“Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi
Istiqlolning dastlabki yillaridanoq erkin va farovon jamiyat qurish yo‘lida xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidorlarini ro‘yobga chiqarish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlikkka keng jalb etish hamda bandligiga ko‘maklashish masalasiga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Mazkur e’tibor natijasi o‘laroq, mamlakat iqtisodiyotining tayanch ustunlaridan biri bo‘lgan mazkur yo‘nalishlarda ham mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor bo‘lgan xotin-qizlarimiz etishib chiqdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ana shunday fidoiy xotin-qizlarnining yaratuvchanligi, bunyodkorligi, mehnatlarini ulug‘lash, madaniy-ma’naviy xayotda, jamoat ishlaridagi o‘rni va mavqeini yuksaltirishni asosiy vazifalaridan biri deb biladi.
Shu ma’noda 2016 yil 26 iyulь kuni poytaxtimizda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mamlakatimiz mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlab “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi o‘tkazildi.
Ko‘rik-tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham mamlakatimiz taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lida faol ishtirok etayotgan shijoatli, izlanuvchan, tadbirkor va fermer xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, hududlarda xotin-qizlar o‘rtasida oilaviy tadbirkorlikni jadal rivojlanishini rag‘batlantirish, mamlakat iqtisodiyotida xotin-qizlar ishtirokidagi xususiy sektorning ulushi va ahamiyatini oshirish, jamiyatda xotin-qizlar tadbirkorligini sifat jihatdan rivojlantirishdagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, tadbirkorlikka oid kasbiy mahorati va bilim darajasini oshirish uchun zaruriy shart-sharoit yaratish hamda ular rahbarlik qilayotgan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida xo‘jalik aloqalarini kengaytirishga ko‘maklashish va eng asosiysi partiya Dasturi, Saylovoldi platformasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishdan iborat.
Ko‘rik-tanlovning ochilish marosida so‘z olgan partiya faollarining ta’kidlashicha joriy yilda ilk marotaba yuqori saviyada o‘tkazilgan mazkur loyihaning tuman, shahar va viloyat bosqichlarida 10 ming nafarga yaqin tadbirkor, ishbilarmon va fermer ayollar ishtirok etdi. Viloyat bosqichida faol ishtirok etib g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 56 nafar tadbirkor va fermer ayollar Respublika bosqichigacha etib keldi.
Tanlov ishtirokchilari dastlab karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi hamda tadbirkor va fermer ayollar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda tadbirkor, ishbilarmon, hunarmand, fermer xotin-qizlarning mahsulotlari, ayniqsa, milliy yo‘nalishdagi liboslar namoyishi ko‘rik tanlov ishtirokchilarida milliy g‘urur, Vatanga muhabbat, Mustaqillikka bo‘lgan shukronalik hissini uyg‘otdi. Hamkor tashkilotlar va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraktsiyasi a’zolaridan iborat bo‘lgan hakamlar hay’ati ishtirokchilarning ishlari bilan yaqindan tanishib, adolatli baholab borishdi.
Shuningdek, ishtirokchilarning loyiha nizomiga muvofiq, xotin-qizlar uchun qo‘shimcha yangi ish o‘rni yaratganligi, faoliyat turidan kelib chiqib eksportga yo‘naltirilgan yoki import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish, aholiga ko‘rsatayotgan xizmatining sifati hamda faoliyatida hayotga tadbiq etib kelayotgan yangi innovatsion g‘oyalari ham baholashda alohida e’tiborga olindi.
Tadbirda ishtirok etgan soha mutahassislarining ta’kidlashicha, mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishda kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlari, ayniqsa, bunda xotin-qizlar ishtirokini yanada oshirish borasida qator ishlar izchillik bilan amalga oshirildi. Natijada mazkur sohada faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar ulushi 40 foizga etdi. Kichik biznes subektlariga o‘tgan olti oy davomida 8,3 trln. so‘m kreditlar ajratilgan bo‘lsa, shundan ayollarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 897,1 mlrd. so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi.
Natijada joylarda ayollar rahbarligida kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik, fermer xo‘jaliklari, aholiga sifatli servis-xizmat ko‘rsatish shahobchalari, ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish barobarida ayollarni, ayniqsa, kollejni tamomlagan qizlar bandligini ta’minlashga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.
Ishbilarmon ayollarning chinakam bayramiga aylangan mazkur tadbir davomida ayolni, Vatanni, istiqlolni madh etuvchi kuy va qo‘shiqlar sadosi ostida tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda hakamlar tomonidan ishbilarmon ayol maqomiga munosib ko‘rilgan ishtirokchilar nomi e’lon qilinib, partiya va hamkor tashkilotlarning diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Jumladan, 3-o‘ringa Taxtako‘pir tumanidagi “Rano chevar” ko‘p tarmoqli xususiy korxonasi rahbari Ulbosin Annabaeva, Oltinko‘l tumanidagi “Oltinko‘l orzu umidi” fermer xo‘jaligi rahbari Xusnida Axmedova, G‘iduvon tumanidagi “G‘ijduvon Mashhurasi” xususiy korxonasi rahbari Zamira Safarova, 2-o‘ringa Jizzax viloyatidagi “Xolmo‘min-Zohid” fermer xo‘jaligi rahbari Sharofat Norieva, Farg‘ona viloyatidagi “Al-mansur” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Uktamxon Davronova, Toshkent viloyatidagi “Shaxliya” MChJ rahbari Shoxista Madiyorova hamda 1-o‘ringa Buxoro viloyatidagi “Malishoyak” fermer xo‘jaligi rahbari Sanam Jumaeva, Xorazm viloyatidagi “Xorazm texnologiyasi” xususiy korxonasi rahbari Nigora Qo‘shjanova, Toshkent shahridagi “Torgovoe oborudovanie” MChJ rahbari Rinati Yusupovalar g‘olib bo‘lishdi. Shuningdek, namoyish etilgan loyihalar asosida yuqori natijalarga erishgan, xotin-qizlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirishda hamda xotin-qizlar bandligini ta’minlashda tashabbus ko‘rsatgan ishtirokchilar “Zamonaviy tadbirkor ayol portreti”, “Yilning muruvvatli ishbilarmon ayoli”, “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirayotgan fermer ayol”, “Tashabbuskor ayol” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham taqdirlandilar.
Tadbir davomida partiya “Ayollar qanoti” faollari va loyiha ishtirokchilari ko‘rik-tanlov haqida o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirib, o‘zaro tajriba almashdilar.
O'zSSP Matbuot xizmati
27.07.2016
09:57