Qoraqalpog‘iston Respublikasida «Oltin pichoq» pazandachilik ko‘rik tanlovining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 10 dekabridagi «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni tasdiqlash to‘g‘risidagi farmoyishida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi va Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkor (korxona bosh oshpazlari) o‘rtasida “Oltin pichoq” pazandachilik ko‘rik tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi 2016 yil 20 iyul kuni bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ko‘rik tanlov mutaxassislar kasbiy daraja va ko‘nikmalarini oshirish, tajribalarini ommalashtirish, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishni nazarda tutadi. Shuningdek, milliy taomlarni keng aholiga targ‘ib qilish, unutilib borayotgan taomlarni qayta tiklash va barcha hududlardagi oshpazlarning tajriba almashishiga imkoniyat yaratadi, madaniy va ma’naviy qadryatlarni keng targ‘ib qilish, umumiy ovqatlanish sohasi vakillarini o‘z kasbiga malakaviy yondashishlariga ko‘mak beradi.
Tadbirni Savdo-sanoat palatasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i X.Qaypnazarov boshqarib bordi. Tanlovni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Iqtisodiy masalalari bo‘yicha Kotibiyat rahbari S.Daniyarov kirish so‘z bilan ochib berdi. Undan so‘ng O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi bosh mutaxassisi A.Nazarov so‘zga chiqib, barcha oshpazlarga o‘zining ezgu tilaklarini bildirdi va ishtirokchilarga omadlar tiladi.
Ko‘rik-tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida Nukus shahri va barcha tumanlardagi restoran va kafelarning jami 17 ta oshpazlari ishtirok etishib, taom turlari erkin ko‘rinishda, ya’ni, qoraqalpoq, o‘zbek milliy taomlari va jahon taomlarini tayyorlashdi.
Ishtirokchilar hakamlar tomonidan 8 mezon, ya’ni ishtirokchining maxsus uniformasi, shaxsiy gigiena talablariga javob berishi, ish joyini sanitariya va gigiena talablari asosida tashkillashtirishi, taom ko‘yiladigan stolning servirovka qilinishi, tayyorlangan salatlarning turlari va mazasi, taom tayyorlash texnologik jarayonlari to‘g‘ri amalga oshirilishi, oshpazlik mahorati va taom tarqatish jarayoniga ijodiy yondashishi, taomning taqdimoti va mazasi bo‘yicha baholandi.
Xakamlarning qo‘ygan baholariga binoan Kegeyli tumani «Aysultan Sharapatdin» xususiy firmasi bosh oshpazi I.Mambetnazarova 1 o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2-o‘rinni Chimboy tumani «Satullaeva Venera» ma’suliyati cheklangan jamiyati bosh oshpazi A.Zaripova, 3-o‘rinni esa Nukus shahridan «Al Jaxangir Nukus» ma’suliyati cheklangan jamiyati bosh oshpazi F. Zakirovlar qo‘lga kiritib, oltin, kumu shva bronza medallari, mahsus diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, tanlovda qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha To‘rtkul, Xo‘jayli va Qo‘ng‘irot tumanidan kelgan oshpazlar g‘olib dep topilib, mahsus diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqlirlandi.
Ko‘rik tanlovda 1, 2 va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan g‘oliblar tanlovning Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
25.07.2016
12:38