“O'zbekiston-Turkiya” ishbilarmon doira vakillarining biznes-uchrashuvi
2019 yil 9 sentyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Turkiya davlatidagi O'zbekiston Respublikasi elchixonasi bilan xamkorlikda “O'zbekiston-Turkiya” ishbilarmon doira vakillarining biznes-uchrashuvi «V2V» bo'lib o'tdi.
Asosiy maqsad - savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-kommunikatsiya va axborot texnologiyalari sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilishdan iborat.
Turkiya delegatsiyasi tarkibida qurilish, sog'liqni saqlash, turizm, logistika va AKT sohasida faoliyat yuritayotgan yetakchi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Delegatsiya raxbari, Turkiya O'zbekistonni mintaqadagi asosiy hamkor sifatida ko'rib chiqayotganini va samarali hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi. Xususan, O'zbekistondagi iqtisodiy o'sish sur'atlari, biznes aloqalarni rivojlantirish uchun yaxshi asos bo'lib xizmat qilishi e'tirof etildi. Turkiya ishbilarmon doiralari delegatsiyasining tashrifining asosiy vazifalari savdo-iqtisodiy hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlarini aniqlash va potensial imkoniyatlarni birgalikda ko'rib chiqishdan iborat ekani qayd etildi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakatning iqtisodiy salohiyati, investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, savdo, transport va logistika sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha takliflar taqdim etildi.
Ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirokidagi «V2V» uchrashuvida O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, jumladan, ikki mamlakat korxonalarining hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirish bo'yicha o'zaro fikr almashildi. Unda mamlakatimizda faoliyat yurituvchi 50 ga yaqin tadbirkorlik sub'ektlari ishtirok etdi. Muzokaralarda O'zbekiston-Turkiya savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, jumladan, O'zbekiston va Turkiya korxonalari o'rtasida sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish bo'yicha fikr almashish masalalari xam muhokama qilindi.
2019 yil yanvar-may oylarida O'zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o'rtasidagi o'zaro tovar aylanmasi o'tgan yilning shu davriga nisbatan 17.5% ga o'sib, 953,2 mln. AQSH dollarini tashkil qildi.
10.09.2019
09:28