Bahorgi agrotexnik tadbirlar avjida
Joriy yilning 23-25 fevral kunlari Savdo-sanoat palatasi hamda BMT Taraqqiyot Dasturining hamkorligida Rossiya Fedaratsiyasining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan «Farg‘ona vodiysida fermerlarni iqlim o‘zgarishi xatarlariga moslashishi va barqarorligini oshirish» loyihasi doirasida bahorgi agrotexnik tadbirlarga bag‘ishlab tashkil etilgan tadbirda 90dan ortiq fermer xo‘jaliklarining vakillari ishtirok etishdi. Bugungi kunda, aynan o‘zgaruvchan ob-havo sharoitida, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazilishi ular uchun juda muhimdir.
O‘tgan haftada ob-havo bizni +25 С0 bahorgi iliqlik bilan xursand qilgan bo‘lsa, bugun esa harorat ayrim joylarda -20 С0ga tushib ketishi kuzatilmoqda. Holbu-ki, kelayotgan sovuq ob-havo haqida sinoptiklar va Favqulodda vaziyatlar vazirligi kamida 10 kun, bir xafta avvaldan ogohlantirish bergan edi. Lekin ming afsuski, hamma ham kerakli choralarni ko‘ra olmadi.
Bugungi kunda aksariyat dehqonlar sovuqqa qarshi tutatish va bo‘ktirib sug‘orish uslublarini qo‘llamoqdalar, lekin bular bir martalik choralar bo‘lib turg‘un sovuqlarda himoya qilish uchun etarli emas. Shuning uchun ham barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z ichiga olgan kompleks yondashuvdan foydalanish muhimdir.
"Har bir agrotexnik tadbir bir-biri bilan uzviy bog‘liqdir, chunki darxatning yaxshi immunitet hosil qilishi hamda noqulay sharoitlarga nisbatan chidamliligini oshirish uchun butash, chopish, mineral o‘g‘itlash kabi tayyorgarliklar kuzdan boshlanishi kerak . Daraxt ham insonga o‘xshaydi to‘yib ovqatlanmasa, to‘liq himoyalanmasa – u zaiflashib qoladi”, - deydi seminar treneri, agronom Erkin Usmonxo‘jayev.
Ko‘rilgan dolzarb mavzudan tashqari, bahorgi shakl berish, sug‘orish, tuproqqa ishlov berish, o‘g‘itlash, ko‘chat tanlash xusususiyatlari, shuningdek o‘simliklarning rivojlanish fenologiyasiga ko‘ra himoya vositalari va o‘g‘itlardan foydalanish, kasalliklar va zararkunandalarning tarqalishining oldini olish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Seminar yakunida ishtirokchilarga Erkin Usmonxo‘jayev muallifligi ostida yaratilgan bog‘dagi agrotexnik tadbirlarga oid qo‘llanmalar taqdim etildi. Tasvirlar bilan boyitilgan ushbu nashr avvalgi seminar ishtirokchilarining o‘zbek tilida izoh beruvchi qo‘llanmalar yetishmasligi to‘g‘risidagi takliflariga binoan mazkur loyiha doirasida ishlab chiqib, chop ettirildi. Qo‘llanmada bog‘ni parvarish etishda ko‘chat tanlashdan boshlab, to hosilni yig‘im-terimdan keyingi saqlashga qo‘yishgacha bo‘lgan jarayonlar yuzasidan tavsiyalar hamda 11 ta mevali daraxtlar misolida parvarish qilish bo‘yicha maxsus jadvallar joy olgan.
01.03.2021
14:24