Eksportga ko‘maklashish boshqarmasi boshlig‘i G‘.Usmanov bilan suhbat
Hozirgi pandemiya davrida O‘zbekistonda tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga fikringiz qanday?
Bugun kunda O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy islohotlarida eksport strategiyasi muhim o‘rin tutmoqda. O‘zbekiston diversifikatsiyalashgan iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishga asosiy e'tiborni qaratgan holda import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarishga katta ahamiyat bermoqda.
2020-yil 1-noyabr holatiga O‘zbekistonning tashqi savdosi hajmi 30 mlrd.dollarga yetib, eksport hajmi 13,3 mlrd.dollarni va import esa 16,7 mlrd.dollarni tashkil etgan.
Hozirda milliy iqtisodiyotimizda eksportga yo‘naltirilgan tarmoqlarning salmog‘i tobora ortib bormoqda. Ma'lumki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston uchun an'anaviy sanalgan meva-sabzavot mahsulotlari eksporti qatorida milliy eksportda oziq-ovqat, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, charm-poyabzal, elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari, mebel sanoatining ulushi salmoqli ravishda ortgan. Jumladan, eksport tarkibida sanoat mahsulotlari ulushi 17,6%, oziq-ovqat mahsulotlari ulushi 8%, kimyoviy mahsulotlar ulushi 5%, mashina va transport vositalari ulushi esa 2,3% dan iboratdir.
Tashqi iqtisodiy faoliyat, xususan ekportni rivojlantirish borasida davlat tomonidan qanday imkoniyatlar yaratilmoqda?
Eksport salohiyatini oshirish maqsadida respublikamizda tashqi savdoni takomillashtirish, undagi mavjud to‘siq va g‘ovlarni olib tashlash, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish va qulay shart-sharoitlarni yaratish, tashqi iqtisodiy faoliyatga doir tartib-qoidalarni soddalashtirishga qaratilgan iqtisodiy islohotlar amalga oshirilishi davom etmoqda.
Shuningdek, eksportni moliyalashtirish, sug‘urtalash, hamda transportda tashish masalalarida qator imtiyoz va preferensiyalar joriy etilib, tashqi savdo bilan bog‘liq nazorat tizimini tubdan isloh qilish va infratuzilma holatini yaxshilashga qaratilgan qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev tomonidan 2020-yilda barqaror iqtisodiy o‘sishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish, ular uchun yangi xalqaro bozorlar topish va eksportni ko‘paytirish, tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanish masalasi belgilab qo‘yilgan.
Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida tadbirkorlik subyektlariga Palata tomonidan qanday ko‘maklar beriladi?
O‘zbekiston Respublikasining “Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq Savdo-sanoat palatasining vazifalaridan biri etib mahalliy tadbirkorlik subyektlariga xorijiy sheriklarni, yangi bozorlarni izlashda va o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotni tashqi bozorlarga olib chiqishda, eksport turlarini kengaytirish va tadbirkorlik subyektlarining eksport salohiyatini oshirishda, shuningdek ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ko‘maklashishi belgilangan.
Palata zimmasiga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, 2020-yil davomida hududlarda tadbirkorlarga yangi turdagi eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarishga ko‘maklashish, tashqi savdo sohasida vakolatli davlat idoralari bilan eksporterlarning masalalarini hal etishda yordam berish, yangi bozorlarga mahalliy eksporterlarni ko‘proq jalb etish, xorijiy bozorlardagi talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar to‘g‘risida axborotlar berish hamda mahsulot sifatini oshirish borasida eksporterlarga amaliy yordam ko‘rsatishga qaratilgan sa'yi-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda.
Pandemiya davrida mahsulotlar eksport qilish borasida qanday ishlar amalga oshirildi?
Joriy yilning koronavirus tarqalishi sharoitida murakkab bo‘lganligiga qaramasdan Palata tomonidan o‘tgan davr mobaynida Turkiya, Rossiya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Xitoy, Afg‘oniston, Malayziya, Tojikiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston va boshqa xorijiy davlatlar ishbilarmon doiralari bilan qator biznes-forumlar, onlayn muloqotlar hamda biznes uchrashuvlar o‘tkazilishiga muvaffaq bo‘lindi va bu tadbirlarda yuzlab mahalliy tadbirkorlik subyektlarining ishtirok etishi ta'minlandi.
Palata tomonidan o‘z faoliyatida mahalliy eksporterlarning tijorat takliflarini xorijiy davlatlardagi elchixonalarimiz va hamkorlarimiz yordamida salohiyatli xaridorlar e'tiboriga yetkazib berish ta'minlandi.
Tashqi iqtisodiy faoliyatga oid qonunchilik hujjatlari loyihalari bo‘yicha jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilib, ular yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga tegishli xulosalar kiritildi.
Mahalliy eksporterlarning bojxona, soliq, sertifikasiya, ruxsat berishga oid masalalari bo‘yicha murojaatlarini vakolatli davlat idoralarida hal etilishida yaqindan ko‘mak berildi.
Xorijiy davlatlarning O‘zbekistondan mahsulotlarni xarid qilishga bo‘lgan talablari mahalliy tadbirkorlik subyektlari e'tiboriga doimiy ravishda yetkazib borildi.
Milliy brendlarni rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlariga tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish masalalarida zarur axborot-maslahatlar berildi.
Palata tomonidan 2020-yilda qancha hajmdagi mahsulotni eksport qilishga yordam berildi?
Palata tomonidan joriy yilning 9 oyi davomida 211 ta mahalliy tadbirkorlik subyektlariga jami 97 mln.dollar miqdorida mahsulotlarini 24 dan ortiq xorijiy davlatlarga eksport qilishda ko‘maklashildi.
Hozirgi jahon iqtisodiyotida bo‘layotgan shiddatli o‘zgarishlar to‘g‘risidagi dolzarb ma'lumotlar tadbirkorlik subyektlariga qanday yetkazib berilmoqda?
Hozirgi jahon iqtisodiyotida bo‘layotgan shiddatli o‘zgarishlar tadbirkorlardan, ayniqsa, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida dolzarb ma'lumotlarga ega bo‘lishni taqozo etadi. Bugungi kunda Palata tadbirkorlar uchun dolzarb bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyatga oid ma'lumotlarni tezkorlik bilan tahlil qilgan holda mahalliy tadbirkorlik sub'ektlari e'tiboriga yetkazishni yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, xorijiy davlatlardagi mahsulotlarga bo‘lgan talab, bozorlardagi asosiy shart-sharoitlar, mahsulot hajmi va tashqi iqtisodiy faoliyatga tegishli bo‘lgan turli yo‘nalishlardagi dolzarb mavzular bo‘yicha qisqa, lo‘nda va aniq ma'lumotlarni Palata veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallari orqali yetkazishga katta ahamiyat berilmoqda.
08.12.2020
11:34