Qoraqalpog‘istonda hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 3 martdagi «2016 yilda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori va Ushbu qaror asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan 2016 yil 8 martida qabul qilingan 58-sonli qarori ijrosini ta’minlash va Respublikada raqobatbardosh, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, shuningdek, yirik sanoat korxonalari va kichik biznes vakillari o‘rtasida ichki va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash maqsadida 2016 yil 19-20 aprel kunlari Nukus shahri 1-son bolalar-o‘smirlar sport maktabida Qoraqalpog‘iston Respublikasining navbatdagi hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Respublikada faoliyat yuritayotgan 400 dan ziyod yirik va kichik ishlab chiqarish korxonalari, Respublikamizning Toshkent shahri, Xorazm, Buxoro, Namangan, Samarqand, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlaridan tashrif buyurgan tadbirkorlar o‘zlari ishlab chiqargan mingdan ortiq turdagi mahsulotlari bilan ishtirok etishdi.
Yarmarkaning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari M.Mamutov, Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi Direktsiyasi direktorining o‘rinbosari S.Ismatov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i X.Qaypnazarov tadbir ishtirokchilarini tabriklab, Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda mahalliy xomashyo asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar ishlab chiqarish, yirik sanoat korxonalari va kichik biznes sub’ektlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, mahalliylashtirish dasturining samarali amalga oshirilishi tufayli ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalari mustahkamlanib, mahsulot turi va sifati oshayotgani, eng muhimi, eksport o‘rnini bosuvchi, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilayotganini ta’kidlab o‘tishdi.
Yarmarkada har xil turdagi tayyor kiyimlar, tikuvchilik mahsulotlari, mebel mahsulotlari, qurilish materiallari, kimyo-dorivorlik (farmatsevtika) mahsulotlari svetodiotli lampalar, gilam va gilam mahsulotlari, trikotaj va xalq iste’moli mollari, xomashyo va butlovchi buyumlar, isitish mavsumida foydalanish uchun mo‘ljallangan har xil turdagi qurilmalar, quyosh nuri yordamida energiya hosil qiluvchi qurilmalar, qog‘oz va poligrafiya mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa sanoat mahsulotlari keng namoyish etildi.
Yarmarkaga tashrif buyuruvchilar uchun qo‘layliklar yaratish maqsadida ko‘rgazmaga qo‘yiladigan mahsulotlar nomenklaturasi, stend eskizi, ishtirokchilarga kabinalar va shartnomalar imzolash uchun katta zal, o‘z mahsulotlarini tanishtirish uchun kichik zal, o‘z mahsulotlarini ko‘rsatib borish uchun proektor bilan ta’minlandi.
Yarmarkada xaridorlar mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan taklif etilgan iste’mol tovarlarini tender tanlovisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali sotib olish imkoniga ega bo‘ldilar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Respublikadagi tijorat banklari va boshqa mutasaddi tashkilotlar bu borada ularga uslubiy va amaliy yordamlar ko‘rsatdi.
Har yili o‘tkazilayotgan hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida qator 2014 yili 10,6 milliard so‘mga, 2015 yili 14,6 milliard so‘mga shartnomalar to‘zilgan bo‘lsa, joriy yilgi hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida 19 mlrd. so‘mdan ortiq shartnomalar imzolandi.
Ushbu an’anaviy tadbir sanoatni rivojlantirish, tadbirkorlar faolligini oshirish, hududiy mahsulotlarni keng targ‘ib qilish hamda o‘zaro tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘tkazilgan tadbir haqidagi ma’lumotlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Tele va radiokanalining «Xabar» informatsion dasturi orqali o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillaridagi efirlarida yoritildi. «Erkin Qaraqalpaqstan» va «Vesti Karakalpakstana» gazetalarida maqolalar chop etilish arafasida.
29.04.2016
11:31