Sirdaryo viloyatida tadbirkor 70 nafar mahalla yoshlarini ish bilan ta'minladi
Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 13 aprel' kuni yoshlar bandligini ta'minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Ma'lumki, 2021 yil mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nomlanib, bu borada davlat dasturi qabul qilindi.
Mamlakatimiz bo‘yicha 648 ming nafar ishsiz “Yoshlar daftari”ga kiritilgan bo‘lsa, birinchi chorakda shundan 283 mingining bandligi ta'minlangan. Xususan, 175 ming nafar yoshga 45 ming gektar yer maydoni ajratilgan. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida 36 mingta qo‘shimcha to‘garak tashkil etilib, 874 mingga yaqin o‘g‘il-qiz jalb etilgan. “Besh muhim tashabbus” doirasida ta'lim muassasalari, kutubxona va o‘quv markazlariga 97 mingta san'at va sport inventari, komp'yuterlar, 562 mingta badiiy kitob yetkazib berilgan.
Ushbu yig‘ilishda, mutasaddilarga yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi imkoniyatlarni yanada kengaytirish va bandligini ta'minlash bo‘yicha yangi mexanizm joriy etish vazifasi qo‘yildi. Bu tizimda xalqqa ham, tashkilotlarga ham ma'qul bo‘ladigan bir qancha imtiyozlar belgilanadi.
Jumladan, 1 maydan boshlab yoshlarni ishga qabul qilgan korxona va kompaniyalarga ushbu xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq qaytarib beriladi. Shuningdek, 1 iyundan boshlab, “yoshlar daftari”ga kirgan talabalar korxona va kompaniyalarda amaliyot o‘taganda, ularga 500 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Birinchi marta ishga kirgan kasb-hunar markazi bitiruvchilari 6 oygacha daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladi. “Yoshlar daftari”ga kirgan 5 nafardan ortiq ishsizlar bandligini ta'minlagan tadbirkorlarga 1 maydan boshlab davlat mulki ijarasi uchun 50 foizgacha imtiyoz beriladi. Shuningdek, ijaraga bino olib, o‘z biznesini boshlayotgan yoshlarga, bir yillik ijara summasining 30 foizigacha qismi qoplab beriladi.
Bu kabi imtiyozlar yurtimiz tadbirkorlarini yanada ilxomlantirmoqda. Xususan, Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida faoliyat qilib kelayotgan "DEHQONOBOD ASL ANORLARI" agrofirmasi mahsulotlarini, ekologik toza sharoitda yetishtirilgan hamda xalqaro bozorda o‘z mahsulotlarini sotish huquqini beruvchi ISO 22000- 2018 xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritgan. Ushbu korxona bugungi kunda 70 nafar mahalla yoshlariga ish taklif qildi va ularning bandligini ta'minladi.
Bu kabi ishlar yurtimizning barcha xududlarida davom etmoqda.
15.04.2021
13:35