O‘zbekistonda bolalar o‘yinchoqlari ishlab chiqarishni rivojlantirishga bag‘ishlangan davra suhbati
Bugungi kunda bolalar o‘yinchoqlari har bir oilada, xonadonimizda bolalarni tarbiyalashda, ularni o‘stirib voyaga etkazishda muhim ahamiyatga egadir. Bolalar o‘yinchoqlari bolalarni to‘laqonli rivojlanishi, avvalo, ularning harakatlanish va aqliy imokniyatlarini ro‘yobga chiqarishga katta zamin yaratadi. Shuning uchun ham ota onalar, yaqinlarimiz bolalarning to‘liq rivojlanishlari uchun yaxshi, sifatli, foyda keltiradigan hamda bolaning rivojlanishiga imkoniyat beradigan o‘yinchoqlarni xarid qilishga intiladilar. O‘yinchoqlar bolalarda, avvalo, tashqi dunyoni anglashni, yaxshilik va go‘zallik kabi tushunchalarni shakllantirishda yordam beradi.
Bugun mahalliy o‘yinchoqlar ishlab chiqarish tarmog‘i jadval rivojlanib bormoqda. O‘tgan yillar davomida bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqaruvchi mahalliy tadbirkorlik sub’ektlari va korxonalarning soni ko‘payib bormoqda. Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, mahalliy ishlab chiqaruvchilar chetdan import qilinayotgan arzon va sifati juda yaxshi bo‘lmagan o‘yinchoqlar bilan bemalol raqobatlasha oladigan o‘zimizda oddiy shaqildoqlardan tortib murakkab konstruktorlik jamlamalarini ham muvaffaqiyatli ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqdalar. Buning zamirida yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda imkoniyatlar yotadi.
Biroq respublikamizda bolalar o‘yinchoqlari ishlab chiqarish rivojlanib borishi bilan tarmoqda echimini kutayotgan muammolar, ishlab chiqarishni tashkil etishdagi qiyinchiliklar hali ham mavjud bo‘lib, ularni bartaraf etish va bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqarish tarmog‘ining kelajakda rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab olish dolzarb vazifalar qatoriga kiradi.
Shu munosabat bilan, 2016 yilning 24 may kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi qator mutasaddi vazirlik va idoralar hamda bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqaruvchilar va ixtisoslashgan savdo do‘konlari va majmualari vakillarini jalb etgan holda mazkur davra suhbatini tashkil etildi.
Davra suhbatidan ko‘zlangan asosiy maqsad – mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan bolalar o‘yinchoqlari ishlab chiqarishni kelajakda yanada rivojlantirish, o‘yinchoqlarning sifatini yaxshilash, mahsulot assortimentini kengaytirish hamda bolalar o‘yinchoqlari ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirishdan iboratdir.
Ma’lumki, bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqarish sanoati shunchaki, ishlab chiqarish bo‘lmasdan voyaga etayotgan yosh avlodni rivojlanishi, tarbiyasi hamda imkoniyatlarini keng ochib berishga xizmat qiladigan tarmoqlardan sanaladi. O‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqarish bozori avvalo, 0 dan 12 yoshgacha bolalarni o‘z ichiga oladi va bu o‘z navbatida har qanday davlatdagi aholining o‘rtacha 25-30 % ni tashkil etadi. Mazkur holat bolalar o‘yinchoqlari ishlab chiqarish sanoatini mahalliy biznesning ilmiy-texnikaviy, ijod va ishbilarmonlik sohalaridagi salohiyatlarini keng qo‘llagan holda o‘yinchoqlar assortimentini yanada kengaytirish, bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirish hamda ishlab chiqarilayotgan o‘yinchoqlarni xorijiy bozorlarga eksport qilishda katta imkoniyatlarni yuzaga keltiradi.
Bu borada sifatli va xavfsiz bo‘lgan bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqarish har qanday davlat uchun sog‘lom bolalarni voyaga etkazishda o‘ta muhim masalalar sirasiga kiradi.
Shuning uchun sifatli bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqarish chetdan keltirilayotgan arzon garov o‘yinchoqlarni hajmini kamayiishga, ichki bozorimizni mahalliy mahsulotlar bilan to‘ldirishga hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning bolalar o‘yinchoqlarini xorijiy bozorlarga eksport qilinishiga zamin yaratadi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi
Matbuot xizmati
24.05.2016
12:27