Tadbirkorlik subyektlari o‘z faoliyatida korrupsion munosabatlarga kirishish ahvolini o‘rganish yakunlarining qisqacha tahlili
Tadbirkorlikning jadal va erkin rivojlanishi, biznesda barcha uchun teng imkoniyat va sharoitlar yaratishga to‘sqinlik qilayotgan eng xavfli illat bu korrupsiyadir.
Shu bois, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan 2020-yil davomida joylarda tadbirkorlik subyektlari faoliyatida vujudga kelayotgan tizimli muammolar, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar, korrupsion munosabatlarga to‘qnash kelish kabi masalalar yuzasidan so‘rovnoma o‘tkazildi va natijalari tahlil qilindi.
So‘rovnoma Palataning rasmiy axborot kanali, telegram orqali
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan bo‘lib, 1267 nafar tadbirkor savollar orqali qo‘yilgan masalalarga o‘z munosabatini bildirdi. Savollarga javob bergan tadbirkorlarning asosiy ulushi Samarqand viloyati (259 ta yoki 20,4%), Farg‘ona (221 ta yoki 17,4%), Andijon (186 ta yoki 14,8%), Toshkent (142ta yoki 11,2%) viloyatlari, Toshkent shahri (135 ta yoki 10,6%) va boshqa viloyatlar (324 ta yoki 25,5 %) hissasiga to‘g‘ri keladi
So‘rovnoma doirasida umumiy hisobda 8 ta savol belgilangan bo‘lib, mazkur savollarga hududlar miqiyosida berilgan javoblar infografika tarzida taqdim etilmoqda.
Yuqoridagi tahlillar shuni ko‘rsatadiki, so‘rovnomada qatnashgan va ovoz bergan tadbirkorlarning asosiy qismi Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, ularning aksariyat qismi 10 yildan ortiq hamda 3 yilgacha bo‘lgan vaqt mobaynida faoliyat yuritishmoqda.
Ovoz berganlardan 8 foizi korrupsion holatiga bir marotaba, 70 foizi esa ko‘p marotaba to‘qnash kelganligi, qolgan 22 foizi bunday holatga to‘qnash kelmaganligi ko‘rsatilgan, bu esa tadbirkorlik subyektlarining 78 foizi korrupsiyaga to‘qnash kelganligini anglatadi.
Korrupsiyaga kirishish ahvoli sohalar kesimida o‘rganilganida, tadbirkor birinchi navbatda yer maydonini ajratishda (30,4%), bankdan kredit mablag‘larini olishda (21,2%) hamda tadbirkorlar faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazilishida (17%) bunday noqonuniy munosabatlarga kirishishga majbur bo‘lganligini ko‘rish mumkin.
Ushbu so‘rov natijalaridan tadbirkorlarning huquqiy va qonuniy manfaatlarini kafolatlashga mas'ul bo‘lgan davlat organlari mansabdor shaxslari tadbirkorlarni korrupsiya munosabatlariga kirishishga majbur qilish holatlariga batamom chek qo‘yilmaganligini ko‘rish mumkin.
Ma'lumot: "Sud huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish" boshqarmasi boshlig‘i Bobur Ibadullaev tomonidan tayyorlandi.
10.12.2020
17:21