Tadbirkorning qonuniy manfaatlari himoya qilindi
Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasiga uning aʼzosi «Neftgazmontaj» MChJ murojaat qilib, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda amaliy yordam soʼragan.
Palata aʼzosining murojaati oʼrganib chiqilganda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 sentyabrdagi PQ-3928-son «Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida»gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent shahar idoralararo komissiyasining 2018 yil 29 dekabrdagi xulosasi asosida «Neftgazmontaj» MChJga nisbatan bir yil dovomida asossiz ravishda taʼsirchan soliq mexanizmi qoʼllanilib kelingan va buning oqibatida jamiyatga 300 mln. soʼmdan ortiq zarar yetkazilgan.
Palata aʼzosiga nisbatan qoʼllanilgan taʼsirchan soliq mexanizmi toʼxtatilishi va noqonuniy undirib olingan pul mablagʼlarini qaytarilishi toʼgʼrisida Savdo-sanoat palatasi tomonidan «Neftgazmontaj» MChJ manfaatida Oʼzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʼmitasi yirik soliq toʼlovchilar boʼyicha hududlararo davlat soliq inpektsiyasiga nisbatan sudga daʼvo ariza bilan murojaat qilingan.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan Savdo-sanoat palatasining daʼvo talablari qanoatlantirilib, javobgar Oʼzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʼmitasi yirik soliq toʼlovchilar boʼyicha hududlararo davlat soliq inpektsiyasi hisobidan «Neftgazmontaj» MChJ foydasiga 300 mln. soʼm miqdoridagi mablagʼ undirib berilgan va, shu tariqa, Palata aʼzosining huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilindi.
25.01.2021
08:56