Sud organi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi arizasiga binoan Yangiyo‘l tumani hokimining qarorini haqiqiy emas deb topdi
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasiga “MAVLONO” xususiy korxonasi tomonidan kelib tushgan murojaatida bayon etilishicha, Yangiyo‘l tuman hokimligining noqonuniy qarori asosida 48.18 ga yer maydonini asossiz tarzda boshqa bir tadbirkorlik sub'ektiga uzoq muddatga ijaraga berib yuborilgan. Shu sababdan, “MAVLONO” xususiy korxonasi Savdo-sanoat palatasidan o‘z yer maydonini qonuniy tarzda qaytarib olish maqsadida yordam so‘rab murojaat etgan.
Savdo-sanoat palatasi mazkur murojaatni o‘rganib chiqqan holda holat yuzasidan quyidagilarni aniqladi:
- Haqiqatan ham Yangiyo‘l tuman hokimining 01.03.2014 yildagi 140-sonli qarori bilan “MAVLONO” xususiy korxonasiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun jami 48,18 ga yer maydoni 49 yil muddatga ijaraga ajratib berilgan;
- O‘zR VMning 09.01.2019 yildagi 14-sonli qarori ijrosini ta'minlash bo‘yicha qabul qilingan Yangiyo‘l tuman hokimining 18.01.2019 yildagi 117-sonli qaroriga asosoan, “MAVLONO” xususiy korxonasi bilan tuzilgan 25.06.2014 yildagi yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasi asossiz ravishda bekor qilingan va yer uchastkasi tuman hokimining 04.09.2019 yildagi 3757-sonli qarori bilan boshqa tadbirkorlik sub'ektiga ijaraga berib yuborilgan.
Yuqoridagi holatlarni inobatga olgan holda, Savdo-sanoat palatasi “MAVLONO” xususiy korxonasining manfaatida Ma'muriy ishlar bo‘yicha Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahar sudiga ariza bilan murojaat qilgan.
Joriy yilning 5 iyun kuni Savdo-sanoat palatasi vakili ishtirokida Yangiyo‘l shahar sudida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida hal qiluv qarori e'lon qilinib, Yangiyo‘l tuman hokimining 2019 yil 18 yanvardagi 117-sonli qarorining “MAVLONO” xususiy korxonasiga oid qismi haqiqiy emas deb topildi va mazkur xususiy korxonaning buzilgan huquq va manfaatlari ximoya qilindi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan barcha tadbirkorlarni qonun doirasida qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini hamda shunga o‘xshash qonunbuzarlik holatlari va boshqa muammolar yuzaga kelganda muntazam yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor ekanligini eslatib o‘tadi.
Murojaat uchun: 78 150-60-06 hamda @SSP_Press telegram akkaunti.
12.06.2020
12:48