Konsultativ va moliyaviy qoʼllab-quvvatlash yoʼli bilan kichik korxonalarga koʼmaklashish dasturi o’z faoliyatini boshladi
Joriy yilning 27 noyabr kuni ushbu dasturning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda loyiha jamoasi tomonidan saralab olingan korxonalar vakillari bilan tanishuv uchrashuvi o‘tkazildi, treninglar, kouching va grantlar olishga oid barcha ma'lumotlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, dastur doirasida O‘zbekistonning tajribali mutaxassislari asosiy biznes-vazifalarni hal etish, strategik rejalashtirish, marketing, operatsion va moliyaviy menejment kabi yo‘nalishlarda treninglar va konsalting xizmatlari, shuningdek individual kouching maslaxatlarini amalga oshirishadi.
Dastur Jizzax, Namangan, Samarqand, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlari vakillari uchun mo‘ljallangan, uch bosqichdan iborat va 3 oy mobaynida davom etishi rejalashtirilgan.
I-bosqich: tanlab olingan korxonalar uchun onlayn shaklda treninglar oʼtkaziladi.
II-bosqich: korxonalar uchun konsalting va shaxsiy kouching maslahatlari beriladi.
III-bosqich: ishtirokchi kompaniyalarga ularning biznes gʼoyalari/loyihalarini amalga oshirish uchun 10 ming АQSh doll. miqdorigacha ekvivalentda begʼaraz texnik koʼmak olish imkoniyati beriladi.
Dasturda ishtirok etish bepul, tanlov asosida.
Maʼlumot uchun telefon: 1094.
Biznesni integratsiyalashgan qo‘llab-quvvatlash dasturi Rossiya xukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan «O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish» qo‘shma loyihasi mablag‘lari va Yaponiya xukumatining moliyaviy ko‘magi hisobidan amalga oshirilmoqda.
29.11.2020
12:18