Yangi mahsulotlar va manfaatli shartnomalar
“O‘zekspomarkaz”da geologiya, yoqilg‘i-energetika, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi tarmoq sanoat yarmarkasi ochildi. Unda 380 dan ziyod korxona o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda.
Geologiya, yoqilg‘i-energetika, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya tarmoqlari mamlakatimizning jadal rivojlanayotgan ishlab chiqarish sohalari hisoblanadi. Buni tarmoq yarmarkasiga qiziqish tobora ortib borayotganida ham kuzatish mumkin. 2014-yili mazkur ko‘rgazmada 250 dan ziyod korxona ishtirok etgan bo‘lsa, o‘tgan yili 330 dan ziyod biznes subyekti unda qatnashgan. Ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar samarasida ko‘rgazma stendlarida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi ostidagi eksportbop mahsulotlar turi tobora ko‘payib borayotgani e’tiborlidir.
Joriy yilgi yarmarkada “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, “O‘zbekenergo”, “O‘zbekko‘mir”, “O‘zkimyosanoat”, “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyatlari, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Toshkent rangli metall parchalari va rezgi-chiqitlarni tayyorlash va qayta ishlash zavodi, O‘zbekiston qattiq qotishmalar va o‘tga chidamli metallar kombinati hamda ular tarkibiga kiruvchi korxonalar, shuningdek, elektrotexnika, mebel, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda tadbirkorlik subyektlari ishtirok etmoqda.
Yarmarka stendlari orasida “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi tarkibidagi korxonalar alohida ajralib turibdi. Sohada ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash ishlari amalga oshirilib, tayyor mahsulotlarni mahalliylashtirish bo‘yicha loyihalar hayotga tatbiq etilayotir.
Sanoat forumida “O‘zbekneftgazqazibchiqarish”, “O‘zgeoburg‘uneftgaz”, “O‘ztransgaz”, “O‘zneftmahsulot”, “O‘zneftgazmash”, “O‘zneftgazqurilishinvest” korxonalari faol ishtirok etmoqda. Ular tomonidan geologiya-qidiruv ishlari, uglevodorod xomashyosini qazib olish, qayta ishlash va transportirovka qilish, neft-gaz obyektlarini qurish, mashinasozlik mahsulotlarini ishlab chiqarishdan tortib ilmiy-tadqiqot va loyiha-qidiruv ishlari va tayyor mahsulotlarni ichki hamda tashqi bozorda sotishgacha bo‘lgan barcha turdagi neft-gaz amaliyotlari bajarilmoqda.
Yarmarkada “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalar imkoniyatlari keng namoyish etilmoqda. Bu yerda “Farg‘onaazot”, “Navoiyazot”, “Ammofos-Maksam”, “Maksam-Chirchiq”, “Samarqandkimyo” aksiyadorlik jamiyatlari, Qo‘ng‘irot soda zavodi, Qo‘qon superfosfat zavodi singari 15 ga yaqin ishlab chiqaruvchi tomonidan eksportga mo‘ljallab ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va kooperatsion aloqalarni yanada kengaytirish asosida o‘zlashtirish uchun istiqbolli bo‘lgan mahsulotlar bilan tanishish mumkin.
«Samarqand NPK» qo‘shma korxonasi yarmarkada birinchi marta qatnashmoqda. Jiangsu Right Mashinery Group (Xitoy) bilan hamkorlikda «Samarqandkimyo» aksiyadorlik jamiyati qoshida tashkil etilgan mazkur korxona yiliga 240 ming tonna azot, fosfor va kaliy moddalarini turli nisbatda o‘zida birlashtirgan NPK o‘g‘itini ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Kompaniya mutaxassislarining ta’kidlashicha, joriy yilda to‘la quvvatda ishga tushadigan mazkur korxona mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan o‘g‘itlardan yuqori qiymatga ega mahsulotni ishlab chiqarish o‘zlashtirilishiga xizmat qiladi.
Mamlakatimiz metallurgiya tarmog‘ining yetakchi korxonasi – «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi ham ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Bu yerda kombinatda ishlab chiqarilgan ko‘plab mahsulotlar bilan tanishish mumkin. Ularning 12 tasi mahalliylashtirish dasturlari doirasida ishlab chiqarilgan bo‘lib, har bir loyiha bo‘yicha batafsil ma’lumot olish mumkin.
– Tarmoq yarmarkalari o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tarmoq ichida va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi «O‘zmetkombinat» AJ bosh muhandis xizmati rahbari Akmal Sharipov. – O‘tgan yilgi yarmarkada mahsulotlarni sotish bo‘yicha 187 milliard so‘mlikdan ziyod shartnomalar imzolagan edik. Bu yil bu ko‘rsatkichni 200 milliard so‘mdan oshirishni rejalashtirganmiz.
Yarmarkada «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalar tomonidan 150 turdan ortiq mahsulotlar taklif etilmoqda. Ular orasida Jizzax sement zavodi, Angren truba zavodi mahsulotlari ko‘pchilikning diqqatini tortmoqda. Xususan, 2013-yilda «Angren» maxsus industrial zonasida tashkil etilgan «Angren truba zavodi» unitar korxonasida mahalliy xomashyodan yuqori qiymatga ega mis trubalar ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotning 85 foizini eksportga chiqarish ko‘zda tutilgan.
Jamiyat ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda Mahalliylashtirish dasturiga muvofiq 34 loyihaning amalga oshirilishi 23,9 million dollar hajmdagi mablag‘ni tejab qolish imkonini beradi.
Tarmoq yarmarkasida kichik biznes subyektlari ham faol ishtirok etmoqda. «Jizzax» maxsus industrial zonasida faoliyat ko‘rsatayotgan «Yorqin chiroqlar» O‘zbekiston – Koreya qo‘shma korxonasi iqtisodiyot tarmoqlari uchun mo‘ljallangan svetodiodli lampalarni namoyish etmoqda.
– Korxonamiz 2015-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 7 vattli svetodiodli lampalar, 100 vattli ko‘chalarni yoritish moslamalari ishlab chiqarmoqda, – deydi korxona rahbari Xayrullo Otaboyev. – Yarmarkada ishlab chiqarishni kengaytirish yuzasidan yangi hamkorlar topishni mo‘ljallaganmiz.
Tadbirda mamlakatimizning yirik sanoat korxonalari tomonidan kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, mahalliylashtirish loyihalarida ishtirok etish istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazilmoqda.
Yarmarkaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov so‘zga chiqdi.
Manba: uza.uz
09.06.2016
09:57