Toshkentda Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining filiali ochiladi
O’zbekiston Savdo-sanoat palatasi Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining Toshkentdagi filialini ochish yuzasidan memorandum imzoladi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga qilgan rasmiy tashrifi doirasida 19-fevral kuni Anqara shahrida o’tkazilgan Oliy darajadagi O’zbekiston – Turkiya birinchi strategik hamkorlik yig’ilishi natijalari bo’yicha qo’shma bayonot imzolandi.
Ta’kidlab o’tish joiz, Turkiya yurtimizning yetakchi savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. Keyingi yillarda qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhiti samarasida turk biznesi vakillari O’zbekistondagi faoliyatini yanada kengaytirdi. Jumladan, 2019-yilda oʻzaro savdo aylanmasining hajmi 2,5 milliard AQSH dollaridan oshdi.
Tadbir doirasida ikki davlat o’rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar bo’yicha ham qator kelishuvlar o’rin olgan. Xususan, O’zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Turkiya Palatalari va birjalari ittifoqi “TOBB” qoshidagi Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining Toshkentdagi filialini ochish yuzasidan memorandum imzoladi.
O’zbekiston Savdo-sanoat palatasining Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining filialini ochish tashabbusi 2019-yilning oktyabr oyida Toshkentda bo’lib o’tgan Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi doirasida o’tkazilgan muzokaralarda ilgari surilgan va kelishilgan edi.
Poytaxtimizda ochilishi ko’zda tutilgan universitet filiali dual ta’lim tizimi asosida biznes va tadbirkorlik yo’nalishlarida mutaxassislar tayyorlaydi.
21.02.2020
14:46