Shavkat Mirziyoyev Tatariston delegatsiyasini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 noyabr kuni Tatariston Respublikasi prezidenti Rustam Minnixanov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Rossiya Federatsiyasi sub’ektlari orasida O‘zbekiston hududlari uchun yetakchi hamkorlardan biri bo‘lgan Tatariston bilan aloqalarning bugungi bosqichidagi dolzarb masalalar va amaliy sheriklikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yilda Tatariston poytaxti Qozon shahrida O‘zbekistonning bosh konsulligi ochildi.
Rossiyaning ushbu hududi bilan o‘zaro savdo hajmi ortmoqda. Mashinasozlik, neft-gaz, kimyo va boshqa tarmoqlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, kooperatsiyani kuchaytirish hamda qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika va farmatsevtika tarmoqlari, axborot texnologiyalari, uy-joy kommunal xo‘jalik, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida amaliy loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv so‘ngida 2020 yilga mo‘ljallangan «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish va sheriklikni kengaytirish bo‘yicha ikki tomonlama ishchi guruhining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazishga kelishib olindi.
27.11.2019
10:41