VOYAGA YETMAGAN SHAXSNING ISHLASHI QONUNIYMI: TALABLAR, IMTIYOZLAR VA JAVOBGARLIK MASALASI
Ommaviy axborot vositalarida fuqarolar hamda ish beruvchilar tomonidan voyaga yetmagan shaxsni mehnatga jalb qilinganligi uchun javobgarlikka tortilganligi to‘g‘risidagi xabarlarga ko‘p ko‘zimiz tushadi. Xo‘sh voyaga yetmagan shaxsning mehnatidan foydalanishni o‘zi qonun doirasidami?
Keling, avvalo qaysi toifadagi voyaga yetmagan shaxslar jalb qilinishi mumkin ishlar haqida so‘z yuritsak.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 77-moddasiga binoan voyaga yetmagan, ya'ni 18 yoshga to‘lmagan shaxs 16 yoshdan mehnat faoliyatini boshlashiga ruxsat etiladi.
Shuningdek, 15 yoshga to‘lgan voyaga yetmagan shaxslarga ham ishlashga ruxsat etiladi. Qachonki:
– 15 yoshga to‘lgan umumta'lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarining o‘quvchilarini - ularning ota-onasidan birining yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan birining, ya'ni vasiy yoki homiyning yozma roziligi bilan
– ularning sog‘lig‘iga hamda ma'naviy va axloqiy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, ta'lim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladi.
Ushbu qoidalar Xalqaro mehnat tashkilotining “Eng kichik yosh to‘g‘risida”gi 138-sonli konvensiyasida ham belgilab berilgan.
Voyaga yetmaganlarni ishga olish rad etilmaydi
Ta'kidlash joizki, 15 va 16 yoshga to‘lgan umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarini tamomlagan voyaga yetmagan shaxslarni bo‘sh ish joylariga ishga olishdan bosh tortish noqonuniy xatti-harakatdir. Chunki mehnat qonunchiligi, hususan Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 05 dekabrdagi 965-son qarori bo‘yicha ular ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar doirasiga kiradi hamda ular uchun korxonada minimal ish joylari belgilanishi shart.
ISHGA QABUL QILISH TAQIQLANGAN ISHLAR
Voyaga yetmagan shaxsni barcha turdagi ishlarga jalb qilib bo‘lmaydi. Mehnat kodeksining 241-moddasiga muvofiq, 18 yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatidan shu toifa xodimlarining sog‘lig‘i va xavfsizligi va axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan mehnat sharoiti noqulay boshqa ishlarda foydalanish taqiqlanadi.
Sog‘liq va xavfsizlikka ziyon yetkazuvchi mehnat sharoitlaridagi ishlar:
– yer osti, suv osti, xavfli balandlikda yoki yopiq muhitda bajariladigan,
– xavfli mexanizmlar, asbob va uskunalar bilan bog‘liq bo‘lgan,
– xavfli buyumlar yoki jarayonlar, harorat, shovqin yoki to‘lqinlanish darajasining yuqori ta'sirida voyaga yetmaganlarning sog‘lig‘iga zarar yetkazishga olib keladigan zararli sharoitlardagi,
– og‘ir mehnat sharoitlarida bajariladigan,
Axloq-odobiga ziyon yetkazuvchi mehnat sharoitlaridagi ishlar:
– tungi klublar,
– spirtli ichimliklar, tamaki mahsulotlari sotadigan do‘konlarda va boshqa joylar.
Xalqaro mehnat tashkilotining “Bolalar mehnatining eng yomon shakllari to‘g‘risida”gi 182-sonli konvensiyasiga binoan zo‘raki yoki majburiy mehnat, shu jumladan, pornografiya mahsulotlari tayyorlash yoki pornografik tomoshalarda ishtirok etish uchun boladan foydalanish, narkotiklar tayyorlash va sotish uchun boladan foydalanish, uni yollash yoki uni taklif qilish ham taqiqlanadi.
Shu bilan birga, voyaga yetmagan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxs ishga qabul qilinganda ish beruvchi tomonidan qabul qilinishi qonuniy. Faqat, bu toifadagi ishlar qonunchilikda belgilangan bolalar mehnati qo‘llanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlar hisoblanmasligi lozim.
Bunga misol sifatida yer osti tog‘ ishchisi, paxta urug‘larini dorilovchi, plita va bloklarni qoziqlovchi, gaz-quvur qurilmalari mashinisti, tibbiy preparatlarni dozalovchi va boshqalarni keltirishimiz mumkin. Ushbu toifadagi ishlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 29.07.2009 yilda 1990-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 12.05.2009 yilda 1954-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan Nizomga muvofiq, 18 yoshga to‘lmagan shaxslar ish jarayonida ushbu nizomda belgilangan og‘ir yuk ko‘tarish va tashish normalari doirasida yuk ko‘tarishlari va tashishlari shart.
Bunga misol sifatida 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarning ish vaqti faqat yuklarni qo‘lda ko‘tarish va tashish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlardan iborat bo‘lganda, ular uchun yuk ko‘tarish va tashish normasining chegarasi 4,1 kg dan og‘ir bo‘lmasligi, shuningdek ular aravacha va vagonetka yordamida yuk tashishlariga jalb etilmasligi lozim.
ISHGA QABUL QILISHDA E'TIBORLI JIHATLAR
Mehnat kodeksining 84-moddasiga binoan, voyaga yetmagan shaxslarni ishga qabul qilish jarayonida ularga nisbatan dastlabki sinovning belgilanishi taqiqlanadi.
Ishga qabul qilishda voyaga yetmagan shaxs albatta bepul asosda ish beruvchi tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi hamda doimiy ravishda voyaga yetguniga qadar majburiy tarzda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib boriladi.
Voyaga yetmagan shaxs ishga qabul qilinish jarayonida ishga taqdim etishi zarur bo‘lgan hujjatlardan pasport nusxasi o‘rniga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma hamda turar joyidan ma'lumotnoma so‘raladi.
VOYaGA YeTMAGANLARGA ISh DAVOMIDA BERILADIGAN IMTIYoZLAR
Voyaga yetmagan shaxs ishga qabul qilinganidan so‘ng u katta yoshdagi xodimlar bilan teng huquqlarga ega bo‘ladilar. Faqatgina mehnatni muhofaza qilish, ish vaqti, ta'tillar va boshqa mehnat shartlari sohasida ularga qo‘shimcha imtiyozlar beriladi.
Masalan, ish vaqtiga to‘xtaladigan bo‘lsak, voyaga yetmaganlarga nisbatan qisqartirilgan ish vaqti qo‘llaniladi hamda 16 dan 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlarga ish vaqtining muddati haftasiga - 36 soatdan, 15 dan 16 yoshgacha bo‘lgan shaxslar uchun esa haftasiga 24 soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi.
Shunga qaramasdan, voyaga yetmagan shaxs yuqoridagi kundalik ish vaqti qisqartirilgan rejimda ishlashidan qat'iy nazar, uning mehnatiga kundalik ish vaqti to‘liq bo‘lgan miqdorda haq to‘lanadi.
Agarda voyaga yetmagan shaxs o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida ishlayotgan bo‘lsa, o‘quv yili davomidagi ish vaqtining muddati 16 dan 18 yoshdagilar uchun 18 soat hamda 15 dan
16 yoshdagilar uchun 12 soatdan ortib ketishi mumkin emas. Bunda voyaga yetmagan shaxslarning mehnatiga haq to‘lash ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda yoki ishlab chiqargan mahsulotiga qarab belgilanadi.
18 yoshga to‘lmagan shaxslarni soat 22:00 dan 06:00 ni tashkil etuvchi tungi ishlarga, mehnat shartnomasida belgilangan vaqtdan tashqari bo‘lgan ish vaqtidan tashqari ishlarga hamda dam olish kunlaridagi ishlarga jalb etish taqiqlanadi.
Voyaga yetmagan shaxslarni qiziqtiradigan masalalardan yana biri – mehnat ta'tili bo‘lib, 18 yoshga to‘lmagan xodimlarga katta yoshdagi xodimlardan farqli o‘laroq kamida 30 kalendar' kundan iborat yillik ta'til beriladi. Ular ushbu ta'tilni mehnat faoliyatining boshlanganiga 6 oy bo‘lmasidan oldin, shuningdek, yoz vaqtida yoki yilning o‘zlari uchun qulay bo‘lgan boshqa vaqtida foydalanishlari mumkin. Ta'lim muassasalarida ishlab o‘qiyotgan voyaga yetmaganlarga yillik ta'tillar ularning xohishiga ko‘ra imtihonlar va laboratoriya-imtihon sessiyalari vaqtiga ish beruvchi tomonidan to‘g‘rilab berishi shart.
O‘QIB IShLAYOTGAN VOYAGA YETMAGAN UCHUN IMTIYOZLAR
Kirish imtihonlari topshirishga ruxsat etilgan voyaga yetmagan shaxslarga oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun o‘quv yurtlari joylashgan yerga borish va qaytib kelish vaqti hisobga olinmagan holda kamida 15 kalendar' kun ish haqi saqlanmagan holda ta'til beriladi. Sirtdan ta'lim olayotgan xodimlarga esa imtihon sessiyasida qatnashishi uchun o‘quv yurti joylashgan yerga borishi va u yerdan qaytib kelishi, diplom loyihasi tayyorlashi, yoqlashi yoki bitiruv imtihonlari topshirishi uchun yiliga 1 marta yo‘l kiraning 50 foizdan kam bo‘lmagan qiymatda haq to‘lab beriladi.
VOYAGA YETMAGANNI ISHLATISHDA MEHNAT MUXOFAZASI TALABLARI
Mehnat sharoitlari bo‘yicha yilning issiq davrida 0141-03-son SanQvaMga muvofiq:
yopiq ishlab chiqarish xonalarida bajaradigan ish kategoriyasiga (Ia-IIb) muvofiq ruxsat etilgan havo harorati 31,0°-29,0°C dan yuqori bo‘lmasligi lozim. Agar havo harorati 36°-34,5°C dan yuqori bo‘lganda inson sog‘lig‘i uchun o‘ta xavfli hisoblanadi, mazkur holatda ish joylarida havoni shamollatish va sovutish moslamalaridan foydalanish lozim;
ochiq maydonlarda bajaradigan ish kategoriyasiga (Ia-IIb) muvofiq ruxsat etilgan havo harorati 31,4°-30,0°C dan yuqori bo‘lmasligi lozim. Agarda havo harorati 36°-34,5°C dan yuqori bo‘lganda inson sog‘lig‘i uchun o‘ta xavfli hisoblanib, mazkur holatda ish rejimini o‘zgartirgan holda, ya'ni ish vaqtini kunning salqin vaqtlariga ko‘chirgan holda ishni tashkil etilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
VOYAGA YETMAGAN BILAN MEHNAT SHARTNOMASINI BEKOR QILISH
Voyaga yetmagan shaxs bilan mehnat shartnomasi bekor qilishda ham alohida tartib belgilangan. Unga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinganda tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlarining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
Yuqoridagi qonun talablariga rioya etilishiga ish beruvchilar hamda ota-onalar tomonidan amal qilinishi majburiy hisoblanadi. Hattoki, ota-onalar yoki ularni o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘zlarining voyaga yetmagan bolalari mehnatidan foydalanishda bolaning sog‘lig‘i holati va kasallanishining oldini olishga javobgardir. Ya'ni ota-onalar yoki ularni o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘zlarining voyaga yetmagan bolalari mehnatidan yuqorida taqiqlangan ishlarni shuningdek, ta'lim olish jarayoniga to‘sqinlik qiladigan ishlarni bajarishga yo‘l qo‘ymaslikka majbur. Chunki har bir yosh avlod t'lim olishga haqli. Agar yuqoridagi holatlar bo‘yicha qonunbuzilish kelib chiqsa, mehnat organlariga yoki prokuratura organlariga murojaat qilishlari zarur.
JAVOBGARLIK MASALASI QANDAY?
Voyaga yetmaganlar mehnatidan majburiy ravishda foydalangani hamda mehnatidan uning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda foydalangani uchun ma'muriy javobgarlik belgilangan. Majburiy mehnat uchun javobgarlik bazaviy hisoblash miqdorining 70 -100 baravarigacha, ularni taqiqlangan ishlarga jalb qilganlik uchun 10 - 20 baravarigacha miqdordagi jarimani tashkil etadi.
Agar yuqoridagi harakatlar bir yil davomida takroran sodir etilsa jarima, muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud axloq tuzatish ishlari kabi jazolardan iborat jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Aziz fuqarolar hamda ish beruvchilar tavsiya sifatida aytish mumkinki, voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanishda qonun talablariga rioya eting!
SSP Matbuot xizmati
07.07.2020
16:00