"Biznesda xalollik, xalqaro standartlar, mintaqaviy muammolar va kelgusidagi qadamlar" mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
16 dekabr Savdo-sanoat palatasi va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) xamkorligida "O‘zbekiston xususiy sektorida korrupsiyaga qarshi kurashishga ko‘maklashish" loyihasi doirasida "Biznesda xalollik, xalqaro standartlar, mintaqaviy muammolar va kelgusidagi qadamlar" mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Ushbu loyihaning asosiy maqsadi respublikada tadbirkorlikni rivojlantirishga xalaqit beradigan korrupsiyaga qarshi kurashda xalqaro tajriba va amaliyotni joriy etish, korrupsiyani oldini olish sohasidagi milliy qonunchilikni samarali amalga oshirishdir.
Konferensiyada YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Jon MakGregor, Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov, Germaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Gunter Leo Overfeld, OECDning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha korrupsiyaga qarshi tarmog‘i menejeri, Olga Savran, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha (Biznes Ombudsman) vakili Dilmurod Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari Svetlana Ortiqova, YXHT, OECD, Shveysariya, Ukraina, Qozog‘iston, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi, O‘zbekistonning bir qator vakolatli davlat va nodavlat organlari vakillari ishtirok etishdi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov o‘z nutqida ta'kidlab o‘tgan vazifalarga erishish uchun Bosh prokuror boshchiligidagi korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tuzilgan bo‘lib, u nafaqat davlatning, balki jamoat va boshqa nodavlat tashkilotlarining ham barcha sohalarda korrupsiyaga qarshi kurashishdagi imkoniyatlari va sa'y-harakatlarini birlashtiradi.
O‘z nutqi davomida, A.Ikramov tadbirkorlik subektlariga biznes sohasida olib borilayotgan korrupsiyaga qarshi davlat siyosatining mohiyati va ahamiyatini tezkor va professional ravishda yetkazish, shuningdek, tadbirkorlarning qonunga bo‘ysunishi va halolligini oshirishi kerakligini ta'kidlab o‘tdi.
- “Bu yerda ta'kidlashni istardimki, Savdo-sanoat palatasi qonunga ko‘ra jamoatchilik nazoratini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan tashkilotdir. Bizning ushbu yo‘nalishdagi ishimiz, birinchi navbatda, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini buzish faktlarini aniqlashga va davlat xizmatchilarining noqonuniy xatti-harakatlaridan ularning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bo‘ladi”, - dedi Adham Ikramov.
Ta'kidlash joizki, Savdo-sanoat palatasi qonunga muvofiq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik ekspertizasini o‘tkazadi, bu yerda korrupsiya normalarini aniqlashga alohida e'tibor beriladi. Shu yilning o‘zida 868 ta qonun hujjatlari loyihalari jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilib, ularning 506 tasi aniq tavsiyalar bilan salbiy xulosalar berdi.
O‘z navbatida, YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Jon MakGregor biznes korrupsiyasi biznesning uyg‘un rivojlanishi, uning barqarorligi va yaxlitligi uchun jiddiy tahdid va xatarlardan biri sifatida ko‘rilishini ta'kidladi. Bundan tashqari, biznesda korrupsiya mavjudligi davlatning biznesni yuritish uchun teng sharoitlar yaratishga qaratilgan harakatlariga bo‘lgan ishonchni susaytirishi va mamlakatning investision jozibadorligiga putur etkazishi mumkin.
Shuningdek, u ushbu konferensiya biznes sohasida davlatning korrupsiyaga qarshi siyosatini amalga oshirish bo‘yicha olib borilgan ishlar natijalarini tahlil qilish, tajriba almashish va qo‘shma ishlarni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shma tavsiyalar ishlab chiqish imkonini berishiga umid bildirdi.
U o‘z nutqining oxirida ushbu forum va tadbirni o‘tkazish juda foydali ekanligini va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti har doim O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ta'kidladi.
Konferensiya mavzulariga biznesning yaxlitligini ta'minlash bo‘yicha davlat strategiyalarini amalga oshirish, korporativ boshqaruv mexanizmlari va xususiy sektorda yaxlitlik, davlat korxonalarida shaffoflik va yaxlitlikni, biznes uslublari va ularga rioya qilishini ta'minlash kirdi. Ushbu konferensiya ertaga xam o‘z faoliyatini davom ettiradi.
16.12.2019
18:42