Farg‘ona hunarmandchiligi – Saudiyaning “Al-Yamama” jurnali sahifalarida
“Al-Yamama” jurnali – arab o‘quvchisi uchun matbuot, axborot va madaniyat ko‘zgusidir. Bu jurnal orqali arab o‘quvchisi Saudiya xalqining bugungi muammolari, uni qiziqtirgan masalalar, dunyo mamlakatlari, ularning xalqlari hayoti bilan tanishib boradi.
“Al-Yamama” jurnalining 2019 yil 13 iyun № 2562-soni muqovasidan “O‘zbekiston – ipak, kulolchilik va ulamolar yurti” sarlavhasi o‘rin olgan va u jurnalning bosh mavzusi sifatida urg‘ulangan. Jurnal sahifalarida esa mamlakatimiz hunarmandchiligiga bag‘ishlagan turkum maqolalar chop etildi.
Jurnal Muhammadjon Obidovning Farg‘ona viloyatiga bag‘ishlangan “Farg‘ona – Markaziy Osiyo gavhari” maqolasi bilan ochiladi. Shuningdek, unda Sobirjon Dadaxo‘jaevning “Burhoniddin Marg‘inoniy – tiriklayin dafn etilgan olim”, Azimjon Xudoyqulovning “Marg‘ilon – ipakchilik poytaxti” va Manzura Erkaboyevaning “Rishton – kulolchilik san’ati” sarlavhali maqolalari Ar-Riyoddagi axborot va arab-rus tadqiqotlari markazining akademik direktori, Podsho Saud universiteti assotsiat-professori hamyurtimiz Murtazo Saydumarov tarjimasida nashr etilgan.
Ta’kidlash o‘rinliki, Prezidentimiz tashabbusi bilan Qo‘qon shahrida ilk bor o‘tkazilayotgan xalqaro hunarmandchilik festivali jahon hunarmandlarining chinakam do‘stlik va hamjihatlik bayramiga aylandi.
Festivalda ishtirok etayotgan 20 dan ortiq xorijlik ommaviy axborot vositalari xodimlari ham jarayonni keng yoritib bordilar.
16.09.2019
10:15