O‘zbekiston Respublikasini 2016-yilning birinchi choragida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasini 2016-yilning birinchi choragida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish global iqtisodiyotda inqirozli holatlar hamon davom etayotgan va iqtisodiyotning rivojlanishi sust kechayotgan, jahonda narxlarning pasayishi kuzatilayotgan, eksportbop ko‘plab asosiy tovarlarga nisbatan tashqi to‘lovga layoqatli talab kamayib borayotgan bir sharoitda amalga oshirildi.
Shunday bir sharoitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish uchun mavjud zaxira va imkoniyatlarni jalb etishga doir ko‘rilgan chora-tadbirlar samarasida joriy yilning birinchi choragida iqtisodiyotimizning barqaror o‘sish sur’atlari va makroiqtisodiy mutanosibligi ta’minlandi.
I. Iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlar va mamlakatni modernizatsiya qilishni chuqurlashtirish, makroiqtisodiy mutanosiblikni ta’minlash
2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturining hayotga tatbiq etilishi natijasida shu yilning birinchi choragida asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning ijobiy o‘sish sur’atlarini saqlash ta’minlandi.
2015-yilning birinchi choragiga nisbatan yalpi ichki mahsulot hajmi 7,5 foiz o‘sdi. Makroiqtisodiy barqarorlik davlat byudjetining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz profitsiti, tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi va 2 foizli inflatsiya darajasi hisobidan ta’minlandi.
Sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 7 foiz o‘sdi va yalpi ichki mahsulot tarkibida 36,1 foizni tashkil qildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi 6,7 foiz, chakana tovar aylanmasi hajmi 12,8 foiz, qurilish pudrat ishlari 19,4 foizga ko‘paydi.
Xomashyo va yarim fabrikatlarni chuqur qayta ishlash asosida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yuqori texnologiyali zamonaviy ishlab chiqarishlarni foydalanishga topshirishni jadallashtirish borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida investitsiyalar hajmi 8,5 foiz o‘sdi. Joriy yilning birinchi choragida o‘zlashtirilgan kapital qo‘yilmalar tarkibida markazlashtirilmagan investitsiyalar nisbatan katta hajmni (umumiy hajmning 80,7 foizi) tashkil etdi. Shuning 34,2 foizi xo‘jalik subyektlarining o‘z mablag‘laridir.
Zamonaviy xizmat turlarini, avvalo, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish asosida jadal rivojlantirish chora-tadbirlarining amalga oshirilishi samarasida xizmatlar hajmi 12,1 foiz ko‘paydi, ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi o‘tgan yilning shu davridagi 59,3 foiz o‘rniga 59,5 foizga yetdi.
O‘zbekiston Respublikasini 2016-yilning birinchi choragida
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari
(2015-yilning shu davriga nisbatan foiz hisobida)
Ko‘rsatkichlar |
O‘sish sur’atlari |
Yalpi ichki mahsulot |
107,5 |
Sanoat |
107,0 |
Chakana savdo aylanmasi |
112,8 |
Qurilish ishlari |
119,4 |
O‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi |
108,5 |
Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi |
106,7 |
Jami xizmatlar |
112,1 |
O‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 2015-yilning birinchi choragiga nisbatan 14,4 foiz o‘sdi va 732 million dollardan ortiqni, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 563 million dollarni tashkil qildi. O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan iqtisodiyotning strategik tarmoqlarida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun o‘zlashtirilgan mablag‘lar hajmi 14,3 foizga ko‘paydi.
Joriy yil boshidan buyon Investitsiya dasturi doirasida 368 yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlandi, umumiy qiymati 76,4 million dollarlik 12 yirik ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshirildi. Xususan, «Meylisoy koni qurilishi», «Jizzax plastmassa» aksiyadorlik jamiyatida polietilen plyonka va quvurlar, «Angren» maxsus industrial zonasida charm-galantereya buyumlari, «Jizzax» maxsus industrial zonasida shisha tolasidan issiqlik izolatsiya buyumlari, keng turdagi elektr qurilma va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish shular jumlasidandir. Shuningdek, «Buxorodonmahsulotlari» va «Navoiydonmahsulotlari» aksiyadorlik jamiyatlari tegirmonlarida energiya tejaydigan uskunalar o‘rnatish hisobidan texnik qayta jihozlandi va boshqa qator loyihalar amalga oshirildi.
Bundan tashqari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlarni amalga oshirish davomida shu yil boshidan buyon 632 ishlab chiqarish quvvati, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari (228 obyekt), qurilish materiallari (215), to‘qimachilik buyumlari, kiyim-kechak va charm mahsulotlari (91), mebel mahsulotlari (45), kimyo va plastmassa mahsulotlari (26), mashina va uskunalar (18), farmatsevtika mahsulot va preparatlari (9) ishlab chiqaradigan korxonalar ishga tushirildi.
Tarkibiy o‘zgarishlar jarayonlarini chuqurlashtirish va sanoat tarmoqlarini diversifikatsiya qilish natijasida joriy yilning birinchi choragida sanoat mahsulotlari ko‘payishining qariyb 80 foizi ishlab chiqaradigan sanoat tarmoqlari hisobidan ta’minlandi. Jumladan, kimyo mahsulotlari va plastmassa buyumlari ishlab chiqarish sur’ati 29,4, oziq-ovqat mahsulotlari 14,9, to‘qimachilik buyumlari, kiyim-kechak va charm mahsulotlari 14,6, farmatsevtika mahsulotlari va preparatlar 12,8 foizga oshdi.
Avtomobil benzini, ammoniy sulfati, natriy nitrati, seyalkalar, markazdan qochirma nasoslar, sement klinkerlari, shakar, arpa yormasi, gilam va gilam buyumlari, trikotaj kiyimlar, provitamin va vitaminlar, dori-darmon va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘paydi. Xususan, yil boshidan buyon tayyor tikuvchilik-trikotaj buyumlarining 18 yangi turi va 24 modeli, 38 turdagi qandolat, konservalangan meva-sabzavot va go‘sht-sut mahsulotlari, 26 nomdagi dori preparatlari va boshqa iste’mol tovarlari ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Joriy yilning birinchi choragida 2015-2019-yillarda tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish doirasida 534 loyiha bo‘yicha qiymati 981,3 milliard so‘mlik yoki 2015-yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘p mahsulot ishlab chiqarildi. Bunda import o‘rnini bosish samaradorligi 345 million dollardan oshdi.
2016-yil boshidan buyon mahalliylashtirilgan 37 turdagi yangi mahsulot, jumladan, neft-gaz-kimyo uskunalari va konveyyer uskunalarining ehtiyot qismlari, armatura, avtomobillar spidometri, sport trenajyorlari, bolalar velosiped va samokatlari, elektr suv isitish moslamalari va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Shu yilning o‘tgan davrida 2016-2020-yillarda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish dasturini amalga oshirish doirasida 2,3 mingdan ziyod obyekt barpo etildi. Buning natijasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 12,1 foiz, xususan, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 10,2, moliya xizmatlari 22,9, sog‘liqni saqlash xizmatlari 14, avtotransport xizmatlari 15,7, savdo xizmatlari 13,1 foizga ko‘paydi.
Energiya sarfini kamaytirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish doirasida shu yilning birinchi choragida iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha yiliga 280 million kVt/soat elektr energiyasi, 26 ming Gkal issiqlik energiyasi va 3,6 million kub-metr biogaz ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan manzilli tadbirlar ishlab chiqildi.
Umuman, ishlab chiqarish quvvatlarini texnologik yangilash, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va energiya samaradorligini oshirishga doir ko‘rilgan choralar samarasida joriy yil birinchi choragida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxini o‘rtacha 9,4 foiz qisqartirishga erishildi.
II. Iqtisodiyotning raqobatbardoshligini tubdan oshirish, eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish
Eksportbop asosiy tovarlarga nisbatan tashqi bozor kon’yunkturasi yomonlashib, narxlar pasayishi davom etayotgan bir sharoitda mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarining tashqi bozordagi o‘rnini saqlash maqsadida 2016-yilning birinchi choragida tashqi bozorda xaridorgir mahsulotlar hajmi va turini kengaytirish, ularning raqobatbardoshligini oshirish va eksportga yetkazib berish geografiyasini diversifikatsiya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Joriy yil boshidan buyon qiymati 270 million dollardan ziyod mahsulotlarni eksportga yetkazib beradigan 583 yangi korxona eksport faoliyatiga jalb etildi, 95 turdagi yangi tovarlar eksport qilindi, 20 yangi bozorga eksport mahsulotlari yetkazib berildi.
O‘tgan yilning shu davriga nisbatan meva-sabzavot eksport hajmi (1,2 barobar), qora metall prokati (1,9 barobar), molibden mahsulotlari (11 barobar), mis qotishmasi (1,8 barobar), ammoniy sulfati (1,7 barobar), suprefos (2,6 barobar ), polietilen hajmi (31 barobar) o‘sdi.
Kichik biznes korxonalari o‘z mahsulotlarini tashqi bozorga chiqarishga ko‘maklashish maqsadida Mahsulotlar eksportiga ko‘maklashish byurosi tomonidan joriy yil boshidan buyon 398 korxonaga maslahat xizmati ko‘rsatildi, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlash, akkreditatsiya, mahsulot eksporti, xalqaro va davlatlararo talablarni joriy etish bo‘yicha 29 xalqaro shartnoma tuzildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi 250 tadbirkorlik subyektiga qiymati 250 million dollardan ziyod mahsulotlarni eksportga chiqarishga yordam ko‘rsatdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari “O‘ztadbirkoreksport” ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi orqali qiymati 150 million dollardan ortiq o‘z mahsulotini eksport qildi.
Ho‘l meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish hajmini ko‘paytirish va turini kengaytirish hisobidan qishloq xo‘jaligi sektorining eksport salohiyatidan to‘liq hamda samarali foydalanish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 18-fevraldagi 2492-sonli va 2016-yil 7-apreldagi 2515-sonli qarorlariga muvofiq, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi va «O‘zagroeksport» tashqi savdo kompaniyasi tashkil etilib, yurtimizda yetishtirilgan meva-sabzavotlarni eksportga yetkazib berish bo‘yicha ularning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari belgilandi.
Bu borada amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida shu yilning birinchi choragi yakuni bo‘yicha eksport qilingan tovar va xizmatlar umumiy hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 100,1 foizni tashkil qildi.
III. Muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish
Joriy yilning birinchi choragida yo‘l-transport, ishlab chiqarish va axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish borasidagi ishlar faol davom ettirildi.
2015-2019-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturini amalga oshirish doirasida shu yil boshidan buyon 20 kilometrdan ziyod temir yo‘l uchastkalari qayta tiklandi, Angren-Pop elektrlashtirilgan yangi temir yo‘l liniyasini barpo etish va Pop-Qo‘qon-Andijon uchastkalarini elektrlashtirish, «Samarqand-Buxoro temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish va yuqori tezlikda harakatlanadigan yo‘lovchi tashish poyezdlari qatnovini tashkil etish» loyihasi doirasida Buxoro vokzalini qurish, shuningdek, Navoiy-Konimex-Miskin temir yo‘l liniyasi va Qandim gazni qayta ishlash zavodiga olib boradigan temir yo‘l qurish uchun yer polotnosi yotqizish ishlari amalga oshirildi.
Joriy yil boshidan buyon 2013-2020-yillarda telekommunikatsiya texnologiyalari, tarmoqlari va aloqa infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga ko‘ra, zamonaviy texnologiyalar asosida 500 kilometrdan ziyod keng polosali optik-tolali tarmoqlar barpo etildi va zaxiraga olindi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalini modernizatsiya qilish va kengaytirish ishlari davom ettirildi.
Natijada davlat axborot resurslari soni 317 taga yetdi, davlat organlari axborot tizimlari 484 tadan oshdi, 270 turdagi interaktiv xizmatlar joriy etildi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga davlat va xo‘jalik boshqaruvi, joylardagi davlat hokimiyatining 990 organi, ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari ulangan. Shu yil boshidan buyon Yagona portal orqali 520 mingdan ziyod xizmat ko‘rsatilib, o‘sish sur’ati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,8-martani tashkil qildi.
Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joy qurish dasturiga muvofiq, joriy yil birinchi choragida qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha 13 mingta yangi yakka tartibdagi shinam uylar qurilishi va bu massivlarni zamonaviy infratuzilma hamda bozor infratuzilmasi obyektlari bilan ta’minlash ishlari boshlandi.
Bu borada amalga oshirilgan chora-tadbirlar tufayli joriy yilning birinchi choragida 2,1 million kvadrat metr, jumladan, qishloq joylarda 1,4 million kvadrat metr uy-joy, shuningdek, 205,2 kilometr, jumladan, qishloq joylarda 162,3 kilometr suv quvurlari barpo etildi.
IV. Xususiy mulk, tadbirkorlik va kichik biznesni jadal rivojlantirish va ularning manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiyotda davlat ishtiroki ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish
Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada kamaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi samarasida shu yilning birinchi choragida xususiy sektorga qiymati qariyb 216 milliard so‘mlik investitsiya majburiyatini qabul qilish sharti bilan 178 davlat obyekti sotildi.
Aksiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investitsiyalarni jalb etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida hisobot davrida 6 yirik aksiyadorlik jamiyati ustav fondidagi davlat ulushining 15 va undan ko‘p foiz hajmi, jumladan, qo‘shimcha aksiyalarni muomalaga chiqarish orqali xorijiy investorlarga sotildi.
Amalga oshirilgan choralar natijasida ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari soni birinchi chorakda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,8 barobar, ya’ni 378 dan 209 taga kamaydi.
Aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruv tizimini tubdan isloh etish maqsadida joriy yilning birinchi choragida Korporativ boshqaruv kodeksi tasdiqlandi, 244 aksiyadorlik jamiyati tomonidan zamonaviy korporativ boshqaruv talablariga muvofiq ustavlar va boshqa ichki korporativ hujjatlar qabul qilindi.
2016-yilning birinchi choragida tadbirkorlik faoliyati va kichik korxonalar tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kichik biznes subyektlariga 3,6 trillion so‘mlik kredit yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3-marta ko‘proq, jumladan, 773 milliard so‘mlik mikrokreditlar ajratildi, xalqaro moliya institutlarining 40 million dollarga yaqin kredit liniyalari o‘zlashtirildi. O‘zbekiston Banklari assotsiatsiyasi huzuridagi Investitsiya loyihalari bo‘yicha loyiha hujjatlarini tayyorlashni moliyalashtirish jamg‘armasi ko‘magida qiymati 10 milliard so‘mlik 16 loyiha moliyalashtirildi.
Joriy yil boshidan mamlakatimiz tuman va shaharlarida tadbirkorlik subyektlariga «yagona darcha» tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari 16 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha «E-ijro» idoralararo elektron hamkorlik tizimini joriy etish orqali faoliyat boshladi. Hisobot davrida “yagona darcha” markazlari orqali 23 mingdan ziyod tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Xususiy tadbirkorlikka tovar va xomashyo bozorlaridan foydalanishini kengaytirilishi tufayli Respublika tovar-xomashyo birjasida davlat xaridlari bo‘yicha o‘z tovar va xizmatlarini yetkazib beruvchi sifatida ro‘yxatga olingan kichik biznes subyektlari soni 11 foizga ko‘paydi, davlat xaridlari ishtirokchilari umumiy sonida ularning ulushi 98,3 foizni tashkil qildi.
Qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar shu yilning birinchi choragida 8,4 mingdan ortiq yangi kichik biznes subyekti, ularning asosiy qismi sanoat va qurilish sohasida (30,8 foiz) tashkil qilindi. Bu esa, yalpi ichki mahsulotda kichik biznes ulushini 2015-yilning birinchi choragidagi 41,7 foizdan 43,1 foiz, sanoatda 32,6 foizdan 37,3 foiz, investitsiyalarda 31,5 foizdan 40,2 foiz, eksportda 20,9 foizdan 24,4 foiz, bandlikda 76,7 foizdan 77,1 foizga oshirish imkonini berdi.
V. Qishloq xo‘jaligini isloh etishni davom ettirish va tarkibiy o‘zgartirishlarni yanada chuqurlashtirish
Erlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish davlat dasturi ijrosi doirasida joriy yilning birinchi choragida 150 kilometrdan ziyod kollektor, 35,5 kilometr yopiq kollektor-drenaj tarmoqlari, 3 vertikal drenaj qudug‘i, 24 kuzatuv qudug‘i, 1 gidrotexnik inshoot barpo etildi. 2,9 ming kilometr kollektor-drenaj tarmog‘i tozalandi. Pudrat tashkilotlariga umumiy qiymati 40 milliard so‘mlik 140 ta melioratsiya texnika va uskunalarini lizing asosida yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzildi.
Qishloq xo‘jaligini yanada isloh etish va rivojlantirish dasturiga muvofiq, joriy yilda paxta maydonlari 30,5 ming gektarga qisqartirildi. Paxtadan bo‘shagan yerlar hisobga olingan holda, asosiy ekin maydonlariga, 172,6 ming gektarga sabzavot, 86,3 ming gektarga kartoshka va 26,3 ming gektarga poliz ekinlari ekildi. 5,2 ming gektar maydonda yangi intensiv bog‘lar barpo etildi, 5,7 ming gektar maydondagi bog‘ va 3,2 ming gektar tokzor rekonstruksiya qilindi, 163 gektar maydonda 4264 issiqxona tashkil etildi.
Meva-sabzavotlarni saqlash bo‘yicha moddiy-texnik bazani yanada mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida 10,5 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun 16 yangi sovutish kamerasi tashkil etildi.
Natijada shu yilning birinchi choragida 53,1 ming tonna sabzavot (2015-yilning shu davriga nisbatan 110,6 foiz) yetishtirildi. Yil boshidan buyon 95,1 ming tonna meva-sabzavot eksport qilindi.
Chorvachilik tarmog‘i salohiyatini yanada yuksaltirish chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida joriy yil boshidan buyon yirik shoxli qoramol va parrandalarni ko‘paytirish, baliqchilik va asalarichilik xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘yicha 664 loyiha hayotga tatbiq etildi. Buning samarasida shu yilning birinchi choragida yirik shoxli qoramollar soni 11,5 milliondan oshdi (2015-yilning shu davriga nisbatan 105,8 foiz), 425,8 ming tonna go‘sht (106,1 foiz), 12,7 ming tonna baliq (110 foiz), 1 594,8 ming tonna sut (106,4 foiz), 1 180,4 million dona tuxum (106,7 foiz) va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarildi.
VI. Ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholi hayot darajasi va sifatini yanada oshirish
Ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning birinchi choragida 167,4 mingta ish o‘rni yaratildi. Ularning 57,7 foizi qishloq joylarda tashkil etildi.
Yangi tashkil etilgan ish o‘rinlarining 12,9 mingtasi sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish dasturlarini amalga oshirish, 14,7 mingtasi muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida uy qurish dasturini hayotga tatbiq etish, 66,4 mingtasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, 36,7 mingtasi qishloq xo‘jaligini isloh etish va yer uchastkalarini optimallashtirish dasturlarini bajarish, 36,7 mingtasi xizmat ko‘rsatish va servis sohasi, oilaviy biznes va kasanachilikni rivojlantirish hisobidan tashkil qilindi.
2015-2016 o‘quv yilida kasb-hunar kolleji bitiruvchilarining ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish va bandligini ta’minlash maqsadida bitiruvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish va ularni keyinchalik mazkur korxonalarga ishga joylashtirish ko‘zda tutilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Kasb-hunar kollejlarining 387 ming bitiruvchilari bilan to‘rt tomonlama – “kollej-korxona-bitiruvchi-hokim” shartnomalar tuzilib, keyinchalik ish bilan ta’minlash maqsadida amaliyot o‘tashi uchun ular 150 mingdan ortiq korxona va tashkilotga biriktirildi.
Ta’lim jarayoni va tibbiyot xizmati sifatini yanada oshirishga doir amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida joriy yil boshidan buyon ta’lim va tibbiyot muassasalari obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, shuningdek, ularni zarur inventarlar bilan jihozlash uchun qiymati 221 milliard so‘mlik kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi (2015-yilning shu davriga nisbatan 113,9 foiz).
VII. “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida shu yilning birinchi choragida oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, mustahkam, sog‘lom va ahil oilani shakllantirishda joylardagi davlat hokimiyati organlari va jamoat tashkilotlari hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi.
Tibbiyot xizmati sifatini yanada yuksaltirish maqsadida sog‘liqni saqlash tizimining ambulatoriya-poliklinika bo‘g‘inini mustahkamlash, zamonaviy davolash va tashxis qo‘yish uskunalari joriy etish, aholiga ambulatoriya-poliklinika yordami ko‘rsatishni takomillashtirish hamda profilaktika tadbirlarini kengaytirish chora-tadbirlari amalga oshirildi.
Xalqaro tashkilotlarning moliyaviy ko‘magi bilan mamlakatimiz klinikalarida tug‘ma rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan 44 ta va tug‘ma yurak xastaligi bilan tug‘ilgan 10 ta bola operatsiya qilindi hamda sog‘lomlashtirildi. 155 ming nafardan ziyod bola boshqariladigan 12 infeksiyaga qarshi emlandi. 14 yoshgacha farzandi bo‘lgan 1120 oilaga, 2 yoshgacha farzandi bor 8460 oilaga, shuningdek, 2310 kam ta’minlangan oilaga moddiy yordam ko‘rsatish belgilandi.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturini amalga oshirish doirasida ushbu maqsadlarga jami qariyb 1,3 trillion so‘m yo‘naltirildi.
2016-yilning birinchi choragida iqtisodiy rivojlanishning yuqori o‘sish sur’atlari va makroiqtisodiy mutanosiblikni saqlash, salbiy tashqi o‘zgarishlarga muvaffaqiyatli qarshi turish hamda joriy yilda iqtisodiyotimizning 7,8 foiz darajasidagi prognoz o‘sish sur’atlariga erishish uchun salmoqli zaxira va imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning joriy yil 15-yanvardagi Vazirlar Mahkamasi majlisida belgilab bergan va xomashyo resurslarini qayta ishlashni chuqurlashtirish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, xususiy mulkchilikni rivojlantirish hamda mamlakatimiz aholisining tadbirkorlik daromadlarini ko‘paytirish uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini izchil amalga oshirish kelgusi yillarda iqtisodiyotimiz barqarorligini yanada oshirishni ta’minlash borasida muhim vazifalar hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi
Manba: uza.uz
03.05.2016
09:44