O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov
Vatanimiz, butun o‘zbek xalqi o‘ta og‘ir judolikka uchradi. Buyuk davlat va siyosat arbobi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov shu yil 2-sentabr kuni og‘ir kasallikdan so‘ng vafot etdi.
Islom Abdug‘aniyevich Karimov 1938-yil 30-yanvarda Samarqand shahrida xizmatchi oilasida tug‘ildi. O‘rta Osiyo politexnika instituti va Toshkent xalq xo‘jaligi institutini muhandis-mexanik va iqtisodchi mutaxassisliklari bo‘yicha tugatdi.
Mehnat faoliyatini 1960-yilda Toshkent qishloq xo‘jalik mashinasozligi zavodida boshladi. 1961-yildan 1966-yilgacha Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida muhandis, yetakchi muhandis-konstruktor bo‘lib ishladi.
1966-yilda O‘zbekiston SSR Davlat plan komitetiga ishga o‘tib, mutaxassislikdan Respublika Davlat plan komiteti raisining birinchi o‘rinbosari lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.
Islom Abdug‘aniyevich Karimov 1983-yilda O‘zbekiston SSR Moliya ministri, 1986-yilda O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti Raisining o‘rinbosari, Respublika Davlat plan komitetining raisi etib tayinlandi.
U 1986-1989-yillar mobaynida Qashqadaryo viloyati partiya komitetining birinchi kotibi lavozimida ishlab, o‘zining katta rahbarlik va tashkilotchilik qobiliyati, fidoyiligi va qat’iyati, el-yurt dardini, odamlarning tashvish va muammolari, ularning talab va manfaatlarini yurakdan his qilishi bilan g‘oyat og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy ahvolga tushib qolgan viloyatdagi vaziyatni qisqa vaqt ichida tubdan o‘zgartirishga erishdi.
Islom Abdug‘aniyevich Karimov 1989-yilning iyunidan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi etib saylandi.
O‘sha paytda respublikamiz fuqarolar urushi, qon to‘kish, millatlar va konfessiyalararo mojarolar yoqasida turgan edi. Voqealarning xuddi shunday rivoji qo‘shni mamlakatlarda amalga oshirilgan edi. Ana shunday o‘ta og‘ir davrda u o‘zining voqealarni oldindan ko‘ra bilish qobiliyati, kuchli irodasi va qat’iyati bilan xalqimiz va mamlakatimizni shunday achinarli qismatdan saqlab qoldi.
Aynan o‘sha davrda xalqimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov timsolida mard, bukilmas iroda egasi va sodir bo‘layotgan favqulodda murakkab hodisalarning mohiyatini davlat manfaatlari nuqtai nazaridan ko‘ra oladigan, o‘z Vatani va xalqi, har bir yurtdoshining taqdiri uchun alohida mas’uliyatni his eta oladigan haqiqiy rahbarga ega bo‘ldi.
1990-yil 24-mart kuni O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida Islom Abdug‘aniyevich Karimov O‘zbekiston SSR Prezidenti etib saylandi. 1991-yil 29-dekabrda muqobillik asosida o‘tkazilgan umumxalq saylovida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti etib saylandi.
Islom Abdug‘aniyevich Karimov 25-yil davomida mustaqil O‘zbekistonni boshqarib, ochiq fuqarolik jamiyati va bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat qurishning chuqur o‘ylangan strategiyasini ishlab chiqqan va uni amalga oshirgan buyuk davlat arbobi sifatida mamlakatimizda va xalqaro maydonda yuksak obro‘-e’tibor qozondi.
O‘zbekistonning suvereniteti va mustaqilligini saqlash va mustahkamlash Prezident Islom Karimov uchun hamisha eng oliy ustuvor vazifa bo‘lib keldi va u olib borgan siyosatning asosiy o‘zak tamoyili bo‘lib qoldi.
O‘zbekiston xalqi istiqlol yillarida erishilgan barcha olamshumul yutuqlar va natijalarni mamlakatimizning Birinchi Prezidenti nomi va faoliyati bilan uzviy bog‘liq deb biladi.
U haqli ravishda demokratik talablar va xalqaro mezonlarga to‘la javob beradigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muallifi bo‘lib, uni hayotga amaliy jihatdan tatbiq etishning haqiqiy kafolatiga aylandi.
1991-yilda O‘zbekiston paxta yakkahokimligining halokatli ta’siri oqibatida iqtisodiyoti biryoqlama, mo‘rt va nochor rivojlangan, aholining hayot darajasi g‘oyat achinarli ahvolga tushib qolgan qoloq agrar mamlakat edi. Respublika hayotiy muhim tovarlarning ko‘pgina turlarini, birinchi navbatda g‘alla va energiya resurslari bo‘yicha mahsulotlarni o‘zida ishlab chiqarmas va bu boradagi o‘z ehtiyojlarini ta’minlay olmas edi.
Islom Abdug‘aniyevich Karimov iqtisodiy mustaqillikka erishmasdan turib, siyosiy mustaqillikni ta’minlash mumkin emas, degan fikrning qat’iy tarafdori edi. Aynan shuning uchun ham Yurtboshimiz tomonidan mashhur besh tamoyil asosida butun dunyoda taraqqiyotning “o‘zbek modeli” deb e’tirof etilgan O‘zbekiston iqtisodiyotini tubdan isloh etish va tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish dasturi ishlab chiqildi. Bu modelning tub negizini “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan strategik yo‘nalishni amalga oshirish tashkil etadi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan O‘zbekistonda keng ko‘lamli tarkibiy islohotlar amalga oshirildi, neft kimyosi, kimyo, avtomobil sanoati, qishloq xo‘jaligi va temir yo‘l mashinasozligi, farmatsevtika, elektrotexnika, to‘qimachilik sanoati, zamonaviy qurilish materiallari sanoati kabi yuqori texnologiyalarga asoslangan mutlaqo yangi sanoat tarmoqlariga asos solindi.
Ustyurt va Sho‘rtan gaz-kimyo majmualari, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Qo‘ng‘irot soda zavodi, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar korxonasi, Andijon, Samarqand, Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi avtomobil zavodlari singari dunyo miqyosidagi noyob sanoat obyektlari barpo etildi.
Respublikamizda zamonaviy yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari, jumladan, Qamchiq tog‘ dovoni orqali o‘tadigan noyob tunnelni o‘z ichiga olgan Angren – Pop temir yo‘l tarmog‘i, Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on temir yo‘li bunyod etildi. Toshkentdan Samarqand, Buxoro va Qarshi shaharlari yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi, xalqaro aeroportlar modernizatsiya qilindi, “Navoiy” aeroporti negizida xalqaro logistika markazi tashkil etildi va O‘zbek milliy avtomagistrali qurilishi yakuniga yetkazildi.
O‘zbekistonning dunyoda eng jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan iqtisodiyotga ega bo‘lgan beshta davlat qatoridan joy olgani Prezident Islom Abdug‘aniyevich Karimov tomonidan olib borilgan islohotlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Islom Abdug‘aniyevich Karimov qishloq xo‘jaligidagi chuqur o‘zgarishlarni amalga oshirish, yerning haqiqiy egasi bo‘lgan yangi mulkdorlar sinfi – fermerlik harakatini shakllantirishning tashkilotchisi edi. Uning tashabbusi bilan jahon amaliyotida o‘xshashi bo‘lmagan, qishloqlar qiyofasini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan, qishloq ahlining hayot darajasi va sifatini shahardagidan kam bo‘lmasligini ta’minlaydigan namunaviy uy-joylar qurish dasturi amalga oshirilmoqda.
Islom Abdug‘aniyevich Karimov Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni sifatida O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligini, uning hududiy yaxlitligi va sarhadlarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan zamonaviy Qurolli Kuchlarni tubdan isloh etish, ularning jangovar salohiyati va qudratini oshirishni ta’minladi.
U tub negizida boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik va vujudga kelayotgan qarama-qarshilik va mojarolarni faqatgina tinch, siyosiy yo‘l bilan hal etishga asoslangan tinchlikparvar siyosat mujassam bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosat konsepsiyasini ishlab chiqdi va amalga oshirdi. Davlatimiz rahbari mintaqamizda va butun dunyoda tinchlik va barqarorlikni saqlashga ulkan hissa qo‘shdi.
Islom Abdug‘aniyevich Karimovning tashabbusi asosida, eski qolip va mezonlardan butunlay voz kechgan holda, keng miqyosdagi Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, ta’lim-tarbiya tizimini eng zamonaviy xalqaro standartlar bo‘yicha tubdan o‘zgartirishga qaratilgan islohotlar dasturi ishlab chiqildi va hayotga joriy etildi.
Islom Abdug‘aniyevich Karimov mamlakatimizning bugungi va ertangi kunining hal qiluvchi kuchiga aylanib borayotgan yoshlarimizning ongu tafakkuri va dunyoqarashini butunlay o‘zgartirgan, navqiron avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishning yangi prinsipial tizimini tashkil qilish va uni hayotga joriy etish ishlariga bevosita rahbarlik qildi.
Mamlakatimiz rahbari milliy-ma’naviy qadriyatlarimizga hurmat-ehtirom bilan munosabatda bo‘lish, muqaddas dinimiz, urf-odatlarimiz, bebaho tarixiy merosimizni asrab-avaylash va rivojlantirishni davlat siyosati darajasiga ko‘tardi, xalqaro maydonda O‘zbekistonning obro‘-e’tiborini oshirishga katta hissa qo‘shdi.
U fuqarolik jamiyati institutlari, avvalo, mahallaning davlat va jamiyat boshqaruvidagi nufuzini oshirish, ularning vakolat va huquqlarini kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
Islom Abdug‘aniyevich Karimovning poytaxtimiz Toshkent shahri, mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlari qiyofasini zamonaviy me’morlik talablari asosida tubdan o‘zgartirish borasidagi keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini el-yurtimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.
Islom Abdug‘aniyevich Karimov suveren va mustaqil O‘zbekistonni barpo etish, xalqparvar demokratik huquqiy davlat yaratish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvlikni ta’minlash ishiga qo‘shgan ulkan hissasi hamda bu borada matonat va jasorat ko‘rsatgani uchun O‘zbekiston Qahramoni unvoni, «Mustaqillik» va Amir Temur ordenlari bilan taqdirlangan.
Islom Abdug‘aniyevich Karimov O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi edi. Ayni vaqtda u iqtisodiyot, ilm-fan, ta’lim-tarbiyani rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun ko‘plab xorijiy mamlakatlar universitet va akademiyalarining faxriy fan doktori hamda akademigi etib saylangan. Shuningdek, u bir qancha xorijiy davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlarning faxriy unvon, orden va medallari bilan ham mukofotlangan edi.
Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘z xalqini cheksiz mehr-muhabbat bilan sevar edi va o‘zining so‘nggi kunlariga qadar butun hayotini O‘zbekistonga xizmat qilishga bag‘ishladi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, o‘zbek xalqining buyuk farzandi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning so‘nmas xotirasi barcha minnatdor yurtdoshlarimizning, butun xalqimizning qalbida abadiy saqlanib qoladi.
Sh.M.Mirziyoyev, N.T.Yo‘ldoshev, N.M.Ismoilov, R.R.Inoyatov, R.S.Azimov, D.A.Nazarmuhamedov, X.M.Sultonov, Sh.I.Solihov, I.M.Mirzaaliyev
uza.uz
04.09.2016
13:23