Hokimlar tadbirkorlarga to‘sqinlik qilmaslikka va’da beradi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 noyabr kuni joriy yilda davlat byudjetiga tushumlar prognozi ijrosini ta’minlash, tadbirkorlik va kichik biznesni joylarda yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Davlat rahbari «Biznes yuritish — 2020» hisobotida ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish, jumladan, yer ajratish, qurilish va mol-mulkni ro‘yxatga olish borasida qulayliklar yaratish kerakligini ta’kidladi.
Shu bois bugungi videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlarga yerni onlayn auksion orqali berish, mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha idoralararo elektron axborot almashinuvini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi. Xorijiy tajriba asosida, mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan mustaqil o‘tkazishga mas’ul alohida tuzilma tashkil etish taklifi bildirildi.
Prezident hokimlar 50 foiz ish vaqtini yangi kichik biznes sub’ektlari tashkil etish va ishlayotgan tadbirkorlarning muammolarini aniqlash hamda hal etishga sarflashi lozimligini ta’kidlab, juda ko‘p rahbarlar bunga befarqlik va mas’uliyatsizlik bilan qarab kelayotganini keskin tanqid qildi.
Buni O‘zbekiston bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalariga kelib tushgan 26 mingta murojaatning deyarli yarmi bevosita tuman darajasida hal qilish mumkin bo‘lsa-da, muammolar joyida yechilmagani uchun fuqarolar yuqori idoralarga murojaat qilishga majbur bo‘layotgani ham yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Bunday holatlar Samarqand, Toshkent, Xorazm, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida ancha yuqori.
Shuning uchun, barcha viloyat va tumanlar hokimlari ikki kun muddatda Tadbirkorlarga murojaat qabul qilishi bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Murojaatda tadbirkorlar oldida bundan keyin hech qanday to‘siqlar bo‘lmasligi, hududdagi barcha rahbarlar ularga yaqindan ko‘makchi bo‘lishi, har kuni doimiy ravishda tadbirkorlar masalalari bilan shug‘ullanishi to‘g‘risida hokimlar shaxsan kafolat beradi.
Murojaatning bosh mazmuni hamma narsa tadbirkor uchun ekanligini xalqimizga yetkazishdan iborat. Shuning uchun Murojaatni ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va aholi gavjum joylardagi bannerlarda e’lon qilib, unda hokimlar, sektorlar va mutasaddi idoralar rahbarlarining telefon raqamlari ham ko‘rsatilishi shartligi belgilandi.
Bundan tashqari, hududiy ishchi guruhlar joylarda yurib, hokimlar va sektorlar rahbarlari bilan birga tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etishi kerakligi ta’kidlandi.
Ma’lumki, tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun Xalq banki, Mikrokreditbank va Agrobank mas’ul etib belgilanib, ularga yetarlicha resurslar ajratib berilgan.
Yig‘ilishda mazkur moliya tashkilotlari hamda hududiy ishchi guruhlar rahbarlari joylarda tadbirkorlikning yangi imkoniyatlarini topish va hayotga tatbiq etish borasidagi sa’y-harakatlar bo‘yicha hisobot berdi.
Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman, tijorat banklari va boshqa vakolatli idoralarning o‘zaro hamkorligi joylarda hali sezilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Sohadagi barcha masalalar hokimliklar, Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Savdo-sanoat palatasi, Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va banklarning o‘zaro hamkorligida yechilishi zarurligi qayd etildi.
Davlat rahbari joylarda tadbirkorlar ishtirokida yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish quvvatlarini yaratishga kuchli turtki berish kerakligini ta’kidladi.
Bugungi kunda 49 tumanda ishlab chiqarish va 63 tumanda xizmat ko‘rsatish hajmining juda pastligi — ulardagi mavjud salohiyat, yer, xomashyo va mehnat resurslari to‘liq safarbar qilinmaganidan dalolat beradi.
Shuning uchun Iqtisodiyot va sanoat vazirligi rahbarlari boshchiligida joylarda sanoat va xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha doimiy ishchi guruhlar tashkil qilindi va ularga tarmoqlar biriktirildi.
Ushbu tuzilmalarga tarmoqlar bilan birga har bir tuman va shahar salohiyatini o‘rganib, 2020 yilda yangi quvvatlar tashkil etish, infratuzilma va xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bunda respublika bo‘yicha qariyb 1,5 mingta davlat mulki va davlat ulushi mavjud ob’ektlarini sotish hamda 70 mingta tadbirkor faoliyatini tiklash muhimligi qayd etildi.
Davlat bojxona qo‘mitasiga kelgusi yil 1 yanvardan boshlab eksport-import operatsiyalari uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi orqali elektron shaklda olinishini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Biznes-ombudsman boshchiligida tuzilgan maxsus ishchi guruhga oxirgi uch yilda tadbirkorlar tomonidan import qilinib, bugungi kunda ishlatilmay turgan 305 million dollarlik uskunalarni to‘liq ishga tushirish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
2020 yilda «Biznes yuritish» reytingida mamlakatimiz o‘rnini yanada yaxshilash, jumladan, ruxsatnoma berish va sertifikatlash tizimini soddalashtirish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda Soliq qo‘mitasiga noyabr-dekabr oylarida salohiyatiga nisbatan soliq tushumlari yetarli bo‘lmagan Nukus, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qarshi, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Urganch, Qo‘qon shaharlari hamda Zangiota, G‘ijduvon, Urgut, Xazorasp va Toshkent shahrining o‘n bitta tumanida soliqlarni to‘liq undirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilish topshirildi.
Zamonaviy usullar va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, yashirin faoliyat yuritish orqali soliqdan qochishning oldini olish choralarini ko‘rish zarurligi ta’kidlab o‘tildi. Binobarin, barcha sohalarda «xufiyona iqtisodiyot» ko‘lamlarini keskin qisqartirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ishlab chiqib, ijrosi ta’minlanadi. Jumladan, qurilish sanoatida soliqdan qochishning oldini olish uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini aniq hisoblash tizimi joriy etiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston bo‘ylab ishga tushirilayotgan yangi 145 ta yirik quvvatlarda shu yilning o‘zida mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, ular byudjetga qo‘shimcha daromad olib kelishini nazoratga olish zarurligi qayd etildi.
Manba: gazeta.uz
08.11.2019
09:38