Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish: nimalar o‘zgardi?
2015 yilda “Doing Business” Jahon banki baholash metodologiyasi qayta ko‘rib chiqilguniga qadar O‘zbekiston “Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” ko‘rsatkichi bo‘yicha reytingda 65-pog‘onani egallagan. 2014 yilda o‘z biznesini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun tadbirkor 7ta bosqichdan o‘tishi shart bo‘lgan (2015 yilda bu bosqichlar tartibi 5taga tushirildi) va o‘rtacha 7,5 kun vaqt egallagan (2015 yilda – 6,5 kun). Bu esa aholi boshiga 3,3% (2015 yilda – 3,4%) daromadga teng bo‘lgan. Oxirgi hisobotda esa mamlakat o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 22 pog‘onaga balandlab, 42-o‘rinni egalladi.
BMT Taraqqiyot dasturi “O‘zbekiston biznes-forumi (III faza)” loyihasi ekspertlari ushbu ko‘rsatkichning keskin o‘sishini bir nechta omillar bilan bog‘lamoqdalar.
Bu omillarning birinchisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 7 apreldagi Farmoniga binoan keng qamrovli islohotlar o‘tkazilayotganligi, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarini Internet orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mexanizmining yo‘lga qo‘yilganligidir. Mazkur mexanizm Vazirlar mahkamasining 2013 yil 25 noyabrdagi №312-sonli Qaroriga binoan amalda qo‘llanilayotgan bo‘lib, yangi tashkil etilayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatga olish bilan bir vaqtda, vakolatli organ tomonidan soliq va statistika organlarida hisobga qo‘yish tartibini belgilab berdi.
Buning natijasida davlat tomonidan ro‘yxatga olish jarayonida, yangi korxonaga statistik kodlarni taqdim etish, soliq organlari hisobiga kiritish tartibi takomillashtirildi.
Ikkinchidan, tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish xizmatining Yagona davlat xizmatlari interaktiv portali (my.gov.uz) da joriy qilinishi ham xizmatdan foydalanishni osonlashtirib, O‘zbekistonda biznes tashkil etish jarayonini ancha qulaylashtirdi. Qonunchilikka binoan biznesni ro‘yxatga oluvchi organ vazifasini, tadbirkorlik sub’ektlariga “yagona oyna” tamoyili asosida davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi yagona darcha markazlar bajaradi va bu orqali davlat xizmatlarining sifati hamda shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Endilikda hisobga qo‘yish faqat ro‘yxatga oluvchi organ tomonidan Internet tarmog‘i orqali davlat registratsiyasi jarayonida amalga oshirilar ekan, JB jamoasi ushbu ko‘rsatkichni baholashda ikki jarayonni– statistika hamda soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yishni olib tashladi. Bu o‘zgartirishlar ro‘yxatdan o‘tkazish muddatini bir kunga qisqartirdi. Ayni paytda ro‘yxatdan o‘tkazish narxining 0,1%ga o‘sganligi esa eng kam ish haqi miqdorining oshirilganligi bilan izohlanadi.
Bunday islohotlar davom etmoqda. Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikdagi loyiha – “O‘zbekiston Biznes-forumi (III faza)” biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini to‘liq isloh qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqayapti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 15 maydagi Farmonida belgilangan vazifalar asosida tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish tizimini tubdan isloh etish bo‘yicha takliflar tayyorlandi. Taklif etilayotgan tizim tashkilotni onlayn rejimida 30 daqiqa ichida ro‘yxatdan o‘tkazish imkonini beradi. Bunda tadbirkorning ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga, davlat boji to‘lash uchun kassaga shaxsan borishi shart bo‘lmaydi, shuningdek, mazkur jarayondagi xarajatlar miqdori ham kamayadi.
Pensiyani jamg‘arish uchun onlayn hisobga qo‘yish tizimini amalga tatbiq qilish borasida olib borilayotgan islohotlar bilan birgalikda mazkur mexanizmning ham joriy etilishi respublikaning jahonda “Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” ko‘rsatkichi bo‘yicha reytingi sezilarli darajada o‘sishiga olib keladi.
Hamkorlikdagi loyiha ekspertlari prognozlariga ko‘ra, JB metodikasiga muvofiq, O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish ikki bosqichda amalga oshirilishi mumkin (birinchisi – real vaqt rejimida, optimallashtirilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish, ikkinchisi – bank hisob raqami ochish). Muassasani biznes boshlash bilan bog‘liq rasmiyatchiliklar (bunga firma nomini band qilish, ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun davlat boji to‘lash, ro‘yxatdan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma hamda ro‘yxatga olingan ta’sis hujjatlarini olish, muhr tayyorlatish, soliq va statistika idoralari, Xalq banki tomnidan hisobga qo‘yish, bankda hisob raqami ochish) ni nazarda tutgan holda tashkil etish bir kunni egallaydi. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga taqdim etiladigan hujjatlar soni yuridik shaxs-tadbirkorlik sub’ektlari uchun oltitadan ikkitagacha, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatan o‘tmoqchi bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun esa oltitadan bittagacha qisqarishi mumkin.
Kelgusida Singapur hamda Koreya Respublikasi tajribasi asosida tadbirkorlik sub’ektlari interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanishini rag‘batlantirish taklif etilmoqda. Masalan, O‘zbekistonda AKT sektorining keng qamrovli taraqqiyoti davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun to‘lanadigan boj (yig‘im va boshqa to‘lovlar)ning differensiallashtirilgan stavkalarini qo‘llash tartibini o‘rnatishga imkon beradi. Bu, Internet tarmog‘i, xususan, Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali xizmatdan foydalanilganda, davlat boji miqdorini pasaytirish imkonini beradi.
Taklif etilayotgan chora-tadbirlarni amalga oshirish qog‘oz hujjat aylanishining pasayishiga, davlat organlari tomonidan arizalarni ko‘rib chiqish va ular asosida qaror qabul qilish muddatlarining qisqarishiga xizmat qiladi. Afzalliklar qatorida murojaat etuvchilar va davlat organlar xodimlari o‘rtasida bevosita muloqotni istisno etish va internet tarmog‘idan keng foydalanish, shuningdek, davlat xizmatlaridan foydalanuvchilarni AT bo‘yicha savodxonligini oshirishga rag‘batlantirishni ajratib o‘tish mumkin.
Ta’kidlash joizki, Jahon banki (JB)ning “Doing Business”reytingi, biznes yuritish sohasida umume’tirof etilgan xalqaro me’yor va standartlarga erishish yo‘lida mo‘ljal bo‘lib xizmat qiladi. Reyting ishbilarmonlik muhiti o‘zgarishlarini, tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan sharoitlarni, tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq jarayonlarni soddalashtirish, shaffoflik darajasini oshirish amallarini baholash imkonini beradi. Shunday qilib, islohotlar samarasi o‘laroq, O‘zbekistonning xalqaro reytingi ko‘tarilishi jahonning 189 davlati orasida a’lo ko‘rsatkichga qadar bo‘lgan masofani ko‘rsatadi.
“Doing Business-2016” Jahon banki tadqiqotlari natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 2013-2015 yillar mobaynida ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish borasida eng ko‘p islohot o‘tkazgan mamlakatlar o‘nligidan joy oldi. Mamlakatda kuzatilgan davr davomida o‘tkazilgan keng qamrovli islohotlar, shuningdek, baholanadigan uch ko‘rsatkich: biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish, mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda kredit olish bo‘yicha O‘zbekiston ana shunday pozitsiyani egalladi. Alohida ko‘rsatkichlarni baholash metodologiyasini takomillashtirishda esa mamlakat hukumatining hissasi ham muhim ahamiyatga ega.
03.05.2016
17:03