Andijonda “Tadbirkor qizning eng yaxshi loyihasi” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi
“Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmalari hamda “Tadbirkor ayol” uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda uch yo‘nalish bo‘yicha 48 yosh tadbirkor ishtirok etdi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Yunusova va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarning intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat va sport sohalaridagi yutuqlarini rag‘batlantirish, iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
– "Sog‘lom ona va bola yili" Davlat dasturi ijrosi doirasida o‘tkazilayotgan tanlov qizlarning tadbirkorligi, ishbilarmonligi, bilimi va iqtidorini namoyon etishida muhim omil bo‘layotir, – deydi viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Abdurashid Ma’mirov. – Ayniqsa, kasb-hunar kollejlarini tamomlayotgan qizlarga tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, joriy yilda viloyatdagi 117 kasb-hunar kollejini tamomlagan 21 mingga yaqin qizdan 2 ming 870 nafari tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan. Kollejlar qoshida tashkil etilgan bitiruvchi qizlarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi shtablar a’zolari tomonidan o‘quvchilar bilan suhbatlar o‘tkazildi. Ular taqdim etgan biznes-rejalar natijasiga ko‘ra, 2 ming 273 qiz saralab olindi. Ularga kredit olish, tadbirkorlikni tashkil etish, soliq imtiyozlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tanlovning “Ishlab chiqarish borasida eng yaxshi tadbirkor qiz” yo‘nalishi bo‘yicha Andijon tumani maishiy xizmat kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Gulnoza Mamasoliyeva, Paxtaobod yengil sanoat kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Tanzila Madaminova g‘olib bo‘ldi. “Servis sohasida eng yaxshi tadbirkor qiz” yo‘nalishi bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa industrial pedagogika kolleji bitiruvchisi Odina Ahmadjonova, Andijon tumani sanoat kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Zebo Madixonova birinchi o‘rinni egalladi. “Qishloq xo‘jaligi sohasidagi eng yaxshi tadbirkor qiz” yo‘nalishi bo‘yicha Chinobod qurilish kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Ziyoda Mirzayeva, Xo‘jaobod transport kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Gavharoy Abduraimova peshqadam bo‘ldi. G‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
– Mahallamizda asalarichilikni rivojlantirish bo‘yicha taqdim etgan biznes-rejam g‘olib bo‘lganidan xursandman, – deydi G.Abduraimova. – Bank tomonidan beriladigan imtiyozli kredit hisobiga asalari boqishni yo‘lga qo‘ymoqchiman.
G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tanlovning 42 nafar ishtirokchisiga imtiyozli kredit ajratilishini kafolatlovchi sertifikatlar topshirildi.
Manba: uza.uz
20.07.2016
12:06