Shavkat Mirziyoyev «Valday» konferensiyasi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi
Samarqandda «Valday» muloqot klubi hamda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan X Osiyo konferensiyasi davom etmoqda.
Samarqand shahridagi xalqaro forumlar saroyida o‘tayotgan konferensiya ishtirokchilariga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning tabrigi o‘qib eshittirildi:
«Yetakchi siyosatchilar, ekspert va ziyolilar ishtirokidagi «Valday» klubining X Osiyo konferensiyasini ilk marta O‘zbekistonda o‘tkazish biz uchun sharaf. Barchangizga bizning mehmondo‘st zaminimizga xush kelibsiz deb qolaman. Bu konferensiya uzoq yillar Sharq va G‘arb madaniyatlarining o‘zaro bir-birini boyitishga xizmat qilgan, yangi g‘oyalar va ilm rivojlangan Samarqandda o‘tkazilayotganida ramziy ma'no bor.
Samarqand dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan va bugungi kunda ham xalqaro munosabatlarning mustahkamlanishida muhim rol o‘ynash barobarida xalqaro munosabatlardagi ochiq muloqot uchun muhim joyga aylanmoqda.
Oxirgi ikki yilda bu yerda O‘rta Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanish bo‘yicha ikkita konferensiya, inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi va yana qator xalqaro tadbirlar yuqori darajada o‘tkazildi. Bu mintaqa uchun tarixiy ma'no kasb etadigan hamkorlikning «samarqandcha ruhi» haqida gapirishga imkon beradi. Umid qilaman, bugungi uchrashuv ham yaxshi an'anani davom ettirgan holda ochiqlik ruhida yuqori darajada o‘tadi.
«Valday» klubining har bir yig‘ilishi obro‘li hisoblanadi va ekspertlar diqqat markazida turadi. Bu dunyo e'tiborida turadigan katta voqelik. Yevrosiyo mintaqasida, shu jumladan Markaziy Osiyodagi murakkab jarayonlarga bag‘ishlangan bugungi muloqot ham kelajakdagi o‘zaro muloqotimiz uchun foydali bo‘ladi.
Markaziy Osiyo Yevrosiyo mintaqasida, umuman, butun geosiyosatda muhim ahamiyatga ega mintaqa hisoblanadi. Qisqa muddatdagi o‘zaro hamkorlikda mintaqada yangi do‘stlik, hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari shakllantirildi. Ichki muammolarni hal etishda yordam beradigan siyosiy ishonch oshdi. Davlat chegaralari, suvdan foydalanish, transport va savdo borasidagi masalalarga yechim topildi.
Bularning barchasi, shubhasiz, global xavfsizlik uchun muhim ahamiyat kasb etadi va Yevrosiyo mintaqasi rivojiga ijobiy ta'sir qiladi, mintaqa davlatlarining dunyodagi yirik hamkorlar, birinchi navbatda Rossiya bilan munosabatlari yaxshilanishiga keng imkoniyat ochadi.
Rossiya Federatsiyasi — O‘zbekistonning ishonchli strategik hamkori va ittifoqchisi. Bizning tarixiy do‘stlik asosiga qurilgan munosabatlarimiz rivojlanib bormoqda.
Biz O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ulkan potensialga ega savdo, ishlab chiqarish, investisiya, innovasiya, energetika, qishloq xo‘jaligi kabi yirik transmintaqaviy loyihalarni maksimal darajada amalga oshirish, ayniqsa madaniyat va ta'lim sohasidagi aloqalarni rivojlantirishga e'tibor berish kerak deb o‘ylaymiz.
«Valday» klubining bugungi O‘zbekistondagi uchrashuvi mamlakatlarimizning o‘zaro munosabatlar mustahkamlanishi, barcha sohalardagi hamkorlik va ishonchli muloqotga intilayotganini ko‘rsatadi.
Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!
«Valday» klubining Samarqanddagi X Osiyo konferensiyasi, shubhasiz, mamlakatlarimizning tahliliy-ekspertlik borasidagi munosabatlari yaxshilanishiga xizmat qiladi. Bunday uchrashuvlar davomli bo‘lishiga umid qilaman.
Sizga samarali ishlashni, Sharq durdonasi — tarixiy va doim yosh Samarqanddan katta taassurotlar olishingizni tilab qolaman».
11.11.2019
14:54