Turkiyalik ishbilarmonlar Xorazmda
Turkiya Respublikasining Аdana viloyati savdo palatasi boshqaruv kengashi vitse-prezidenti Yujel Bayram boshchiligidagi delegatsiya Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi.
Shu yil 28 aprelь – 3 may kunlari Xorazm viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya Turkiya davlatida boʼlgan tashrif davomida Аdana shahar meri Zeydan Karalar va Аdana provintsiyasi gubernatori Mahmut Demirtash bilan uchrashuvlar oʼtkazilgan edi. Uchrashuvlarda ikki viloyat oʼrtasida turli yoʼnalishlarda oʼzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalasi muhokama qilinib, Аdana viloyatining sanoat palatasi, tijorat birjasi va sanoat zonasi bilan hamkorlikda Oʼzbekiston – Turkiya biznes-forumi oʼtkazilgan edi. Mazkur biznes-forum yakunida Turkiyaning “Delfingold sanayi ve Tijaret А.S.” kompaniyasi tomonidan 5 million dollar investitsiya kiritilishi hisobiga zargarlik buyumlari ishlab chiqarish, turkiyalik tadbirkor Dinger Аxmet tomonidan 2 million dollar investitsiya kiritish hisobiga Urganch shahridagi kichik turistik zonasida mehmonxona qurish hamda “JeyKiBi” kompaniyasi tomonidan 10 million dollar investitsiya kiritilishi hisobiga Hazorasp tumanida dastlab 1 ming 500 gektar maydonda zaytun bogʼi barpo etish loyihalari boʼyicha kelishuvlar imzolangandi.
Ushbu kelishuv doirasida Turkiyaning Аdana viloyatida turli sohalarda faoliyat yurituvchi kompaniyalarning 27 nafar vakilidan iborat delegatsiya mamlakatimizda boʼlib turibdi.
Tashrifning birinchi kuni viloyat hokimligining “Kengashlar uyi”da oʼtkazilgan davra suhbatida viloyat boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, mahalliy tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda Xorazm viloyati, uning iqtisodiyoti, viloyatda yaratilgan investitsion muhit hamda oʼzaro hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʼnalishlariga oid maʼruzalar tinglandi.
Shundan soʼng mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari koʼrgazmasi namoyish etildi. Turkiyalik ishbilarmonlar va mahalliy tadbirkorlar oʼrtasida “B2B” formatida muzokaralar oʼtkazildi.
Tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari Bogʼot tumanidagi “Xorazm teks” korxonasida boʼlib, ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Shuningdek, mehmonlar Hazorasp tumanidagi “Hazorasp tekstilь” korxonasiga, “Oʼzavtomotors” kompaniyasi (“GM Uzbekistan”)ning Xorazm filialiga va ushbu zavodga avtomobilь ehtiyot qismlari va detallar yetkazib beruvchi qoʼshma korxonalarga, “Develop tekstilь” xorijiy korxonasiga tashrif buyurdi.
Tadbir soʼngida Аdana viloyatining sanoat palatasi va Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi Xorazm viloyati boshqarmasi oʼrtasida kelishuv memorandumi imzolandi.
13.09.2019
16:32