Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov Farg‘onada tadbirkorlar bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov Farg‘ona shahridagi “Tadbirkorlar uyi”da farg‘onalik tadbirkorlar va ishbilarmonlar bilan uchrashdi. Uchrashuvda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, respublikadan kelgan tegishli vazirliklar, tashkilot va idoralar rahbarlari ham qatnashdilar. Tadbirni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov olib bordi.
Tadbirkorlikni rivojlantirishda yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rganish, asosan respublika miqyosidagi idoralarning to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuvini talab etadigan masalalarni hal qilish maqsadida o‘tkazilgan tadbirda 250 tadan ortiq murojaatlar kelib tushdi.
Viloyat rahbarining tadbirkorlar bilan doimiy muloqoti natijasida ko‘plab muammolar hal etilib kelinayotganini ta'kidlagan murojaatchilar, o‘z tadbirkorliklarini rivojlantirish uchun qonunchilikda mavjud ba'zi byurokratik to‘siqlarni olib tashlash bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosariga takliflarini bildirdilar.
So‘xlik tadbirkorning tumanda bojxona punkti yo‘qligi sababli mahsulotini qo‘shni Qirg‘izistonga jo‘natish uchun avval Farg‘onaga olib kelishga majbur bo‘layotgani, o‘zi tashkil etmoqchi bo‘lgan logistika markazida bunday bojxona xizmati yo‘lga qo‘yib berilishi so‘xlik tadbirkorlarning harajatini ancha kamaytirishi haqidagi taklifi ham juda o‘rinli qabul qilindi.
100 nafardan ziyod tadbirkorlar nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi qurish, chorvachilik, qandolatchilik, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash kabi yo‘nalishlarda tijorat banklaridan kredit olishda amaliy yordam so‘rab, banklarning viloyat filiallariga bu borada vakolatni kengaytirib berish bo‘yicha murojaat qildilar. Ularning masalalari tegishli tartibda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Botir Zohidov hamda tijorat banklarining respublika boshqaruvi rahbarlari ishtirokida ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiev ham ishtirok etib, soliq masalalariga oid muammosi bo‘lgan 20 nafarga yaqin tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazdi. Bugungi kunda respublikamizning barcha hududlarida dolzarblik kasb etgan soliq qarzdorligi va QQS bilan bog‘liq har bir murojaat diqqat bilan tinglangach, zarur tushuntirishlar berildi, muammolar yechimi yuzasidan har birini alohida ko‘rib chiqilishi belgilab olindi.
Bundan tashqari tadbirkorlik faoliyati uchun zarur bo‘lgan ruxsatnomalar olish, kommunikasiya tarmoqlariga ulanish, bo‘sh turgan bino va inshootlardan foydalanish, bojxona to‘lovlarida imtiyozlar olish va boshqa turli masalalarda Respublika vazirliklari va idoralari ruxsati va aralashuvi talab etiladigan murojaatlar kelib tushdi.
Murojaatlarning ijrosi yuzasidan tegishliligi bo‘yicha mas'ul mutasaddilarga aniq vazifalar berildi. Qonuniy jihatdan qanoatlantirish imkoniyati mavjud bo‘lmagan murojaatlar bo‘yicha tadbirkorlarga tushunchalar berildi hamda loyihalarini takomillashtirish bo‘yicha amaliy yordam berilishiga kelishildi.
01.04.2021
09:13