Ozarbayjon Respublikasiga yuqori darajadagi tashrifni tayyorlash masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 8 oktyabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligida videokonferensiya shaklida yig'ilish bo'lib o'tdi. Unda vazirliklar, tashkilotlar, tijorat banklari rahbarlari, shuningdek, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida investitsiyalar sohasiga mas'ul bo'lgan rahbarlar hamda O'zbekiston Respublikasining Ozarbayjondagi Favqulodda va muxtor elchisi SH.Fayziev ishtirok etdi.
Majlisda joriy yilning 14-15 oktyabr kunlari Ozarbayjon Respublikasida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining VII sammitida ishtirok etish bo'yicha oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik masalasi muhokama etildi.
Qamrovi va ahamiyati bilan Kengashga a'zo davlatlar o'rtasida keng ko'lamli aloqalarni mustahkamlovchi mazkur tadbir o'z navbatida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va yangi qo'shma tashabbuslarni ishga tushirish uchun ajoyib platforma hamdir.
Bu borada yig'ilish ishtirokchilari tomonidan O'zbekiston va Ozarbayjonning investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorligini kengaytirish imkoniyatlari o'rganib chiqildi. Batafsil tahlil jarayonida ozarbayjonlik sheriklar bilan yangi istiqbolli yo'nalishlarni qamrab olgan holda o'zaro hamkorlik maydonini kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi aniqlandi va amalga oshiriladigan qator loyihalar ishlab chiqildi. Ikki davlat iqtisodiyotining bir-birini to'ldirishi va Ozarbayjonlik salohiyatli sheriklarning katta qiziqishi investitsiya va savdo- iqtisodiy sohalarda qo'shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratishi ta'kidlandi.
Jarayonni faollashtirish uchun vazirliklar, idoralar va tijorat banklari rahbarlarining investorlar va shartnoma sheriklari bilan o'zaro aloqalarini mustahkamlash va hamkorlikning yangi imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida Ozarbayjonga tashrifini tashkil etish bo'yicha taklif ilgari surildi va qo'llab-quvvatlandi.
Manba: mift.uz
09.10.2019
16:50