TADBIRKORLIK TA'LIMI SOHASIDA O‘ZBEKISTON VA TURKIYa HAMKORLIGI KENGAYMOQDA
Anqara shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020 yil 4 martdagi Qarori ijrosi borasida Turkiya savdo palatalari va tovar birjalari uyushmasi bilan birgalikda Toshkent shahrida Turkiya iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining (TOBB ETU) filialini tashkil qilish masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan 4-7 mart kunlari O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda O‘zbekistonning Turkiyadagi Elchixonasi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Anqara shahrida bo‘lib qaytdi.
Xizmat safari davomida Turkiya savdo palatalari va tovar birjalari uyushmasi hamda Turkiya iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining rahbarlari bilan muzokaralar olib borildi. Muzokaralarda Turkiya tomonidan TOBB ETU universitetning rektori professor Guven Sak boshchiligida 50 dan ortiq rahbarlar va tor doiradagi mutaxassislar qatnashdilar. Shuningdek, Turkiya savdo palatalari va tovar birjalari uyushmasidan Yevropa Ittifoqi boshqarmasi boshlig‘i Mustafa Bayburtlu va qator mas'ullar ishtirok etishdi.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19-20 fevral kunlari Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi davomida imzolangan ikki tomonlama bitimlar va erishilgan kelishuvlarning to‘liq va sifatli amalga oshirilishi har ikkala tomon uchun naqadar muhimligi ko‘p marotaba ta'kidlandi.
Ushbu masalada TOBB ETU tomonidan rasmiy muhokamalar tashkil etilib, unda mazkur universitet to‘g‘risida batafsil ma'lumot berildi, shuningdek yangi universitet ochishda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi imkoniyatlari yuzasidan prezentatsiyalar qilindi.
O‘zbekiston vakillari a'zolari Turkiya universiteti filiali uchun Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti majmuasidan joy ajratilgani va loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ham hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi. O‘z navbatida, Turkiya tomoni mazkur loyihani to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
Shundan so‘ng Turkiya tomoni bilan quyidagi asosiy masalalar bo‘yicha muzokaralar olib borildi va kelishuvga erishildi. Xususan, yangi Universitet Turkiya Savdo-sanoat palatalari va birjalar ittifoqi hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan ta'sis etiladi. Qo‘shma dastur asosida ta'lim faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab, kunduzgi ta'lim shaklida, jumladan dual ta'lim, elektron va masofaviy ta'lim texnologiyalarini qo‘llagan holda, ingliz tilida amalga oshiriladi.
Bunda TOBB ETU Toshkentda ochilayotgan Universitetning ta'lim jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini tatbiq etishni ta'minlashga ko‘maklashadi. Shuningdek, yangi Universitet mutaxassislari malakasini oshirish va professor-o‘qituvchi xodimlarini qayta tayyorlash, universitetning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashi ko‘zda tutilmoqda.
Ta'kidlash joizki, Turkiya Savdo-sanoat palatalari va birjalar ittifoqi yangi ta'lim muassasasi kutubxona fondini shakllantirish va uni zamonaviy o‘quv, o‘quv-uslubiy va ilmiy-texnik adabiyotlar, masofaviy ta'lim resurslari, shu jumladan mul'timedia ko‘rinishidagi zamonaviy adabiyotlar bilan boyitishga ko‘maklashadi, o‘z tizimidagi ko‘zga ko‘ringan tadbirkorlar, malakali professor-o‘qituvchilarni Universitetda ta'lim berish va o‘quv jarayonini tashkil etish uchun jalb qiladi.
Universitet ta'sischilar bilan kelishilgan holda, ilk bosqichda qo‘shma ta'lim dasturi asosida bakalavriatda mutaxassislar tayyorlash, 10-15 kunlik kurslarda ilmiy-pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirib boradi.
Shu bilan birgalikda, yangi Universitetga abiturientlar qabuli va bitiruvchilar attestatsiyasi, Universitetga ta'lim oluvchilarni qabul qilish kvotalari, Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma'lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan TOBB ETUning belgilangan namunadagi diplomi berilishi masalalari keyingi bosqichda muhokama qilinishiga kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida, 2020 yil 6 mart kuni Iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida kadrlarni tayyorlash, oliy ta'lim sohasida hamkorlikni rivojlantirishga oid O‘zaro hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
Toshkent shahrida Turkiyaning Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetini tashkil etish bo‘yicha tashkiliy komissiya, yangi universitet Vasiylik kengashi va Ilmiy-amaliy kengash tuzishga kelishildi.
Iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti rahbariyati olib borilgan muzokaralardan qoniqish bildirib, yangi bosqichda, 2020 yil 17-22 mart kunlari universitet mas'ullarining Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga tashrifi amalga oshirilishini bildirishdi.
Avvalroq, Toshkentda Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining filiali ochilishi haqida ma'lumot bergan edik.
10.03.2020
12:28