Navoiy shahrida korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasi tashkil etildi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda qulay investisiyaviy muhitni yaratish, xususiy mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, mamlakatimiz Prezidentining joriy yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bu boradagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi.
Bugun Navoiy shahrida o‘z ishini boshlagan korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasi viloyatdagi mavjud davlat korxonalarini sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini shaffof tarzda amalga oshirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Qisqa muddatlarda, salkam 4,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan mazkur klinikada taraqqiyotning asosiy omillaridan bo‘lgan davlat aktivlarini xususiylashtirishda rivojlangan davlatlar tajribasidan samarali foydalangan holda yangicha tizim asosida ish olib boriladi.
– Eng asosiysi ushbu klinika o‘z biznes faoliyatlarini yuritish istagida bo‘lgan tadbirkorlar uchun bir qator qulayliklar va imkoniyatlar yaratib berishi bilan yanada ahamiyatlidir. Jumladan, davlat aktivlarini xarid qilish, ijaraga olish istagida bo‘lgan har qanday tadbirkor yoki investor jarayonga tegishli barcha savollariga shu yerning o‘zida yetarli barcha javoblarni oladi, ortiqcha sun'iy byurokratik to‘siqlarga barham beriladi.
Shuningdek klinika faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida davlat aktivlarini boshqarish, bank, soliq, kadastr, savdo-sanoat, investisiya va tashqi savdo boshqarmalaridan mas'ul xodimlar jalb qilindi. Bundan ko‘zlangan maqsad “yagona darcha” tamoyilida ishlarni tizimli olib borishdir, deydi Navoiy viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sa'dulla Mirzayev.
Klinika ish faoliyatining birinchi ish kunidayoq Navoiy viloyati hokimi K.Tursunov yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib chiqdi hamda shahar va tumanlar hokimlari bilan onlayn muloqot o‘rnatib, galdagi vazifalar xususida fikr almashdi.Shuningdek, hokim viloyat markazida tashkil etilgan klinika faoliyatini yanada takomillashtirish hamda barcha shahar va tumanlarda ham uning filiallarini tez orada tashkil etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi
10.11.2020
09:48