Qo‘qonda katta bayram: Eta tongdan tantanali yurish boshlandi
Qo‘qonda tong. Bugun quyosh ham bu hududga o‘zgacha mehr bilan nur sochayotgandek. Ertalabdan ko‘chalarga chiqqan xorijiy mehmonlar qo‘llarida o‘z davlatlarini, hunarmandlar va mahalliy aholi esa O‘zbekiston bayrog‘ini tutgancha tantanali yurishni boshladi. Ya’ni xalqaro ilmiy-amaliy festival qatnashchilarining tantanali yurishlari (parad-shestvie) Xudoyorxon o‘rdasi maydonidan markaz yo‘nalishida harakatlanmoqda. Unda qiziqchilar, jarchilar va xon saroy ayonlari libosidagi aktyorlar jamoasi ishtirokchilarda o‘zgacha kayfiyat, ko‘tarinkilik bag‘ishlamoqda.
Xudoyorxon o‘rdasi joylashgan maydondagi Hunarmandlar shaharchasi Xalq sayllari, qo‘g‘irchoqbozlik, dorbozlar folklor jamoalari, viloyatlar madaniyat boshqarmalari tayyorlangan konsert dasturlari bilan o‘zgacha qiyofa kasb etmoqda.
Yurishdan keyin barcha ishtirokchilar Jahon hunarmandlar kengashi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha Prezidenti Kadda Kadumi xonimning kitobi taqdimotiga yig‘ilishadi.
Bugun o‘z ishining mohir ustalari o‘z qo‘li bilan amaliy san’at buyumlari yasashni istaganlarga mahorat saboqlari namoyishi va trening o‘tkazadi. Bunda Xudoyorxon o‘rdasi joylashgan maydondagi hunarmandlar shaharchasi Rishton, G‘ijduvon, Urgut, Toshkent, Kattabog‘, Madir, Samarqand, Andijon, G‘urumsaroy, Shahrisabz kulolchilik maktablari namoyondalari ishtirok etadi.
Kun davomida festival ishtirokchilarini Farg‘ona viloyatini diqqatga sazavor qadimiy va zamonaviy maskanlariga sayyohat kutmoqda. Misol uchun, Marg‘ilon shahriga sayohat, Said Ahmadxo‘ja eshon madrasasida joylashgan Hunarmandlar markazi, Yodgorlik korxonasi hamda kandakor Abdulhamid Madaliev, to‘quvchi Rasuljon Mirzahmedov va Abdunabi Toshtemirov ustaxonalari shular sirasidan. Madrasai Mir, Xo‘jaxon qozi, Xaziniy madaniy meros ob’ektlari Rassomchilik va miniatyura maktablari namoyondalari mahorat saboqlari namoyishi va treninglar ko‘pchilik uchun unutilmas taassurotlar qoldirsa, ajab emas.
Festival ishtirokchilari uchun osh tanlovi o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Saytimizni kuzatib boring, birinchi xalqaro hunarmandlar anjumanidan eng qiziq va qaynoq yangiliklarni bilib olasiz.
12.09.2019
13:05