Yangi yilga yangi imkoniyatlar bilan
Insoniyat tarixidagi yana bir voqealarga boy yil o‘z yakuniga yetmoqda. Karantin yer yuzidagi barcha odamlarning halovatini buzgan bo'lsa-da, lekin hamjihatlik ruhini sindira olmadi. Shunday hamjihatliklardan biri sifatida "Ne'matjon Ikromjon Dilnoza" fermer xo'jaligida meva-sabzavotlarni sovuqxonada saqlash bo'yicha biznes-loyihasining amalga oshirilishini namuna qilib keltirish mumkin. Mazkur biznes loyiha Savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot Dasturi hamda Rossiya Federatsiyasining moliyaviy k`omagida amalga oshirilayotgan «Farg‘ona vodiysida fermerlarni iqlim o‘zgarishi hatarlariga moslashishi va barqarorligini oshirish» hamkorlik loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Meva va sabzavotlarni eksportga tayyorlash va jo'natish jarayonlarida sovuqxonalar muhim rol o'ynaydi. Bizning iqlim sharoitimizda etishtirilayotgan meva sabzavotlarning asosiy qismi tez buziladigan bo‘lib, ularni yakuniy iste'molchiga minimal nobud bo`lish holatda etkazib berish ko'p jihatdan sovuqxonada saqlash xususiyatlariga bog'liqdir: yig‘im terim, oldindan sovutish, tezkor muzlatish haroratlari, boshqa meva-sabzavotlar bilan saqlash holatlari va boshqalar. Bu holatlarni fermer xo‘jaligida ham yaxshi tushunishadi va kelajakda mahsulotlarni saqlashda ta'mi va boshqa tovarbop sifatlarini saqlab qolish uchun barcha sa'y-harakatlarni ishga solishni reja qilib qo`yilgan.
Mazkur loyihaning dolzarbligi shundan iboratki, "Ne'matjon Ikromjon Dilnoza" fermer xo'jaligi 10 yildan ko‘proq vaqt mobaynida olma va gilos etishtirish bilan shug'ullanadi va yetishtirgan hosilini nisbatan arzon narhda vositachilar orqali Rossiyaga sotadi. Hosilni keyinroq ma’qulroq narxlarda sotish uchun unda imkoniyati yo'q. Qo'shni fermer xo'jaliklarida ham saqlash imkoniyati mavjud emas. Aytaylik hosilni boshqa xudud sovutgichlariga joylashtirish imkoniyatini topgan taqdirida ham, boshqa noqulayliklar yuzaga keladi, chunki eng yaqin sovuqxonasi mavjud punkt fermer xo'jaligidan 25 km, qayta ishlash korxonasi esa 30 km uzoqlikda joylashgan.
“Sovuqxona qurib bitkazilgunga qadar, bu yilgi hosilimni qayta ishlash uchun Pop tumaniga olib borib topshirdim. Chortoq va Pop tumanlari viloyatning turli qismlarida joylashganligini hisobga olsak, etkazib berish oson bo'lmadi. Loyihamiz istiqbolli, meva va sabzavotlarni uzoq muddat saqlay olish fermer xo'jaligi uchun iqtisodiy jihatdan juda foydalidir, bundan tashqari, saqlash maydoni katta bo‘lganligi bois, kelajakda o‘zimizning hosildan tashqari boshqa bog'bonlarning ham hosilini saqlab berish bo‘yicha xizmat ko'rsatishimiz mumkin. Misol uchun, qurilish bosqichining o‘zidayoq 15 nafarga yaqin odam kelajakda hosilini saqlashga qo‘yishimiz talabi bilan murojaat qildi, - deydi fermer xo'jaligi rahbari Ne'matjon Boltaboev.
Quvvati 400 tonna bo'lgan yangi infratuzilma inshootining yaratilishi fermerlarning yil davomida, erta pishar bahor navlaridan to kuzgi kech pishar hosillarini saqlash bo‘yicha ehtiyojlarini qondirishi mumkin. Loyihaning ishga tushirilishi natijasida kamida 20 ta yangi ish o'rinlari yaratish, shu jumladan 15 nafar ayolni ish bilan ta'minlash rejalashtirilgan.
Eslatib o'tamiz, mazkur sovuqxona tashkil etish bo‘yicha loyiha biznes g'oyalar tanlovi g'oliblaridan biri bo'lib, may oyida tanlov natijasi e’lon qilingan edi. Qisqa vaqt o'tganiga qaramay, loyiha bo‘yicha qurilish va jihozlash ishlari yakunlanib, sovuqxona ishga tushirildi. Ayni paytda, agregatlarni sinovdan o‘tkazish yakunlanib, dastlabki 80 tonna olma saqlashga qo‘yildi.
Biznes g‘oyani amalga oshish uchun loyiha nafaqat zarur asbob uskunalarni olib berish bo`yicha texnik ko‘mak ko‘rsatdi, balki mahsulotlarini eksport qilishlarida zaruriy bo‘lgan iqlim o'zgarishi xatarlariga moslashish choralari, marketing va biznes-reja tuzish, sug'urtalash, yetishtirilgan mahsulotni standartlashtirish va sertifikatlash bo'yicha zarur bilim va ko'nikmalarga ega bo'lishlari uchun ham imkoniyat yaratib berdi.
Namanganning olmasi, anori bor... taniqli qo'shiq satrlari shunday yangraydi. Yangi yil arafasida butun dunyo do‘konlari va bozorlari meva va sabzavotlarga to'la bo`lganbir paytda bizning Namanganda, xususan, "Ne'matjon Ikromjon Dilnoza" fermer xo'jaligida yetishtirilgan hosil ham yaqin va uzoqdan kelgan mevalar kabi rastlardan munosib joy egallab, bayram va oddiy kunlarda xaridorlariga shodlik baxsh etadi deb umid qilamiz.
28.12.2020
12:49