Jamoatchilik ekspertizasi oʼtkazilgan yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida
“Oʼzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʼgʼrisida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari oʼtkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Misol uchun, Oʼzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʼzbekiston Respublikasida yongʼin xavfsizligini taʼminlash tizimining samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Qarori (ID-27140) loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan oʼtkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1.Loyiha 3-bandi 2-xatboshiga koʼra, “2022 yil 1 yanvardan boshlab mamlakatimizda mulkni yongʼindan majburiy sugʼurtalash mexanizmini bosqichma-bosqich joriy etish” belgilangan.
Biroq, mulkning barcha shakllariga va turiga nisbatan bu kabi majburiy talablarning belgilanishi maqsadga muvofiq emas.
Qolaversa, bu amaliyotda ortiqcha talablarning oʼrnatilishiga, sunʼiy byurokratik toʼsiqlarning yaratilishiga olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, bu kabi qatʼiy va majburiy talablarning belgilanishi amaliyotda yongʼinlarning oldini olish uchun samarali usul hisoblanmaydi.
Shu bois, loyihada mulkni yongʼindan sugʼurtalash majburiy ekanligini belgilash maqsadga muvofiq emas.
2.Loyiha 5-bandi “b” kichik bandiga koʼra, “2022 yil 1 yanvardan boshlab ijtimoiy soha hamda xavflilik omili yuqori va oʼta yuqori boʼlgan obʼektlarning loyiha hujjatlari davlat yongʼin nazorati organlarida yongʼin xavfsizligi yoʼnalishi boʼyicha ekspertizadan oʼtkaziladi”, - deb belgilangan.
Biroq, mazkur ekspertizaning qanday sabablar va asoslarga koʼra joriy etilishi asoslantirilmagan.
Vaholangki, hozirgi kunda amaliyotda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish hamda bir vaqtda obʼektning zilzilaga bardoshliligi va yongʼin xavfsizligi boʼyicha loyihaviy yechimlarini ekspertizadan oʼtkazish boʼyicha davlat xizmatlari koʼrsatishning Maʼmuriy reglamenti mavjud boʼlib, ushbu Reglament binolar, inshootlar va boshqa obʼektlar qurilishining loyiha-smeta hujjatlarini yongʼin xavfsizligi boʼyicha loyihaviy yechimlarini ekspertizadan oʼtkazish tartibini ham belgilaydi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 fevraldagi PQ-4193-sonli qarori 3-ilovasi 10-bandiga koʼra, yongʼin qoidalari va obʼektni muhofaza qilish boʼyicha tegishli idoralar xulosalarini murojaatchidan talab etishni taqiqlash, zarur maʼlumotlarni idoralararo elektron hamkorlik yoʼli bilan taqdim etish belgilangan.
Koʼrinib turganidek, mazkur normada keltirilgan masalalar amaldagi qonunchilik bilan tartibga solingan.
Yuqoridagi talabning joriy etlishi esa, amaldagi tartibni ogʼirlashtirishni, qoʼshimcha ruxsat berish tartib-taomilini joriy etishni nazarda tutadi.
Bu esa, oʼz navbatida, mamlakatning xalqaro maydondagi obroʼsiga salbiy taʼsir koʼrsatishi hamda investitsiyaviy jozibadorligining, ishbilarmonlik muhitining yomonlashishiga olib kelishi mumkin.
Ushbularni inobatga olgan holda, loyihada bu kabi qoʼshimcha talablarning joriy etilishini nazarda tutish maqsadga muvofiq emas.
3.Loyihaning 5-bandi “g”-kichik bandiga koʼra, “gaz plitalari, tabiiy gaz va muqobil yoqilgʼi (yonilgʼi)da ishlaydigan isitish uskunalarini mahalliy ishlab chiqarishda hamda sotishda ularning toʼplamiga tabiiy va is gazini barvaqt aniqlaydigan, xabar beradigan, gazni tarmoqdan klapan orqali uzib qoʼyadigan gazosignalizatorlar kiritilishi majburiy etib belgilanadi”.
Biroq, bu gaz plitalari, tabiiy gaz va muqobil yoqilgʼi (yonilgʼi)da ishlaydigan isitish uskunalarini mahalliy ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar uchun ishlab chiqarish jarayonida ortiqcha moliyaviy mablagʼlarni sarflanishiga olib kelishi mumkin.
Shu bois, gazosignalizator uskunalarini majburiy oʼrnatish masalasini avvalo,chuqur moliyaviy-iqtisodiyhisob-kitoblar va tahlil asosida tegishli ekspert, mutaxassis va tadbirkorlik subʼektlarini jalb qilgan holda oʼrganib chiqish lozim.
Shuningdek, gazosignalizator uskunalarini ekspluatatsiya qilish tartibi va ularga qoʼyiladigan texnik talablar amaldagi qonunchilikda belgilanmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda tadbirkorlik subʼektlari uchun ortiqcha maʼmuriy cheklovlarni joriy etilishiga yoʼl qoʼymaslik maqsadida,loyihada tabiiy gaz va muqobil yoqilgʼi (yonilgʼi)da ishlaydigan isitish uskunalarini mahalliy ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar uchun gazosignalizator uskunalarini majburiy oʼrnatish masalasini tegishli moliyaviy-iqtisodiyhisob-kitoblar, tahlillar oʼtkazgan holda qayta koʼrib chiqish lozim.
4. Loyiha 7-bandi 4-xatboshiga koʼra, “Oʼzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi (T.А. Xudaybergenov):
...
tabiiy va is gazidan zaharlanish, havo-gaz chaqnashi va yongʼin profilaktikasini amalga oshirishga, pech va dudburonlarni qurish, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʼrsatishga moʼljallangan “Hayot faoliyati xavfsizligi” davlat muassasasini vazirlik huzurida tashkil etishni nazarda tutuvchi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari loyihalarini kiritsin”, - deb belgilangan.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 iyuldagi PF-6019-sonli Farmoni 2-bandi “b” kichik bandiga koʼra:
“davlat ishtirokidagi xoʼjalik yurituvchi subʼektlarning, shuningdek ularning affillangan shaxslarining va xoʼjalik faoliyatini amalga oshirish vakolatlari berilgan davlat muassasalarining taʼsis etilishiga (tashkil etishga tashabbus koʼrsatishga) quyidagi holatlarda yoʼl qoʼyilmaydi:
bitta tovar bozorida beshta va undan ortiq xususiy tadbirkorlik subʼektlari faoliyat yuritib kelayotgan sohalarda;
davlat organlari tomonidan oʼzlariga litsenziyalash, roʼyxatga olish, akkreditatsiyadan oʼtkazish va ruxsat berish vakolati berilgan sohalarda.
Аmaldagi qonunchilikka koʼra, ushbu sohada boshqa tadbirkorlik subʼektlari ham faoliyat koʼrsatib kelmoqda.
Yuqoridagi normaning belgilanishi hamda sohadagi vakolatli organ hisoblangan vazirlik huzurida bunday davlat muassasasining tashkil etilishi esa, tadbirkorlar faoliyatining asossiz cheklanishiga, raqobat muhitining yoʼqolishiga olib kelishi mumkin.
Shu bois, loyiha 7-bandi 4-xatboshisini chiqarib tashlash lozim.
5. Loyiha 7-bandi “b” kichik bandi toʼrtinchi xatboshisiga koʼra:
“Oʼzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi (T.А. Xudaybergenov):
...
b) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda quyidagi Hukumat qaror loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
...
uch oy muddatda tadbirkorlik subʼektlariga Oʼzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi balansidagi tadbirkorlar uchun jozibador hududda joylashgan binolar va boʼsh yer uchastkalarini berish hisobiga amaliy mexanizmlarni qoʼllagan holda yangi binolarni va koʼp qavatli uylarni qurish hamda rekonstruktsiya qilish toʼgʼrisida;
...”.
Taʼkidlash lozimki, yuqorida keltirilgan masalalar amaldagi qonunchilik bilan tartibga solingan.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 avgustdagi PF-5505-sonli Farmoni 3-bandiga muvofiq davlat organlari tomonidan qonunlarni, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining qarorlarini ishlab chiqish hamda qabul qilish tashabbusiga faqatgina ushbu organlarning koʼtarilayotgan masalalar yoki muammolarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan amaldagi normalar va maʼmuriy tartib-taomillar orqali hal qilish vakolati boʼlmagan taqdirda yoʼl qoʼyiladi.
Shundan kelib chiqib, loyiha 7-bandi “b” kichik bandi toʼrtinchi xatboshisini chiqarib tashlash lozim.
11.01.2021
15:32