Istiqbolli loyihalar taqdimoti
Qarshida “Tadbirkor qizning eng yaxshi loyihasi” tanlovining Qashqadaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
“Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmalari hamda “Tadbirkor ayol” uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida navqiron avlodning hech kimdan kam bo‘lmay ulg‘ayishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratish, yoshlarning intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2004 yil 25 maydagi “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ayollarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Viloyatda joriy yilda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini 23 mingdan ziyod qiz tamomladi. Bitiruvchilar bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan bitiruvchilarga tijorat banklari tomonidan 2,2 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratilishi rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, ushbu tanlov doirasida viloyatdagi tadbirkor ayollar, oilaviy tadbirkorlik sub’ektlari, hunarmand va fermerlarning mahsulotlari namoyish qilindi. Kollejni bitiruvchi qizlar uchun tadbirkorlik bo‘yicha usta-shogird mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
“Servis sohasidagi eng yaxshi loyiha”, “Qishloq xo‘jaligidagi eng yaxshi loyiha”, “Ishlab chiqarish sohasidagi eng yaxshi loyiha” nominatsiyalarida g‘oliblar aniqlandi va ular tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etadi. Bir necha tadbirkor qizga tijorat banklaridan kredit olish imkonini beruvchi maxsus sertifikatlar topshirildi.
– Popopchilik bilan besh yildan buyon shug‘ullanaman, – deydi “Ishlab chiqarish sohasidagi eng yaxshi loyiha” nominatsiyasi g‘olibi, Kitob tumanidagi Sevaz qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Umriniso Hamidova. – Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibordan foydalanib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqdaman. Men tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektida uch nafar tengdoshim doimiy ish bilan band. Buyurtma asosida ishlayapmiz. Tanlovga faoliyatimizni yanada kengaytirish uchun bir qator loyihalar taqdim etdim. Ular ma’qullandi, 18 million 600 ming so‘mlik imtiyozli bank krediti oladigan bo‘ldim.
Manba: uza.uz
04.08.2016
11:38