Savdo-sanoat palatasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud sudyalari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi
Joriy yilning 6 aprel kuni Savdo-sanoat palatasida Palata IQ va uning hududiy boshqarmalari mas'ul xodimlari ishtirokida Oliy sudning tegishli yo‘nalishdagi sudyalari bilan videokonferensaloqa shaklida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy sudning Fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlov xay'ati sudyasi J.Tirkashev, Ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov xay'ati sudyasi M.Eshimbetov, Palata IQ mas'ul xodimlari, Palataning viloyat hududiy boshqarmalari boshliqlarining huquqiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari va yuridik sektor xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida Oliy sud sudyalari tomonidan sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Fuqarolik prosessual va Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining Kodekslariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida bir qator tushunchalar berildi.
Xususan, prosessual kodekslarga kiritilgan asosiy o‘zgartirishlarga ko‘ra:
- apellyasiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori qabul qilingan kundan e'tiboran bir oy ichida berilishi mumkin (ilgari yigirma kun ichida);
- kassasiya shikoyati (protesti) apellyasiya sudining ajrimi qabul qilingan kundan e'tiboran bir yil ichida berilishi mumkin (ilgari olti oy ichida);
- ish kassasiya tartibida ko‘rilishidan oldin apellyasiya tartibida ko‘rilgan bo‘lishi lozim;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri sudlarining hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari ustidan berilgan apellyasiya shikoyat (protest)lari Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati tomonidan ko‘riladi (ilgari viloyat sudlari o‘zlari ko‘rgan);
- fuqarolik ishining yakka tartibda va hay'atda kassasiya tartibida takroran ko‘rish 5 nafar sud'yadan iborat tarkibda amalga oshiriladi.
Shuningdek, tadbir davomida Palata tomonidan tadbirkorlik sub'ektlari manfaatida da'volar, arizalar va shikoyatlar kiritish amaliyotida vujudga kelayotgan muammolar va tushunmovchiliklar, shuningdek, qonun normalarining qo‘llanishidagi turli masalalar muhokama qilinib, sud'yalar tomonidan ushbu masalalar bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
07.04.2021
16:46