“Jamoatchilik Kengashi” yig‘ilishi o‘tkazildi
Savdo-sanoat Palatasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi huzuridagi Tadbirkorlikka Ko‘maklashish Markazi UK Chirchiq shahar bo‘linmasi, shaharning Bosh vazir qabulxonasi bilan hamkorlikda, “Jamoatchilik Kengashi” yig‘ilishini o‘tkazdi. Unda hozirgi kunning dolzarb masalalari, tadbirkorlar faoliyatida uchrashi mumkin bo‘lgan byurokratik to‘siqlar muhokama qilindi.
Jumladan, yig‘ilishda 27 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev raisligida tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlashga qaratilgan vazifalar taqsimlandi.
Shuningdek muhokamada, tadbirkorlik yaxshi rivojlangan va aholi zich joylashgan hududlar atrofida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan va bo‘sh turgan yer maydonlarida kichik sanoat zonalari tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Ulardagi yer uchastkalari tadbirkorlarga bozor qiymatida egalik huquqi bilan sotish, tadbirkorlikni rivojlantirish va kasbga tayyorlash orqali kambag‘allikni kamaytirishga erishish mumkinligi alohida ta'kidlandi.
28.02.2020
16:08