HAKAMLIK SUDLARINING FAOLIYATI VA DOLZARB VAZIFALARI
Mamlakatimizda tadbirkorlik, tijorat va xususiy sektorga nisbatan munosabatlarni tubdan o‘zgartirish, ularning huquqlarini poymol qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik, qonuniy manfaatlari himoyasini ta'minlashga qaratilgan huquqiy himoya qilish tizimi shakllantirildi va uning tashkiliy mexanizmi takomillashib bormoqda. Bu borada nizolarni muqobil hal etishda asosiy nodavlat organ sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Hakamlik sudlarining o‘ziga xos o‘rni bor.
Shuning uchun ham O‘zR SSP Ijroiya qo‘mitasining qarori bilan tadbirkorlik sub'ektlari huquqiy himoyasini kuchaytirish, nizolarni hal qilishning muqobil usullaridan keng foydalanish, palata a'zolari va xodimlarining bu boradagi huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida Palata tizimida har oyning so‘nggi seshanba kuni "Hakamlik sudi" kuni deb belgilangan.
Shu munosabat bilan 2019 yil 5 noyabr' kuni Palata raisining birinchi o‘rinbosari I.K.Jasimov raisligida video-konferensiya tashkil qilindi. Unda palata tizimidagi Hakamlik sudlarining raislari va hakamlik sud'yalari, hududiy boshqarmalar boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari, yuridik bo‘lim xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda SSP huzuridagi Hakamlik sudining raisi F.Otaxonovning Palata tizimidagi Hakamlik sudlarining joriy yilning 10 oyi davomidagi faoliyati hamda hakamlik sud'yalari oldida turgan dolzarb masalalar bo‘yicha axboroti tinglandi va muhokama qilindi. Hakamlik sudlari tomonidan jami 7742 ta ishlar ko‘rilgan bo‘lib, bu o‘tkan yilning shu davriga nisbatan 2553 ta ko‘p demakdir.
Muhokamada hisobot davrida ijobiy natijalarga erishgan SSP Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Sirdaryo, Namangan viloyatlari hududiy boshqarmalari huzuridagi Hakamlik sudlari raislari R.Aybergenov, S.Karimov, S.Rasulov, A.Dadaxanov o‘z axborotlarida tadbirkorlik sub'ektlariga hakamlik muhokamasi afzalliklarini tushuntirish, ishlarni tezkor ko‘rib chiqish, boshqarmalarda Hakamlik sudlariga yaratilgan sharoitlar haqida ma'lumot berdilar.
Video-konferensiyada boshqa Hakamlik sudlari raislarining ham olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axborotlari tinglandi, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklari tanqidiy muhokama qilindi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar kelib chiqayotgan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Xususan, hakamlik sudlari to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjatlar va lokal hujjatlarning mazmuni, mohiyati va ahamiyatini ko‘rgazmali vositalar orqali tushuntirish; tadbirkorlik sub'ektlari o‘rtasida yuzaga kelgan nizolarni hakamlik sudlarida hal qilishning afzalliklari va o‘ziga xos xususiyatlarini ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritish; hakamlik sudlari bilan iqtisodiy sud va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar hamkorligida seminarlar tashkil qilish; hakamlik sudlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash lozimligini ta'kidlandi.
Tadbir ishtirokchilari yakdillik bilan Hakamlik sudlari o‘z faoliyatini qonuniylik, mustaqillik, hakamlik muhokamasi ma'lumotlarining oshkor qilinmasligi, hakamlik sud'yalarining xolisligi, dispozitivlik, hakamlik muhokamasi taraflarining tortishuvi va teng huquqliligi kabi prisiplariga rioya qilgan holda amalga oshirishini e'tiborga olib, joriy yilda ularda ko‘riladigan ishlar sonini mutasil oshirib borish, shuningdek mediasiya instituti imkoniyatlaridan ham foydalanish maqsadga muvofiq degan xulosaga keldilar.
06.11.2019
12:48