko'rib chiqilib, ulardan 304 tasiga salbiy xarakterdagi Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Misol uchun, O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy meros ob'ektlaridan foydalanish tartibini tasdiqlash to'g'risida”gi Qarori loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o'tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1. Loyiha 1-ilovasining 6-bandida moddiy madaniy meros ob'ektlarining qisqa muddatli ijara shartnomasi bir yil muddatga, uzoq muddatli ijara shartnomasi esa bir yildan o'n besh yilgacha bo'lgan muddatga tuzilishi belgilangan.
Bundan kelib chiqadiki, uzoq muddatli ijara shartnomasi ham qisqa muddatli ijara shartnomasi kabi bir yillik muddatga imzolanishi mumkin va shu bilan ular orasidagi tafovut yo'qoladi.
Ammo, o'z mohiyatiga ko'ra, uzoq muddatli ijara shartnomasi haqiqatda uzoq vaqtga tuzilishi lozim, ya'ni uning eng pastgi muddati ham uzoq muddati bo'lishi to'g'ri bo'lar edi.
Shu bois, uzoq muddatli ijara shartnomasini kamida besh yildan o'n besh yilgacha bo'lgan muddatgacha, qisqa muddatli ijara shartnomasini esa besh yilga tuzilishini belgilash maqsadga muvofiq.
2. Loyiha 1-ilovasining 19-bandiga ko'ra, “Ijaraga beriladigan ob'ektlar bo'yicha e'lon majburiy tartibda davriy nashrlarda, shuningdek, ishchi organ, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining rasmiy veb-saytlarida e'lon qilinadi”, - deb belgilangan.
Ammo, bunda e'lon tanlov o'tkazilishidan qancha vaqt oldin berilishi hamda takliflar qancha muddat davomida qabul qilinishi mumkinligi aniq nazarda tutilmagan.
Bu esa, ijaraga beriladigan ob'ektlar bo'yicha o'z vaqtida e'lon qilinmasligiga va natijada tadbirkorlik sub'ektlarining bundan xabardor bo'lmay qolishiga olib keladi.
Shu sababdan, loyiha ilovalarida ijaraga va tekin foydalanishga beriladigan ob'ektlar bo'yicha tanlov o'tkazish haqidagi e'lon tanlov ishtirokchilarining takliflarini qabul qilish muddati tugashidan kamida necha kun (tavsiya etiladi: 30 kun) oldin berilishini aniq belgilash maqsadga muvofiq.
3. Loyiha ilovalarida ijaraga va tekin foydalanishga beriladigan ob'ektlar bo'yicha tanlov o'tkazish belgilangan.
Biroq, ilovalarda tanlov ishtirokchilarining takliflarini ko'rib chiqish va baholash muddati, shuningdek tanlov ishtirokchilari aynan qanday mezonlar asosida baholanishi aniq belgilanmagan.
Bu esa, mazkur muddatning cho'zilib ketishiga, tanlov ishtirokchilarini baholashda esa mezonlarning turlicha belgilanishi va bu orqali korrupsiya holatlari kelib chiqishiga olib kelishi mumkin.
Shu bois, loyiha ilovalarida takliflarni ko'rib chiqish va baholash muddatini hamda takliflar aynan qanday mezonlar bo'yicha baholanishini aniq belgilash tavsiya etiladi.
4. Loyiha 1-ilovasining 40-bandi birinchi xatboshiga ko'ra, “Ijaraga beriladigan ob'ektlar hisobini yuritish maqsadida ijaraga oluvchi ijara shartnomasi tuzilganidan keyin reestrga yozuvni kiritadi, ijara shartnomasi asl nusxasining har biriga hisobga olish yozuvining sanasi va raqamini ko'rsatgan holda hisobga olish to'g'risida belgi qo'yadi, uni muhr bilan tasdiqlaydi”, - deb belgilangan.
Ammo, ushbu masalalar ijaraga oluvchining emas, balki ijaraga beruvchining vakolat doirasidagi vazifalar hisoblanadi.
Shu sababli, ushbu xatboshidagi “ijaraga oluvchi” so'zlarini “ijaraga beruvchi” so'zlariga o'zgartirish tavsiya etiladi.
5. Loyiha 2-ilovasi nomlanishiga ko'ra, moddiy madaniy meros ob'ektlarini tekinga foydalanishga berish tartibini belgilaydi
Ammo, unda moddiy madaniy meros ob'ektlarini ijaraga berish bilan bog'liq qoidalar va tushunchalar kiritilgan. Xususan, ijaraga oluvchi, ijaraga beruvchi, ijara ob'ekti va boshqalar.
Fuqarolik kodeksi 617-moddasida tekin foydalanish shartnomasi tushunchasi berilgan bo'lib, unga ko'ra, “Tekin foydalanish (ssuda) shartnomasi bo'yicha bir taraf (ssuda beruvchi) ikkinchi tarafga (ssuda oluvchiga) ashyoni vaqtincha tekin foydalanish uchun berish majburiyatini oladi yoki beradi, ikkinchi taraf esa bu ashyoni qanday olgan bo'lsa, normal yeyilishni hisobga olib xuddi shunday holatda yoki shartnomada nazarda tutilgan holatda qaytarib berish majburiyatini oladi”, - deb belgilangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, loyiha 2-ilovasini tekin foydalanishga berishni tartibga soluvchi qonunchilik normalariga moslashtirish tavsiya etiladi.
6. Loyiha 2-ilovasining 25-bandiga ko'ra, “Moddiy madaniy meros ob'ekti va unga tutash hudud investitsiya majburiyatlari olingan holda ijaraga berish bo'yicha tanlovga qo'yilgandan keyin bir oy mobaynida qiziqish bo'lmagan va tanlov bo'lib o'tmaganligi e'tirof etilgan taqdirda ijaraga beruvchi uni ishchi organ tomonidan belgilangan shartlarda va ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda to'g'ridan-to'g'ri muzokaralar olib borish (ommaviy oferta) yo'li bilan tekin foydalanishga berilishi to'g'risida matbuotda e'lon beradi”, - deb belgilangan.
Ammo, bunda amaldagi qonunchilik va mazkur norma o'rtasida o'zaro qarama-qarshilik kelib chiqqan. Ya'ni, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 6-martdagi 53-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Moddiy madaniy meros ob'ektlarini va ularga tutash hududlarni ularni obodonlashtirish va zarur holatda saqlash bo'yicha investitsiya majburiyatlari olgan holda ijaraga berish tartibi to'g'risida”gi Nizomning 25-bandida yuqoridagi holatda moddiy madaniy meros ob'ektlari ijaraga berilishi mumkinligi belgilangan.
Mazkur normalar amaliyotda tushunmovchilik va turlicha talqin qilinishlarga olib kelmasligi maqsadida, yuqoridagi normaga aniqlik kiritish tavsiya etiladi.
7. Loyiha 2-ilovasining 35-bandi sakkizinchi xatboshiga ko'ra, tekin foydalanishga oluvchining majburiyatlaridan biri sifatida “ob'ektda restavratsiya-tiklash ishlarini va boshqa ishlarning loyiha-smeta hujjatlarini o'rnatilgan tartibda ishlab chiqilishi va davlat ekspertizasidan o'tkazilishini tashkil etish” belgilangan.
Biroq, bunday majburiyatlar Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qaroriga asosan, moddiy madaniy meros ob'ekti va unga tutash hudud investitsiya majburiyatlari olingan holda ijaraga berilganda yuklatiladi.
Shu bois, loyiha 2-ilovasining 35-bandidan 8-10 xatboshilarni, 36-bandidan 4-xatboshini hamda 32-bandi 3-xatboshidan “investitsiya takliflarini baholash tartibi” so'zlarini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
O'z SSP Axborot xizmati
15.08.2019
10:58