“Kooperatsiya kuni” yuqori darajada tashkil etildi
Davlatimiz rahbarining sanoatni jadal rivojlantirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va ko‘lamini kengaytirish borasidagi topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida, 5 noyabr “O‘zeltexsanoat” uyushmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamkorligida “Milliy mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonida mahalliy xom-ashyo resurslaridan samarali foydalanishning dolzarb masalalari” mavzusida ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jaev, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi Boshqaruvi raisi Mirziyod Yunusov hamda O‘bekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Islom Jasimov ochib berishdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston sanoatini zamon talablari asosida rivojlantirish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va turini kengaytirish masalalari davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Bugun elektrotexnika sanoatida 400 dan ortiq korxona faoliyat yuritib, o‘tgan davr mobaynida ushbu korxonalar tomonidan 7 trln. so‘mga teng bo‘lgan 2000 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning mahalliylashtirish darajasi 40 foizdan ziyodni tashkil etadi.
Shuningdek, tashkil etilgan yarmarkada “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi korxonalar tomonidan 200 dan ortiq import xom-ashyo va butlovchi qism mahsulotlari namoyish qilindi. Ishtirokchilarga korxonalarning kabel-sim, elektrotexnika va maishiy texnika mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan va bugungi kunda import qilinayotgan butlovchi qismlarni mahalliylashtirish imkoniyatlari taqdimoti (prezentatsiya) bo‘lib o‘tdi.
Xususan, sanoat kooperatsiyasi asosida “O‘zavtosanoat” AJ, “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ, “O‘zkimyosanoat” AJ, “O‘zbekneftegaz” AJ, “O‘zbekenergo” AJ singari ko‘plab korxonalar o‘rtasida butlovchi qismlarni yetkazib berish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Tadbirda Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari, boshqa vazirliklar va xo‘jalik birlashmalarining mas’ul xodimlari, erkin iqtisodiy zonalar rahbarlari, tadbirkorlik sub’ektlari va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari ishtirok etishdi.
Manba: mineconomy.gov.uz
07.11.2019
09:39